Dunyoning eng go‘zal osmono‘parlari

Sam Rigby, BBC Culture
Image copyright Alamy

Ko‘kning bag‘rini yorgan bu muhtasham binolar, tom ma‘noda, muhandislik va me‘morchilik san‘atining eng yorqin namunalari sanalishadi. Ular qanchalar osmono‘par ekaniga qaramay, nafaqat "ishda" va ishonchli...Balki-da aql bovar qilmas darajada chiroyli ham. Xuddi shu bois ham, xorijiy sayyohlar qolib, mahalliy aholini ham o‘ziga jalb etganu qo‘ygan:

"Petronas Minoralari", Kuala-Lumpur

Image copyright Alamy

Kuala-Lumpurdagi bu "egizak" minora dunyoning qolgan barcha osmono‘par binolaridan farq qiladi. 1999 yilda ochilgan va allaqachon Malayziyaning ramziga ham aylanib ulgurgan. Bu ikki minorani rekord darajada balandlikda bir-biriga bog‘lagan ikki qavatli ko‘prikning ta‘rifiga ham til ojiz.

Moskva Davlat universiteti

Image copyright Alamy

Stalin davrining yetti osmono‘par binosidan bittasi. Qirq yilcha Ovro‘podagi eng baland bino sanalib kelingan. Undan so‘ng ilg‘orlikni Frankfurtning "Messeturm"i qo‘lga olgan. Ammo Oliy o‘quv yurtlari binolari orasidan osmono‘parlik bobida, baribir, unga yetadigani yo‘q.

"Taybey 101"

Image copyright Alamy

Tayvan poytaxtida savlat to‘kib turgan bu minora 2010 yilgacha dunyodagi eng baland bo‘ylisi sanalgan. Minora Li Tszuyuanning me‘morchilik san‘ati mahsuli hisoblanadi. Hamma tabiiy ofatlar, ayniqsa, zilzilalarga bardoshli qilib qurilgan. Shu bois ham, "Taybey" jahondagi eng xavfsiz inshoot sanaladi. Bundan tashqari, minora ramziy ma‘no ham tashiydi. 101 raqami Tayvanda yangi ibtido ma‘nosini anglatadi.

"Aylanuvchi tors", Malmyo

Image copyright Alamy

O‘ta zamonaviy va ekologiyaga uyg‘un bir ravishda qurilgan 54 qavatli bino. Bu osmono‘par binoning o‘ziga xosliklaridan biri – qayta tiklanuvchi energiyaga moslashtirilgan. Me‘mori Santyago Kalatravi. Uning aytishicha, binoni jonli mavjudotlarga qiyosan burama qilib qurgan.

Jon Henkok markazi, Chikago

Image copyright Alamy

1969 yilda ishga tushgan bu markaz zamonaviy jahon me‘morchiligida strukturalizmning eng yorqin namunasi sanaladi. Orada qanchadan-qancha osmono‘par binolar qurib tashlanganiga qaramay, hanuz Chikagoning eng asosiy ramzlaridan biri sifatida ko‘riladi.

"Shard", London

Image copyright Alamy

Rentso Pianoning bu osmono‘par loyihasi bir zumda londonliklarning qalblarini zabt etgan. Qurib bitkazilganiga bor-yo‘g‘i to‘rt yilcha bo‘lgan "Shard"ni tomosha qilish uchun ataydan Britaniya poytaxtiga kelayotgan xorijlik sayyohlarning sonlari ham ozmuncha emas. Bino shundayin balandlikda xos maydonchaga egaki, u yerdan butunboshli Londonni xuddi kaftdagidek tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.

"Kraysler-bilding", Nyu-York

Image copyright Alamy

1930-1931 yillar oralig‘ida, ya‘ni bor-yo‘g‘i 11 yilgina dunyoning eng baland osmono‘par binosi nomini saqlab qololgan, xolos. Lekin, shunga qaramay, Nyu-Yorkning o‘zida ham, chetda ham ko‘pchilikning ko‘nglidan o‘z o‘rnini yo‘qotmagan. Me‘mor Uilyam van Elenning bu mehnati mahsuli hali-hanuz ar-deko uslubining mumtoz namunalaridan biri sanaladi.

"Burj-Xalifa", Dubay

Image copyright Alamy

Dunyoning eng baland osmono‘pari bo‘lishi barobarida go‘zallikda ham tengi yo‘q. 828 metrlik "Burj-Xalifa" zamonaviy me‘morchilikning eng ilg‘or namunasi sifatida ham tarixga kirgan. O‘z navbatida, "Burj-Xalifa" mualliflarining olamshumul ambitsiyalarining amaliy isboti bo‘lib ham xizmat qiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq