"Musulmonlarga: Ekstremistlarni topshiring"

Image copyright Getty

Bunday da‘vat bilan AQSh prezidentlik saylovlarida asosiy respublikachi nomzod sifatida ko‘rilayotgan milliarder Donald Tramp chiqqan.

Donald Tramp bu haqda Buyuk Britaniyaning ITV telekanaliga bergan suhbati chog‘ida bayon qilgan.

Respublikachi nomzodga ko‘ra, u musulmonlarga emas, terrorga qarshidir.

Uning bu so‘zlari britan Bosh vaziri Devid Kemeronning o‘ziga qarshi qaratilgan tanqidlariga javoban yangragan.

Donald Tramp o‘tgan yil oxirida o‘tkazgan saylovoldi kampaniyalaridan birida AQShning eshiklarini musulmonlarga yopish da‘vati bilan chiqqan.

Amerikalik respublikachi nomzodning bu chiqishi dunyo bo‘ylab katta shov-shuv, norozilik va tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Britan Bosh vaziri Devid Kameron ham uning bu chaqirig‘ini bee‘tibor qoldirmagan.

U Donald Trampning qilgan ishini "nojoiz" atab, o‘zini "nifoq urug‘ini sochayotgan esini yeb qo‘ygan inson" sifatida ta‘riflagandi.

Donald Trampning musulmonlarga qarshi ilk da‘vati yangragan paytda hech kim uning saylovlarda Respublikachi partiyadan asosiy nomzod bo‘lishi haqida o‘ylamagandi.

Iddaolar

Image copyright getty image

Respublikachi nomzod o‘zining o‘qtirishicha, musulmonlarga qarshi aytgan bu so‘zlari uchun faqat boshqa siyosatchilar tomonidangina tanqidlarga uchragan, xolos.

Donald Trampning da‘vo qilishicha, qilgan da‘vati ortidan, "haq ekanini aytib", dunyo bo‘ylab millionlab odamlar o‘zini qo‘llab-quvvatlashgan.

Shuncha norozilik ortidan, o‘z so‘zlaridan qaytish-qaytmasligi haqidagi savolga esa, uning javobi kalta bo‘lgan.

"Men faqat odamlarni o‘ylashga majbur qildim, xolos. Buning yaxshi yoki yomon ekani bilan esa, ishim yo‘q", - deya gapni qisqa qilgan Donald Tramp.

Respublikachi nomzodning qo‘shimcha qilishicha, "Juda yomon bir holat yuz berayapti-da, insonlar ko‘rib, o‘zlarini ko‘rmaganga olishmoqda".

Agar, janob Trampning da‘vosiga tayanilsa, butun dunyo qarshisida radikal islomiy terrorchilik muammosi turibdi.

"Butun dunyo portlamoqda"

Image copyright Reuters

"Butun dunyoga nazar soling – u portlamoqda. Bu ish bilan, tabiiyki, shvetsiyaliklar shug‘ullanishayotgani yo‘q, to‘g‘rimi?", - deya bayon qilgan nyu-yorklik milliarder.

Uning so‘nggi televizion suhbatida aytishicha, ekstremistlarni musulmonlarning o‘zlari politsiyaga topshirishlari shartdir.

"Musulmonlar politsiya bilan hamkorlik qilishlari kerak. Ular esa, bunday qilishmaydi. Agar, musulmonlar o‘yin shartlariga muvofiq o‘ynashmasa, hech bir ish chiqmaydi", - deya so‘zlarida davom etgan Tramp.

Respublikachi nomzod suhbati davomida britan Bosh vazirining o‘ziga qaratilgan tanqidlariga bir necha bor to‘xtalib o‘tgan.

AQSh prezidenti etib saylangan taqdirda, "Devid Kameron bilan munosabatlari u qadar silliq bo‘lmasligi"ni ham aytgan.

"Aftidan, u bilan munosabatlarimiz zo‘r bo‘lmaydi. Yana kim biladi, deysiz. Men, baribir, yaxshi aloqada bo‘lishimizga umidvorman. Lekin, nazarimda, britan Bosh vaziri ham bu muammoni hal etishga hozir emas", - deb aytgan u.

Sodiq Xon ham bir chetda qolmagan

Image copyright AFP

Donald Tramp, o‘z o‘rnida, London yangi hokimi Sodiq Xonning o‘zini "johil", deb atab, qilgan "yuz-xotirsizligi"ni ham unutmasligini ta‘kidlagan.

Sodiq Xon shu oy boshida Londonning ilk musulmon hokimi etib saylangandi.

U ham Donald Trampning musulmonlarga qarshi qaratilgan da‘vatlariga diqqat qilgan.

Amerikalik respublikachi nomzod "o‘zining Islomga oid johilona qarashlari bilan har ikki davlatning xavfsizligini yanada tahdid ostida qoldirgan"ini aytgandi.

Donald Tramp esa, hali o‘sha paytdayoq bunga javoban "Xon so‘zlarining o‘zi johillik bo‘lganini" bayon qilgandi.

"Men o‘zimni haqoratlangan his etdim. U meni bilmasa...Bu juda qo‘pol bayonot", - deb aytgan janob Tramp ITV ga bergan so‘nggi suhbatida ham.

Ammo ham Devid Kemeron va ham Sodiq Xonning vakillari na-da britan Bosh vaziri va na-da London hokimi Trampga qarshi aytgan so‘zlaridan qaytishlarini aytishgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zida esa, aksariyat yetakchi respublikachi siyosatchilar Donald Trampga qarshi mavqe‘da ekanliklarini yashirishayotgani yo‘q.

Ammo joriy paytda shu yil noyabr oyiga rejalangan AQSh prezident saylovlarida Respublikachi partiyadan boshqa nomzod yo‘q.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq