Rustam Urazayev: "Chinorlari bor O‘zbekistonni sog‘inaman"

Image copyright bbcuzbek
Image caption Aktyor va rejissyor Rustam Urazayev hozirda Moskvada yashab ijod qiladi
"Turfa taqdirlar" ruknining navbatdagi mehmoni - aktyor va rejissyor Rustam Urazayev.

Rustam Urazayev aktyorlik faoliyatini hali maktabda o‘qib yurgan paytlaridan boshlagan.

"Birinchi rolimni 14 yoshimda ijro qilganman. O‘shandayoq bosh rolni berishgan. Darrov berishgan. Shundan keyin ketma-ket bosh rollarni taklif qila boshlashdi. Menda epizodlar va kichik rollar bo‘lmagan, darrov bosh rollarni berishgan. Omadim chopgan", deydi u BBC O‘zbek Xizmati bilan eksklyuziv suhbatida.

Uning mashhurlik cho‘qqisiga chiqishi Sho‘rolar davriga to‘g‘ri kelgandi. Rustam Urazayev o‘sha davrda SSSR tarkibida bo‘lgan turli mamlakatlar kinostudiyalarida suratga tushgan. O‘zbekiston televideniyesida ko‘ngilochar dasturlar boshlovchisi sifatida faoliyat olib borgan.

Ammo, Sovet Ittifoqi parchalanib, sobiq Sho‘ro respublikalari qatorida O‘zbekiston ham mustaqillikka erishishi ortidan Rustam Urazayevning hayoti ham o‘zgarib ketadi.

"Mustaqillik, Sho‘rolarning qulashi menga hech narsa bermadi. Men kelajagimni yo‘qotib qo‘ydim. Ishimni yo‘qotdim. Oilamni yo‘qotdim. Balki, kimlargadir yaxshi bo‘lgandir, qandlarini urishsin! Sovetlar davrida men uchun kelajak bor edi", deydi u.

"...Sho‘rolar qulaganidan keyin O‘zbekfilmda bir qaror olishdi. Hamma filmlarni o‘zbek tilida olish haqida edi bu qaror... Keyin mavzular ham faqat o‘zbekcha bo‘ldi. Birinchidan, men o‘zbek tilini bilmayman, shunaqa bo‘lib qolgan, shunaqa davrda yashaganmiz. Ikkinchidan, mening yuz tuzilishim juda ham sharqona emas. Ular menga: "Eh, o‘zbekka o‘xshamaysan sen", deyishardi. Shunaqa vaju korsonlar bilan meni suratga olmay qo‘yishdi. Televideniyeda ham ishladim... alal-oqibat, Rossiyadan baxt topish ilinjida Moskvaga keldim".

Image copyright none
Image caption "Menga darrov bosh rollarni berishardi..." deydi aktyor

U hamon vatanini sog‘inishini, ammo o‘tmishdagi O‘zbekistonni qo‘msashini aytadi.

"Men O‘zbekistonni... oltmishinchi, yetmishinchi, saksoninchi yillardagi O‘zbekistonni sog‘inaman. Toshkentni sog‘inaman. Hozir esa... borgim kelmaydi. Inqilob xiyobonini chinorlarsiz ko‘rgim kelmaydi..."

Rustam Urazayev G‘arb kinosida suratga tushgan juda kam sonli o‘zbekistonlik aktyorlardan biri hamdir. U hali Sho‘rolar davrida Frantsiya-Ispaniya kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan "Ma‘rifat" filmida bosh rollardan birini ijro etgandi.

"Bu alohida bir tarix, ammo mening omadim chopib qolgan! Men Yaltada qaysidir filmda o‘ynayotgandim, menimcha, bosh rolni ijro etayotgandim. Rejissyor Umberto Solas Yaltaga kelgan ekan, u o‘z filmlari uchun juda eski kemalarni qidirayotgan bo‘lgan. Eski kemalar butun dunyoda qimmat turadi, ammo Yaltadagi studiya arzonga taklif qilgan ekan... U mening suratimni ko‘rib qoladi. Men bilan uchrashishni istashini aytadi... meni Parijga taklif qiladi, kino sinovlarga..."

Uni O‘zbek "Alen Delon"i deb ham ataydiganlar bor. "Ammo, bu nom mening Frantsiya kinosida tasvirga tushganim bilan bog‘liq emas", deb kuladi Rustam Urazayev.

"Bu maktab davridan qolgan. Katta sinfdagi qizlar kelib: "Qara, qara, mana shu Alan Delon", deyishardi... Men esa, Alan Delon kimligini ham bilmasdim".

Rustam Urazayev bilan suhbatni BBCUZBEK YouTube kanalida tomosha qiling.
  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring