Mavlaviy Haybatulloh Oxunzoda Tolibonning yangi rahbari

Image copyright AFP
Image caption Mullo Mansur Pokistonda AQSh dron hujumida halok bo‘lganini Tolibon tasdiqladi

Afg‘onistondagi Tolibon harakati o‘zining yangi rahbari etib Mavlaviy Haybatulloh Oxunzodani saylagani haqida bayonot tarqatgan.

25 may kuni e‘lon qilingan bayonotda qurolli harakat bundan oldingi rahbari Mullo Axtar Mansurning o‘limini tasdiqlagan.

"Afg‘oniston Islomiy Amirligi Sha‘bon oyining 14-sida chegara mintaqasida AQSh dron hujumida Mullo Axtar Mansur shahid bo‘lganini e‘lon qiladi", deyilgan Tolibon nomidan tarqatilgan bayonotda.

"Mavlaviy Haybatulloh Oxunzoda guruhning yangi rahbari etib tayinlandi. O‘rinbosarlari etib Sirojiddin Haqqoniy va Mavlaviy Yoqub tayinlandi", deyiladi bayonotda.

Mavlaviy Haybatulloh Oxunzoda Tolibonning ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri.

U islomiy ulamo sifatida tanilgan hamda Tolibon Afg‘onistonda hukmronlik qilgan yillarda mahkama raisi lavozimini ham egallagan.

Mavlaviy Oxunzoda Tolibon asoschisi va ruhoniy rahbari Mullo Umarning o‘rinbosari lavozimini ham egallagan edi.

Image copyright AFP
Image caption Mullo Umar o‘limi e‘lon qilinishi ortidan Mullo Axtar Mansur Tolibon rahbari etib saylandi

2015 yil iyulida Mullo Umarning olamdan o‘tgani e‘lon qilindi va Tolibon rahbari etib Mullo Axtar Mansur saylandi.

Biroq Tolibon harakati ichidagi hamma guruhlar ham Mullo Axtar Mansurning rahbar etib saylanishiga rozi bo‘lmadilar.

Ushbu kelishmovchilik Tolibon ichidagi bo‘linishga ham sabab bo‘ldi.

21 may kuni AQShning uchuvchisiz boshqariladigan uchog‘idan Pokistonning Afg‘oniston chegarasiga yaqin Balujiston viloyatida borayotgan avtomobilga otilgan raketa Tolibon rahbari Mullo Mansur bilan uning sherigini halok qildi.

AQSh harbiylari Afg‘on Toliboni rahbari dron hujumida nishonga olinib o‘ldirilgani haqida xabar tarqatdilar.

So‘ng Mullo Mansur o‘limini Afg‘on va Pokiston xavfsizlik xizmatlari tasdiqladilar.

Tolibonning yangi rahbari Mavlaviy Oxunzodaning o‘rinbosarlaridan biri Mavlaviy Muhammad Yoqub 28 yoshda deb ko‘riladi va u Mullo Umarning o‘g‘li.

Uning o‘tgan yili Pokiston Karachisidagi madrasada diniy bilim olishni yakunlagani ma‘lum.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq