Sakkiz yillik begunoh "qotil"

Image copyright Reuters

Ko‘pchilikning aqlini shoshirgan bu kabi g‘ayriodatiy hodisa qo‘shni Afg‘onistonning g‘arbiy Hirot viloyatida yuz beradi.

Qotillikda aybdor, deb topilib, sakkiz yil umrini qamoqxonada o‘tkazgan Abdulqodir avf etilib, ozodlikka chiqadiyu, o‘zi o‘ldirgani iddao qilingan turmush o‘rtog‘ini tirik topib oladi.

Abdulqodir rafiqasi Najibaning go‘zallik saloniga o‘t ketib, u yerdan bir ayol kishining tanib bo‘lmas darajada kuyib ketgan jasadi topilishi ortidan hibsga olinadi.

Mas‘ul politsiya xodimlari bu turishida jasadning shaxsini aniqlashdan ojiz qolishadi.

Najibaning otasi esa, kuygan jasad qiziniki ekani va go‘zallik saloniga kuyovi Abdulqodir o‘t qo‘yganini aytib, politsiya idorasiga shikoyat qiladi.

Qayin otasi va qayin og‘alarining sudda bergan guvohliklari ortidan, Hirot mahkamasi Abdulqodirni "qotillik"da aybdor, deb topadi va 16 yillik qamoq jazosiga hukm etadi.

Ammo ham tergov va ham mahkama jarayonida to‘rt farzandning otasi bo‘lgan Abdulqodir o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarga iqror bo‘lmaydi.

Hirot qamoqxonasida mahkama hukmini o‘tashni boshlagan Abdulqodir qariyb sakkiz yil deganda avf etiladi va o‘tgan oy ozodlikka chiqadi.

O‘tgan hafta esa, Abdulqodir kutilmagan telefon qo‘ng‘irog‘i oladi.

Unga qo‘ng‘iroq qilgan ayol muhim gapi borligini aytib, Abdulqodirning Hirot Jome‘ masjidi xiyoboniga kelishini so‘raydi.

Abdulqodirning, "Kimsiz?", degan savollarini esa, bejavob qoldiradi.

Uchrashuv joyida o‘zining niqob va qora chodirda bo‘lishini aytish bilangina cheklanadi.

Notanish ayolning qo‘ng‘irog‘idan farzandlari va ukasini boxabar etgach, Abdulqodir ayol tayin etgan joyga boradi.

"Jome‘ masjidiga borib, u notanish ayolni topdim. Avval aytganidek, yuziga niqob tortilgan, boshiga esa, qora chodir tashlangan edi. Oldiga bordim. Joyidan turib salom berdi. "Meni tanidingmi?", deb so‘radi. "Yo‘q", dedim. Yana qayta so‘radi. Shunda ham tanimaganimni aytgach, bir xilvat joyga boraylik deydi. Bordik. Yuzidagi niqobini oldi. Qarasam, turmush o‘rtog‘im. Hayajonlanib, hayratdan qotib qoldim. "Sen o‘lganding-ku", - deb aytdim. U bo‘lsa, xoliroq bir joyda hali hammasini senga aytib beraman, dedi", - deydi Abdulqodir.

Turmush o‘rtog‘ining tirik ekaniga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lgan Abdulqodir bu haqda zudlik bilan politsiya xodimlariga xabar beradi.

Ular esa, Najibaga qo‘shib, uning otasi va uch birodarini ham hibsga olishadi.

Begunoh ekaniga qaramay, umrining qariyb sakkiz yilini qamoqxonada o‘tkazgan Abdulqodir "menga qilgan zulm-sitamlari uchun aybdorlar o‘z jazolarini olishsin, adolat qaror topsin, o‘zim, turmush o‘rtog‘im va farzandlarimning haqlari berilsin", - deydi.

Uning to‘ng‘ich qizi ham yuz bergan hodisada onasining hech bir aybi yo‘qligi, bobosi, buvisi va tog‘alari hamisha onasiga tahdid qilib kelishganini aytadi.

"Bu mojaroda onamning hech bir aybi yo‘q. Davlatdan istagimiz onamni qo‘yib yuborib, buning o‘rniga, ularga jazo bersin", - deydi u.

Abdulqodir ishsiz va hozir to‘rt farzandi bilan ukasining uyidan boshpana topgan.

Image copyright AFP

Politsiya xodimlari Najiba doxil qo‘lga olinganlar ustidan allaqachon tergov jarayonini boshlab yuborishgan esa-da, sakkiz yil burungi yong‘in ortidan topilgan jasad kimniki ekani hanuz noma‘lumligicha qolmoqda.

Hirot viloyati Politsiya boshqarmasi matbuot voizining bildirishicha, hibs ostidagi oltovlondan hech biri bu yong‘inga mas‘uliyatni o‘z zimmalariga olishmagan.

Mahalliy huquqshunoslarga ko‘ra, yuz bergan hodisa ortidan, davlat yetkazilgan moddiy va ma‘naviy ziyon uchun Abdulqodirga tovon puli to‘lashi lozim.

Ammo, Hirotdagi muxbirimiz Humoyun Hadidning aytishicha, hozircha, Abdulqodir bir tiyin ham olmagan.

Hirot Himoyachilar anjumani tashkiloti mas‘uli uning ishini viloyat prokuraturasi va mahkamasida qayta ko‘tarish istagida ekanini ma‘lum qilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq