Qodirjon Botirov: "Qirg‘iz mahkamasining qarori siyosiy"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qirzig‘iston parlamentining sobiq deputati Qodirjon Botirov Jalolobod shahar mahkamasining Suzoq tumanidagi avval o‘ziga tegishli bo‘lgan uyni sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning jiyani nomiga o‘tkazib berish haqidagi qarorini "noqonuniy" deb atadi.

2010 yil mayida hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq prezidentning yaqinlari Qodirjon Botirovni Suzoq tuman Teyit qishlog‘idagi Bakiyevlarga tegishli uyga o‘t qo‘yganlikda ayblaydilar.

Taniqli ishbilarmon va Qirg‘izistondagi o‘zbek jamoasi rahbarlaridan bo‘lgan Qodirjon Botirov bu ayblarni rad etadi.

Bakiyevning yaqinlari Botirovdan o‘zlariga "etkazilgan moddiy zararni undirib berish"ni so‘rab, avvalroq mahkamaga murojaat qilishgan.

Image caption 2010 yil iyunidagi zo‘ravonliklar chog‘ida yuz minglab o‘shlik va jalolobodliklar O‘zbekiston tomoniga qochib o‘tishgan

Jalolobod shahar mahkamasi o‘tgan oy Bakiyevlar oilasining da‘vosini qondirgan va Qodirjon Botirovdan 7 million 400 ming qirg‘iz somi miqdorida tovon undirib berish haqida ajrim chiqargan.

O‘tgan hafta qirg‘iz nashrlari sobiq prezidentning avvalroq qamoqdan ozod etilgan jiyani Sanjar Bakiyev Suzoq tumanidagi Botirovlarga qarashli uyning egasiga aylangani haqida xabar tarqatgan.

Qirg‘iziston matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, 2010 yil apreligacha Qodirjon Botirov oilasi bilan yashab kelgani aytilgan ushbu xonadon bundan avval ikki marta sotuvga qo‘yilgan, ammo unga xaridor topilmagan.

Mol-mulk taqdiri

Qodirjon Botirovga tegishli mol-mulkning taqdiri 20 may kuni qirg‘iz parlamentida ham ko‘tarilgan.

Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi raisi Almazbek Qadirqulovning aytishicha, Botirovning mulklarini musodara qilish uchun Jalolobod viloyati bo‘yicha maxsus "Eldik" davlat korxonasi tuzilgan.

Image caption Qodirjon Botirovga tegishli uy ikki marta sotuvga qo‘yilgan, ammo xaridor topilmagan

Qirg‘iz mulozimining aytishicha, Qodirjon Botirovga tegishli barcha mulklar hozirda davlat balansiga o‘tkazilgan.

Deputat Azizbek Tursunbayevning "siz bu mulkni nima qilmoqchisiz?" degan savoliga mulozim "ishlayotganlari ishlayapti, sotiladiganini sotish kerak" deb javob qaytargan.

Qadirqulovning bildirishicha, Qodirjon Botirovga tegishli ayrim inshootlar Jalolobod viloyat ichki ishlar boshqarmasi, sog‘liqni saqlash vazirligi hamda viloyat adliya boshqarmalariga berilgan.

Qirg‘iz hukumati Qodirjon Botirovni 2010 yil iyunida Jalolobodda yuz bergan qonli to‘qnashuvlarning tashkilotchilaridan biri sifatida ayblaydi.

O‘zbek milliy-madaniy markazi prezidenti bo‘lgan Qodirjon Botirov ikkinchi qirg‘iz inqilobi chog‘ida Jalolobodning muvaqqat hukumat tomoniga o‘tishiga hissa qo‘shgan.

Bunga javoban Bakiyev tarafdorlari 2010 yilning 19 may kuni Jalobododdagi Botirov asos solgan Xalqlar Do‘stligi universtitetiga hujum uyushtirgani aytiladi.

Qodirjon Botirov o‘ziga qarshi ilgari surilgan milliy nizo qo‘zg‘ash haqidagi ayblarni qat‘iyan rad etadi.

U 2011 yilda Shvetsiyadan boshpana olgan.

BBC bilan suhbatda Qodirjon Botirov o‘z mol-mulki yuzasidan qirg‘iz mahkamalari va Qirg‘iziston hukumati chiqargan qarorlar ortida "siyosiy sabablar turgani"ni ta‘kidladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring