Global Gift mukofoti nega aynan Lola Karimovaga berildi?

Image copyright none
Image caption Mukofotni "Global Gift Foundation" tashkiloti nomidan aktrisa va filantrop Yeva Longoriya topshirgan

Shu kunlarda O‘zbekiston matbuotida Prezident Karimovning kenja qizi, O‘zbekistonning UNESCOdagi elchisi Lola Karimova-Tillayevaga "Global Gift" xayriya Fondi tomonidan ta‘sis etilgan gumanitar mukofot taqdim etilgani e‘lon qilindi. Xabarlarga ko‘ra, mukofot bilan taqdirlash marosimi Frantsiyaning Kann shahrida bo‘lib o‘tgan. Mukofotni "Global Gift Foundation" tashkiloti nomidan aktrisa va filantrop Yeva Longoriya topshirgan.

BBC Lola Karimova-Tillayevaning o‘ziga ham murojaat qilib, bu xabar yuzasidan intervyu olmoqchi bo‘ldi, biroq bunga javoban u quyidagi yozma e‘tirofni bizlarga yubordi.

"Ushbu mukofot barchamiz uchun kutilmagan xushxabar bo‘ldi. Biz olib borayotgan ishga boshqa xayriya tashkilotlar tomonidan shunday katta e‘tibor ko‘rsatilganidan biz benihoyat mamnunmiz. Fondimiz uchun dunyoda biz bilan hamfikr bo‘lgan, yordamga muhtoj bolalarga ko‘mak beruvchi ko‘pgina insonlar borligini ko‘rish juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu bizlarga katta kuch va dalda beradi hamda qilayotgan ishimiz to‘g‘riligi va kerakligiga ishonchimizni yanada mustahkamlaydi".

Biz ushbu tashkilotning Marketing direktori Hezel Gormliy-Li (Hazel Gormley-Leahu) bilan bog‘lanib, avvaliga "Global Gift Foundation" nimalar bilan shug‘ullanishi haqida so‘radik.

Hezel Gormliy-Li: Biz Ispaniyaning Marbeya shahrida Mariya Bravo tomonidan asos solingan xayriya tashkilotimiz. 2013 yilda faoliyat boshlaganmiz. Global Gift (Global tuhfa) nomi bilan dunyodagi 9 mamlakatda xayriya ishlarini yuritamiz. Ayni shohsupadan dunyoning filantroplari, shirkatlari va donorlari boshlarini qovushtiramiz va muxtoj insonlar uchun xayriya to‘playmiz. Oldimizga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun 9 davlatda tadbirlar tashkil qilib, imkon qadar ko‘proq pul yig‘ishga harakat qilamiz. Va mukofotga loyiq deb ishongan insonlarimizni taqdirlaymiz.

BBC: Bu gal siz O‘zbekiston Prezidentining qizi Lola Karimova-Tillayevani o‘z mukofotingizga loyiq topgansiz. Bu qarorni qaysi asoslarda olgansiz?

Hezel Gormliy-Li: Lola Karimova-Tillayeva - O‘zbekistonning UNESCOdagi vakili. U "Sen yetim emassan" nomli jamg‘arma tashkil qilgan va ko‘plab mehribonlik uylariga yordam ko‘rsatgan. Jamg‘armamiz vakillaridan biri uning ishlarini direktorlar hay‘atiga taqdim qildi. Va Karimova-Tillayeva xonimni olib borayotgan ishlari uchun taqdirlash qarori yakdillik bilan qabul qilindi.

BBC: Qaror olishda qaysi jihatlar nazarga olingan? Sizning mukofotingizni olish uchun qaysi kriteriylar qo‘llanilgan?

Hezel Gormliy-Li: Odatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi sa‘y-harakatlari, ayollarga beradigan ko‘maklari hisobga olinadi. Lola Karimova-Tillayevaning loyihalari haqida o‘qir ekanmiz, uning ishlarini ajoyib, deyish mumkin.

BBC: O‘zbekistondagi boshqa xayriya tashkilotlari haqida ham bilasizmi? Ularning barchasini bu tanlovdan oldin o‘rganib chiqqanmisizlar?

Hezel Gormliy-Li: Biz mukofotni ularning qayerdan ekaniga qarab bermaymiz. Ko‘pda ularning ishlariga qaraladi. Ular dunyoning har qanday davlatidan har qanday kishi bo‘lishi mumkin. Bu gal O‘zbekiston va Lola xonim qilayotgan ishlar uchun berildi.

BBC: Ammo, O‘zbekistonda xayriya ishlar qilayotganlar ko‘p. Nima uchun, sizlar aynan Prezidentning qizini tanlab oldingiz?

Hezel Gormliy-Li: Bu o‘rinda uning Prezident qizi ekaniga emas, balki global darajada qilayotgan ishlariga diqqat qaratildi va shuning uchun, tanlandi. Biz O‘zbekistondagi boshqa jamg‘armalar yoki xayriya tashkilotlari ishlarini taqdirlashdan mamnun bo‘lgan bo‘lar edik. Ammo, ayni holatda bizga Lola Karimova Tillayevaning loyihalari taqdim etildi va ular bizni lol qoldirdi.

BBC: O‘tmishda yana kimlar sizning mukofotingizni olishga muvaffaq bo‘lgan?

Hezel Gormliy-Li: Bundan oldin ushbu insonparvarlik mukofotiga Devid Bekxem, Dipak Chopra, Rikki Martin, Muhammad al Ansoriy, ispaniyalik Anhel-ota, will.i.am. va boshqalar sazovor bo‘lishgan. Xullas, dunyoning turli mamlakatlardan insonlar bu mukofotga loyiq deb topilganlar. Xulosa qilib aytsam, uning qaysi mamlakatdan ekaniga emas, balki qilgan ishiga qaraldi.

"Diktatorning qizi"

Prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva O‘zbekistonning UNESCOdagi elchisidir. "Sen yolg‘iz emassan" jamg‘armasining asoschisi.

2010 yilda Lola Karimova Frantsiyadagi Rue89 nashriga qarshi mahkama da‘vosini yutqizgan.

Karimova-Tillayeva xonim nufuzli nashrni o‘zi haqida "diktatorning qizi"deb yozgani uchun frantsuz mahkamasiga bergandi.

Ayni da‘vo sabab fransuz mahkamasi Islom Karimovni rasman "diktator" deb tan olgan dunyodagi yagona adliya idorasi bo‘lgan.

Rue89 jurnalistlari O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Parijdagi xayriya kechasida qatnashish uchun mashhur aktrisaga pul berganini iddao qilishgan.

Lola Karimova-Tillayeva mashhur aktrisaga pul berganini rad etgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq