Xitoy "Jahon Musulmonlar Shahri"ni qurmoqda

Yinchuan shahrini "Jahon Musulmonlar Shahri"ga aylantirish uchun 3.5 milliard AQSh dollari sarflashmoqchi.

Xabarlarga ko‘ra, rejadagi ulkan musulmoncha parkning masjidnoma qiyofadagi "Oltin saroyi" ham bo‘ladi.

Yo‘l ko‘rsatkichlari ham arabchada bitiladi.

Xuddi arablarning "Ming bir kecha" ertagidek chiroqlar o‘rnatiladi.

Xiyobon ishga tushgach, uning ruhiga mos raqs kechalari ham uyushtiriladi.

Xitoy rahbarlari yangi rejalari ish bersa, arab sayyohlari mamlakatlariga oqib kelishiga umid qilishmoqda.

Xuddi shu bois ham, ularni sig‘dirish uchun xiyobon yaqinidagi aeroport yana 83.6127 kvadrat metrga kengaytiriladi.

Qurilish ishlari 2012 yilning avgustida boshlangan ulkan parkning yana to‘rt yildan keyin ishga tushishi aytilmoqda.

Xitoy poytaxti Pekindan qariyb 1000 chaqirim g‘arbda joylashgan Yinchuan Xui musulmonlari boshqaruvchi Ninshia mintaqasining markazi sanaladi.

Umidlar

Image copyright GETTY

Yangi loyiha Xitoy hukumatining qadimdagi tarixiy va madaniy aloqalarini nazarda tutib, Arab dunyosi bilan bugungi aloqalarini yaxshilash yo‘lida qo‘yayotgan eng yirik tashabbuslaridan biri sifatida baholanmoqda.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi turli guruhlar xitoylik mas‘ullarni terrorga qarshi kurash nomi ostida mamlakatning g‘arbiy Shinjon mintaqasidagi musulmon uyg‘urlarga nisbatan tazyiq o‘tkazayotganlikda ayblashadi.

Yaqinda Xitoydan Shinjondagi ulamolar ko‘chalarda raqsga tushishga majbur qilingani va bolalarga diniy saboq bermaslik xususida ont ichtirilganliklari haqida ham xabarlar olingandi.

Shinjonning shimoliy Karamay shahrida esa, yosh yigitlarning soqol qo‘yishlari, xotin-qizlarning hijob yoki burqada jamoat naqliyot vositalariga chiqishlari taqiqlangani aytilgandi.

O‘tgan yil Ramazon oyida musulmon talabalar, o‘qituvchilar va hukumat mulozimlarining ro‘za tutishlari ma‘n etilganiga oid xabarlar ham paydo bo‘lgandi.

Shu jumladan, xitoylik mas‘ullar Shinjondagi uyg‘ur do‘kondorlarni "yo alkogol va tamaki sotishlari, aks-holda do‘konlari yopilib, o‘zlarining javobgarlikka tortilishlari" bilan ogohlantirishganiga oid xabarlar ham olingandi.

Uyg‘urlar va Xui musulmonlari

Xitoydagi uyg‘urlar etnik turkiy tilli musulmonlar sanalishadi.

Image copyright AFP

Ular mintaqa aholisining 45 foizini tashkil qilishadi.

Mahalliy aholining qolgan 40 foizi Xitoy xanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xitoy Sharqiy Turkistonni bosib olish orqali 1949 yilda mintaqada o‘z nazoratini o‘rnatgan.

O‘shandan buyon Shinjonga Xitoy xanlarini ko‘chirib keltirishda davom etib keladi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, Xitoy jamiyatida Xui musulmonlariga munosabat uyg‘urlarga qaraganda ancha yaxshi.

Xui musulmonlari xitoychada so‘zlashishadi va etnik jihatdan xitoylik xanlarga borib taqalishadi.

Ularni Xitoyda terrorchilikka ham u qadar uyg‘un ko‘rishmaydi.

Xui musulmonlariga qarshi politsiya reydlari uyushtirilganiga oid xabarlar ham deyarli ko‘zga tashlanmaydi.

Munosabat

Image copyright AFP

Xitoydagi turkiy tilli musulmon uyg‘urlarga nisbatan "repressiv" siyosat o‘tgan yil Turkiyaning ham tanqidlariga sabab bo‘lgan va mazkur voqe‘lik Istanbuldagi namoyishchilarning xitoyliklarga qarashli inshootlarga hujum qilishlari bilan yakun topgandi.

O‘tgan yil saflarida uyg‘urlar ham o‘nlab ekani aytiluvchi Yaqin Sharqdagi IShID guruhi sof xitoychada e‘lon qilgan murojaatida musulmonlarni "uyg‘onish" va "bir asrlik qullikdan qutilish"ga ham da‘vat etgandi.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, mavjud voqe‘lik Xitoy hukumatini jiddiy xavotirga solmay qo‘ymagan.

Ularning aytishlaricha, xuddi shu bois ham, rasmiy Pekin so‘nggi yillarda Xitoyda islomning ijobiy qiyofasini yaratish harakatiga tushib qolgan.

Xitoy prezidenti esa, o‘tgan yil, hatto, Yaqin Sharqda o‘z ta‘sirlarini oshirishga qaratilgan osmono‘par rejalarini ham rasman ochiqlagandi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, rasmiy Pekinning "Jahon Musulmonlari Shahri" parki loyihasi ham Xitoy hukumati talqinidagi Islomni targ‘ib etish maqsadini ko‘zda tutgan.

Xabarlarga ko‘ra, ancha-muncha ishi bitib qolgan musulmoncha yangi park, hozircha, sayyohlarning e‘tiborlarini u qadar o‘ziga jalb eta olmagan.

Yangi loyiha tanqidchilarining nazdlarida esa, inson huquqlari va so‘z erkinligi poymol etilayotgan bir manzarada Xitoyning musulmoncha Disneyland g‘oyasi mamlakatning qiyofasini chetga sun‘iy yo‘llar bilan go‘zallashtirib ko‘rsatishga qaratilgan navbatdagi serxarj va puxta o‘ylanmagan tashabbusidan o‘zga narsa emas.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq