BMT: "Qochqinlarni ortga qaytarish ish bermaydi"

Image copyright AFP

BMTning qochqinlar bo‘yicha komissari aytishicha, muhojirlar inqirozi endilikda global masalaga aylangan va muhojirlarni ortga qaytarish "ish bermaydi".

Filippo Grandi BBC bilan suhbatda muhojirlarni qabul qilib olayotgan "sanoqli mamlakatlar"ga boshqa davlatlar ham yordam berishlari lozimligi, hamda ular moliyaviy ko‘makni oshirib muhojirlarni joylashtirishlari kerakligini aytdi.

Uning aytishicha, o‘tgan yili 20 million qochqindan faqat 1 foizi boshqa mamlakatga joylashtirilgan.

Urushlar va qiyin hayot tarzidan qochayotgan odamlarning bu kabi katta soni tarixda misli ko‘rilmagan hodisadir.

BBC odamlarning bu kabi yirik ko‘lamda ko‘chishlari dunyoni qanday o‘zgartirayotganiga bag‘ishlangan "Harakatdagi dunyo" nomli maxsus dasturlarini taqdim etishni boshladi.

Image copyright AP

Birozdan so‘ng BMTning qochqinlar bo‘yicha agentligi maxsus elchisi Anjelina Joli-Pitt BBCning Londondagi idorasida nutq so‘zlab, muhojirlikdan qo‘rqmaslikka chaqirishi kutiladi.

Janob Grandining aytishicha, suriyalik qochqinlar hatto sharqiy Osiyo va Karib orollarigacha yetib kelayotganlari "bu fenomen qanchalar global tus olgani va shuning uchun ham unga nisbatan global choralar ko‘rilishi kerak"ligini yoritdi.

Unga ko‘ra, qochqinlarga g‘amxo‘rlik qilish vazifasi "urushlar yaqinida bo‘lgan sanoqli mamlakatlar" yelkasida qolgan. Bu mamlakatlarga yuz minglab qochqinlar yog‘ilib kelgan. Ularga moliyaning 80-90 foizini 7-8 mamlakat ta‘minlab bermoqda, deydi u.

BMT qochqinlar agentligi rahbari mazkur masala yechimi uchun "juda uzoq va murakkab munozara" zarur ekanini aytdi va qo‘shimcha qildi: "Mamlakatlar o‘z chegaralarini yopib olib, odamlarni ortga qaytarib yuborishi baribir ish bermaydi".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring