Muqaddas qadamjolarda ne hol? Yoxud ziyorat odobini bilamizmi? 2-qism

2-qism.

Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino deganlarki: "Ilm – ilgi(e‘tibor) va iltifot istar. Iltifot ko‘rmagan – yer(joy)ni tark etar".

Qadrlamaganimiz – ilmning ko‘tarilganligi avlodlarni odobdan uzoqlashtirmoqda. (Sidqidildan ilm o‘rganayotganlar va ixlosli yoshlar bundan mustasno, albatta.) Bu hol nafaqat ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda, muassasayu korxonalarda, balki dinu-diyonat, ilmu-fan ustuni bo‘lishga erishgan avliyo-u ulamolarning muqaddas qadamjolarini ziyorat qilishimiz jarayonida ham ko‘zga tashlanayotir.

Ziyoratgohlarga borilganda Ka‘ba atrofini tavof qilib aylangandek yo‘l tutish, qabrda yotgan avliyo yoki boshqa zotlardan madad so‘rab, undan hojatini ravo qilinishini talab qilish va ularga atab jonliqlar so‘yish hamda mozor atrofidagi daraxtlarga turli botil e‘tiqodlar – irimlar bilan latta yo iplar bog‘lab ketish hollari hanuz mavjud.

"Zangi ota", "Hakim-at Termiziy" singari ulkan ziyoratgohlarda ham shunga o‘xshash holatlarni uchratish mumkin. Oltinsoydagi "Xalifa bobo" nomi bilan mashhur ziyoratgohda esa qabr tuproqlaridan bir chimdim olib, uni ro‘mollari uchiga tugib olib ketayotgan ba‘zi ayollarga ko‘zingiz tushishi ehtimoldan holi emas...

Tabarruk maskanga ixlos bilan kelganlar turfa jarohatlar, toshma va so‘gallardan forig‘ bo‘lishi haqida eshitmagan odam kam bo‘lsa kerak. Lekin kimlardir ziyorat qilib bo‘lishgach, bir chimdim-bir chimdim tuproq olib ketishni ham kanda qilmaganliklaridan ba‘zi qabrlar o‘yilib qolgan...

Insonlar johiliyatga chuqur ketgan pallalarda, xususan, Sho‘ro davrida g‘aybning siri va qudrati namoyon bo‘lgan ziyoratgohni vayron etish istagi ro‘yobga chiqmagan g‘aroyib, sir-sinoatli voqea-hodisalar yurtning, mintaqaning ko‘pgina guzarlaridagi qadamjolarda ro‘y bergan. Buni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar va guvohlardan eshitgan insonlar oz emas.

Islom madaniyati, ma‘naviyatini targ‘ib qilishda o‘z hissalarini qo‘shgan, insoniy kamolot uchun tayanch bo‘lguvchi zohiriy va botiniy ilmlarni yozib qoldirgan ko‘plab allomalarimizning ibratli asarlari mavjudki, biz ulardan to‘la to‘kis bahramand bo‘la olmayapmiz, afsus. Chunonchi, bugungi kunda butun dunyoda yurtimizda yashab o‘tgan allomalarning kitoblari o‘qitilmaydigan biror bir dorulfunun topilmasa kerak.

Xususan, ko‘plab ilmlar bo‘yicha yetuk olim hamda arab, fors, turkiy tilda mahorat bilan ijod etgan, tasavvufiy asarlari bilan mashhur bo‘lgan So‘fi Olloyorning "Maslakul-muttaqiyn" (mazkur asarning toshbosma va qo‘lyozma nusxalari O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va boshqa mamlakatlarda keng yoyilgan) nomli asarida ham ziyorat odobi xususida baytlar bitilgan.

Mazmuni budir: "...Shayxlar (aziz-avliyolar) va shahidlar qabri oldida jonliq so‘yadigan johillar bordir. Agar "falon kasalim tuzalsin" deb yoki bundan boshqa ishlar uchun jonliq so‘ysalar, bu haqda xabar borki: "Allohdan boshqasiga atab so‘yilgan har bir narsada, garchi so‘yish chog‘ida Allohning ismini aytgan bo‘lsa ham, shirkka ketadilar. (Ey inson!) Bunday yomon fe‘llardan saqlan!!!"

XVIII asrda yangragan bu xitob hanuz ziyo ahlining bo‘g‘zida ekan, buning sababi ne?

Tarixiy allomalarimizning asarlarini jahon dorilfununlarida o‘qitishayotgan bir pallada o‘z yurtimizda dinga qo‘yilayotgan cheklov-ta‘qiqlarning oqibati emasmikin bu?

Qabrni qo‘l bilan siypash, ushlash, o‘pish, ko‘zga surish, aylanib tavof qilish mumkin emasligini boboyu-buvilarimiz ko‘p ta‘kidlashadi. Shunga qaramay, bugun qabr ustida o‘tirib yoki maqbaralar yonida turib suratga tushish "urf"ga aylanayapti.

Xuddi tomoshaga, sayr-sayohatga chiqqandek, mozoru maqbaralarda yuksak sasda, xushchaqchaqlik ila gaplashayotganlarga ko‘zingiz tushadi.

Zotan, qabrlarni ziyorat qilish o‘limni eslamoq, tazarru qilmoq, dunyo muhabbatini ketkazmoq, manmanlik va maqtanish, g‘ururlanish, hayosizlik, munofiqlik kabi zararli odatlarni tark etmoq uchun mashru‘ qilingan ekan, bizning yangicha "urf"lar joriy qilishimiz nimani anglatadi?

Kezi kelganda yana bir gapni aytishni joiz deb o‘yladim. Vohalik hamda vodiylik bir guruh keksa onaxonlarning ta‘kidlashlaricha, ba‘zi yuqori mansabdagi amaldorlar muqaddas qadamjolar va yurtimizda xalq salomatligini tiklash uchun mo‘ljallangan sanatoriylar, so‘lim manzarali tog‘li maskanlarga oilalari bilan emas, aksincha, yoshroq xotin-qizlardan iborat bo‘lgan "yaqin tanish"lari bilan tashrif buyurishib, ba‘zan ziyofat va maishatlar uyushtirishayotgani mahalliy yoshlarning tarbiyasiga salbiy ta‘sir ko‘rsatmay qolmayapti.

"O‘zbekchiligimizda ham, dinimizda ham bu narsa uyat-ku, axir? Bu voqealardan keyin boshqalari ham es-hushini yig‘ib olishlari kerak emasmidi? To‘rt-besh so‘m topib, cho‘ntagi qappayib, bosar-tusarini bilmay qolgan va shu kabi noma‘qul ishlarni qilayotgan ba‘zi lavozimdor shaxslar ertaga qaysi yuz bilan chiqib, millat ma‘naviyati, yoshlar tarbiyasi haqida og‘iz ko‘pirtirisharkin?" – deya e‘tirozlarini izhor etishdi hamsuhbatlarim.

Bu ne hol?...

Mamlakatdagi har bir muborak qadamjoga, dam olish maskanlariga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki qo‘shni mamlakatlar va ba‘zan hatto xorijiy mamlakatlardan ham ziyoratchilar, sayohatchilar tashrif buyurishini hisobga olsak, bunday xunuk hodisalar ularning ham nazaridan chetda qolmaydi, albatta. Bu, harholda, yaxshi emas...

Ma‘naviyat, madaniyat, ma‘rifat xususida matbuot, televideniya, radioda tinmay gapiriladi. Nasihatlar qilinadi, kitoblar yoziladi. Lekin.... bu tomonda boyvachchalar-u ba‘zi lavozimdor kishilarning aynan gapirilayotgan gaplarga zid hatti-harakatlarni sodir etayotganligi, yanayam ochiqroq aytsak, maishiy buzuqligi aholi o‘rtasida og‘izdan-og‘izga ko‘chib, ovoza bo‘lib turganligini qanday tushunish mumkin? Shunday sharoit, shunday muhitda gapirilayotgan gaplar, nasihatlarning, xususan yoshlarga qanchalik ta‘siri bor deb o‘ylaysiz?

Zero, farzandlar, xususan yoshlar nasihatlardan ko‘ra ko‘proq real hayotdan andoza olayotganliklari achchiq haqiqat. Buni doim yodda tutmoq kerak.

...Muqaddas qadamjolar, dam olish maskanlarida, ayniqsa yoz oylarida ziyoratchilarning ko‘payishi kuzatiladi. Bu o‘z o‘rnida bir qator tartibsizlik va antisanitariya holatlarini keltirib chiqaradi. Sanab o‘tilgan muammolarning oldi olinib, buning o‘rniga ekoturizmni rivojlantirish yo‘lga qo‘yilsa, ham ma‘naviyatni yuksaltirish va ham davlat byudjetini boyitish uchun foydaliroq emasmi?

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq