Qozoq madaniyat vaziri qirg‘izlarni ranjitdi

Image caption Aristanbek Muhamediuli Chingiz Aytmatov o‘z asarlarida "o‘z xalqining kelajagini avvaldan bashorat qilgani"ni aytgan

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli bayonoti yuzasidan norozilik notasini yuborgan.

Nota elchi Yerbol Axmetovga topshirilgan.

"Aristanbek Muhamedulining Qirg‘iz Respublikasiga nisbatan hurmatsizlik qilib, uni obro‘sizlantirishi va noo‘rin so‘zlari ikki davlatning rivojlanish aloqalariga to‘g‘ri kelmaydi" – deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Qirg‘iziston TIV so‘ngi paytlarda qozoq ommaviy axborot vositalarida, Qirg‘iziston to‘g‘risida noto‘g‘ri ma‘lumotlar yoritilayotganiga ham e‘tibor qaratgan.

Qozog‘istonning madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli 23 mayda Astanada aholi bilan uchrashuvi chog‘ida, qirg‘iz xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov o‘z asarlarida "o‘z xalqining kelajagini avvaldan bashorat qilgani"ni aytgan.

Image copyright europress
Image caption Atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov

"Chingiz Aytmatov asarlarini o‘qisangiz, o‘zgacha ta‘surotga ega bo‘lasiz. "Oq Kema" asarida rang-barang manzara, qaxramona harakatlarni ko‘z oldingizga keltirasiz. Chingiz Aytmatov nafaqat yozuvchi, balki o‘z xalqining dahosi hamdir. U o‘z millati va davlatini qay tarafga ketayotganini oldindan ko‘ra bilib, Qirg‘izistonning bugungi kunini 1940-1950 yillardayoq bosharat qila olgan. O‘z xalqini noto‘g‘ri harakat qilmaslikdan ogohlantirmoqchi bo‘lgan inson" – deya gapirgan Aristanbek Muhamediuli.

U qozog‘istonliklarni Qirg‘iziston tarixida salbiy yo‘nalishlarni kuzatish mumkinligi haqida ham fikr bildirgan.

"Haqiqatan ham, yashiradigan hech narsa yo‘q, lekin achinarlisi, Moskvaga borsangiz, jamoat xojatxonalarini qo‘shni davlatning yosh qizlari tozalayotganini ko‘rasiz. Albatta bu odamning hissiyotini junbushga keltiradi. Nahot, bu yosh qizlar shunga – hojatxona tozalashga loyiq bo‘lsa? Albatta, o‘z davlatida ish o‘rinlari, rivojlanish yo‘q bo‘lganidan keyin, ko‘plab qirg‘izlar ketishga majbur bo‘ladilar", - deya taassuf bildirgan Madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli.

"Madaniyatsiz vazir"

Qozoq vazirining qirg‘iz xalqiga nisbatan haqoratomuz bu gapi ham Qirg‘iziston va ham Qozog‘istonda qator fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

"Madaniyatsiz vazirlar ham bo‘larkan" qabilida o‘z vaziri gaplaridan uyalgan qozoq jamiyati vakillari ijtimoiy tarmoqlarda qirg‘izistonliklardan kechirim ham so‘raganlar.

"Qardosh xalq, qo‘shni qirg‘iz elidan vazirning so‘zi uchun kechirim so‘rayman. Nailoj, shunday madaniyatsiz vazirlar ham bo‘larkan" – deb o‘zining feybukdagi varoqchasiga yozgan "Bolotxan Tayjan" jamg‘armasi rahbari Muxtar Tayjan.

Isai Bulat ismli Facebook foydalanuvchisi: "Bizni qirg‘izlar bilan solishtirishni bas qilinglar. Qirg‘izlar hech bo‘lmasa, o‘z nonlarini peshona terlari bilan topmoqdalar. Agar neft barreli 6 dollar bo‘lib qolsa, Xudo saqlasin, biznikilar ham rublning ortidan chetga ishlagani ketadi. Qo‘shnini kamsitmaslik kerak. Ikki qardosh elni solishtirishni ham bas qilish kerak", deydi.

Bu orada Qirg‘iziston Migratsiya Xizmati Qozog‘iston fuqarolarining Qirg‘iziston hududida qayddan o‘tmasdan yurish muddati 5 kunga qisqartirilishi mumkinligini ham ma‘lum qildi.

Ayni paytda qo‘shni davlat fuqarolari Qirg‘izistonda bir oy davomida qayddan o‘tmasdan yurishlari mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring