OI vitse-prezidenti Toshkentga keldi

Image copyright ec.europa.eu
Image caption Marosh Shevovich o‘zbek rasmiylari bilan energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qiladi

Chorshanba kuni Ovro‘po Ittifoqi Komissiyasi vitse-prezidenti Marosh Shevovich O‘zbekistonga kelgan.

Ittifoqning energetika masalalari uchun mas‘ul mulozimi Toshkentda ochilgan yigirmanchi Xalqaro neft va gaz ko‘rgazmasida ishtirok etadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan xabarda aytilishicha, janob Shevovich shuningdek, Vazirlar Mahkamasi, Tashqi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida muzokaralar o‘tkazadi.

Toshkentga safari arafasida Shevovich Yunonistonning Saloniki bandargohida o‘tgan Trans-Adriatik Gaz quvuri(TAP) loyihasining boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etgan.

870 kilometrlik gaz quvuri Yunonistondan Albaniya orqali Italiyaga qadar uzanadi.

Quvur Ozarbayjonning Kaspiydagi "Shah Deniz-2" gaz konidan qazib olinadigan gazni Italiyaga yetkazib beradi.

Ovro‘po Ittifoqiga ko‘ra, yana ikki gaz quvuri loyhalari - Turkiyadan o‘tadigan Trans-Anatoliya (TANAP) hamda Ozarbayojon va Gurjiston hududidan o‘tuvchi Janubiy Qafqos quvuri bilan birga TAP Janubiy Gaz Yo‘lagini ochib beradi.

"Qurib bitkazilgach, TAP Ovro‘poning energetika xavfsizligida muhim unsur bo‘lib xizmat qiladi", deb aytgan Shevovich janoblari Salonikidagi marosimda.

Shu tariqa Ovro‘po Ittifoqi 2020 yilga kelib, Rossiya gaziga qaramlikdan qutulishga umid qilmoqda.

Avvalroq Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekiston gazini eksport qilish yo‘llarini kengaytirish haqida Toshkentga takliflar bergani xabar qilingandi.

OI O‘zbekistonga energetika infratuzilmasini zamonaviylashtirishda ko‘mak berishga tayyorligini izhor qilgan.

O‘zbekiston o‘z gazini asosan Rossiya va Xitoyga eksport qiladi.

So‘nggi yillarda 60 milliard kubometr gazning o‘rtacha 15 milliardi Rossiyaning "Gazprom" shirkatiga sotilgan.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Rupert Joy avvalroq O‘zbekiston "Janubiy yo‘lak"ni rivojlantirishdan katta samara ko‘rish mumkinligini aytgan edi.

Inson huquqlari faollari Markaziy Osiyo, jumladan, o‘zbek gaziga ko‘z tikkan Ovro‘po Ittifoqining rasmiy Toshkent bilan parda ortidagi muloqotlaridan xavotir bildirishgan.

Ular Ittifoq mulozimlarini energetika sabab, O‘zbekistondagi inson haqlarining ayanchli ahvoliga ko‘z yummaslikka chaqirishgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring