Misr: Uchoq qoldiqlari topildi

Image copyright other

Payshanbaga o‘tar kechasi radarlar ekranidan yo‘qolib qolgan va so‘ngroq halokatga uchragani aytilgan yo‘lovchi uchog‘i parchalari O‘rta yer dengizi hududidan topilgan.

Keng ko‘lamli qidiruv amaliyotlari hanuz davom etmoqda. Endi uchoqning qora qutisini topishmoqchi.

Misr harbiylari chiqargan bayonotda aytilishicha, qirg‘oqdan 300 km uzoqlikda yo‘lovchilarga tegishli ashyolar va boshqa qismlar ham topilgan.

Yunoniston Mudofaa vazirligi ham inson qoldiqlari, jomadonlar va ikki o‘rindiq topilgani haqida bayonot chiqargan.

Halokatga uchragan paytida Misrning EgyptAir shirkatiga qarashli A320 uchog‘i bortida ekipaj a‘zolari bilan birga ja‘mi 66 kishi bo‘lgan.

Yo‘lovchi uchog‘i Parijdan havoga ko‘tarilgan va Qohira aeroportiga yaqinlashib qolgan paytda izsiz yo‘qolgan.

Keng ko‘lamli qidiruv amaliyotlarida Misr, Yunoniston, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Qibris, Italiya va AQSh Havo va Dengiz Kuchlari ishtirok etishmoqda.

Payshanba kuni kechqurun esa, Misr Prezidenti Abdel Fattoh as-Sisiy qidiruv ishlarini jadallashtirishga da‘vat etib chiqqan.

Image copyright Getty

Avvalroq Yunoniston qirg‘oqlaridan uchoq parchalari topilgan va ularning A320 ga tegishli ekani taxmin etilgandi.

Ammo, mahalliy mutaxassislar halicha bu xususda aniq bir to‘xtamga kelishmaganini aytishgandi.

EgyptAir shirkati uchoqlariga xos oq va moviy rangdagi parchalar esa, Yunonistonning Karpatos oroli yaqinidan topilgandi.

Shirkat vakillari ham bu xabarlarni tasdiqlashgan, ammo so‘z aynan halokatga uchragan A320 uchog‘i haqida ketayotgani borasida ishonchlari komil emasligini aytishgandi.

Uchoq bortida bo‘lgan 66 kishidan 56 nafari yo‘lovchilar bo‘lishgan.

Image copyright AFP

Ulardan 30 nafari Misr, 15 nafari Frantsiya va qolganlari yana boshqa 10 davlat fuqarolari ekanliklari aytiladi.

Yo‘lovchi uchog‘i halokati sabablari borasida turli taxminlar ilgari surilmoqda.

Misr Fuqaro Aviatsiyasi vaziri esa, payshanba kuni terakt ehtimoli anchayin haqiqatga yaqin faraz ekanini bayon qilgan.

Ammo, Misr tomoniga ko‘ra, bu xususda yakuniy bir to‘xtamga kelish uchun, baribir, uchoq qoldiqlarini topishlari shart bo‘ladi.

Shu paytgacha Misr uchog‘i halokatiga mas‘uliyatni biror bir guruh o‘z zimmasiga olib chiqmagan.

Bu haqda AQSh Federal Qidiruv Byurosi rahbari Jeyms Komi ham bayon qilgan.

Uning ma‘lum qilishicha, fojea sababini aniqlash uchun boshqa qator xorijiy davlatlar maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda ish olib borishmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq