Shotlandiyada "ofshor" o‘zbeklarga nega kerak?

Image copyright none
Image caption Latviyadagi qator ko‘chmas mulklarning egasi O‘zbekiston fuqarosi Akbar Abdullayev ekanligini ko‘rsatuvchi hujjatlar mavjud

O‘zbekistonliklar, ularning ofshor shirkatlardagi pullari va xorijdagi mulklari borasida oxirgi vaqtda matbuotda paydo bo‘layotgan xabarlarning bir uchi Shotlandiyaga kelib taqaldi.

Latviya va Shotlandiya jurnalistlari o‘tkazgan tekshiruvlarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti rafiqasining jiyani Akbar Abdullayevning Rigada ko‘plab millionlarga sotib olgan mulki ustidan kelib chiqqan tortishuv Shotlandiya mahkamasida ko‘rib chiqilgan.

Lekin Shotlandiya ofshor hudud emas-ku, qanday qilib u yerda hatto o‘zbek fuqarolari ishtirokidagi ofshor shirkatlar paydo bo‘lgan?

Bundan tashqari nima uchun aynan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq shirkat faoliyati jurnalistik tadqiqot e‘tiboriga tushdi?

Dastlab, Shotlandiya mahkamasida ochilgan ish tafsilotlariga nazar tashlasak.

The Herald ro‘znomasida Shotlandiyadagi o‘zbek ishi borasida maqola chop etgan jurnalist Devid Liskning aytishicha, Shotlandiyada mutlaqo noma‘lum shaxs bo‘lgan Akbar Abdullayev bu yerda qayd qilingan ofshor shirkati orqali Rigada ikki mehmonxonani sotib olishga harakat qilgan.

Brook Organisation deya nomlangan bu shirkat Shotlandiyaning hech kim bilmaydigan kichikkina bir qishlog‘idagi uyda qayd qilingan va amalda faqatgina qog‘ozda mavjud. Bu mutlaqo ofshor shirkat va Shotlandiyada hech qanday faoliyat olib bormaydi.

Image copyright none
Image caption Latviyada Akbar Abdullayev va yana qator o‘zbekistonliklarga tegishli ko‘chmas mulk borasida Re:Baltica tadqiqot markazi tekshiruvlar olib borgan

Ammo, Devid Liskning aytishicha, Shotlandiyada bu shirkat bilan bog‘liq mahkama hujjatlarida Akbar Abdullayevning ismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri keltirilmagan.

Shunday ekan, Latviyadagi tortishuv kelib chiqqan mulklar aynan unga tegishli bo‘lgan, deb ne qadar qat‘iyat bilan ayta olamiz?

Bu savolga javob izlash jarayonida, Latviyadagi ofshor shirkatlar faoliyati yuzasidan tadqiqot o‘tkazgan Inga Springega murojaat qildik.

Unga ko‘ra, Akbar Abdullayevning Latviyada qator ko‘chmas mulklarga egalik qilgani haqida qat‘iy hujjat va dalillar bor.

"Bizning qo‘limizdagi eng qat‘iy dalil bu Latviya ko‘chmas mulkka egalik qilish markazi hujjati. Bu hujjatlarda Akbar Abdullayev jismoniy shaxs sifatida Rigada bir kvartira va Yurmalada, dengiz bo‘yidagi bir yirik uyga egalik qilishi ko‘rsatilgan".

Inga Springega ko‘ra, bu kvartira va uyning umumiy bahosi 1.5 million yevro atrofida. Bu ikkala uy ham Akbar Abdullayevning qamoqda ekanligiga qaramay, hanuz uning nomida. Ushbu hujjatlarga ko‘ra, Akbar Abdullayev Rigadagi kvartirani 2006 yillar atrofida, Yurmaladagi uyni esa 2012 yillarda sotib olgan.

Endi Akbar Abdullayevga tegishli ekanligi aytilgan Rigadagi ikki yirik mehmonxona masalasiga kelsak. Birining narxi 10 million, ikkinchisining narxi 8 million yevro bo‘lgan va Shotlandiyadagi mahkamaga "etib kelgan" bu mulklarning egasi sifatida Akbar Abdullayev qachon va qayerda qayd etilgan?

Latviyalik tadqiqotchining aytishicha, bu mehmonxonalarga egalik yillar mobaynida bir necha marotaba o‘zgargan bo‘lsa ham, uning qo‘lida Akbar Abdullayev bu mehmonxonalarni ofshor shirkatlari orqali sotib olganini tasdiqlovchi qat‘iy dalillar bor.

"Dastlab bu mehmonxonalarni u bir latviyalik ayol biznes hamkori bilan sotib olgan. Ular 50-50 asosida ularga egalik qilishgan. Mehmoxonlarga egalik bir necha bor o‘zgargan. Bir muddat Abdullayev ularga yagona egalik qiluvchi shaxs sifatida ko‘rsatilgan va boshqa paytda mehmonxonalar tegishli bo‘lgan shirkatning egalaridan biri sifatida ko‘rsatilgan. Mening qo‘limda buni ko‘rsatuvchi hujjatlarning nusxalari bor".

Demak, masalaning hozircha ikki jihatini aniq. Biri Latviyadagi yirik mulklarning Akbar Abdullayevga tegishli ekanligini ko‘rsatuvchi hujjatlar mavjudligi va bu mulklardan ba‘zilariga u Shotlandiyada qayd etilgan "ofshor" shirkat orqali egalik qilganligi.

Nima uchun Shotlandiya?
Image copyright none
Image caption Devid Lisk: "Shotlandiyada "ofshor shirkatlar" sohasida butun boshli bir sanoat vujudga kelgan"

Shu yerda yana bir savol tug‘iladi. Nima uchun Akbar Abdullayev jahonda mavjud bo‘lgan ko‘plab ofshor hudulardagi shirkatlar emas, Shotlandiyada tuzilgan shirkat orqali ish ko‘rishga qaror qilgan?

Devid Liskning aytishicha, Shotlandiyada "ofshor shirkatlar" sohasida butun boshli bir sanoat vujudga kelgan.

"Shotlandiyada ofshor shirkatlarni tuzib chiquvchi butun boshli fabrikalar bor. Bu ofshor shirkatlar keyinchalik Yaqin Sharq, Sharqiy Ovro‘po va Markaziy Osiyo mamlakatlariga sotiladi. Ularni ofshor, deb yuritasalar ham bular oddiy ikki yoki undan ko‘proq shaxslar tomonidan tuzilgan qo‘shma hamkorlik shirkatidir. Lekin bu shirkatlarning egalari an‘anaviy ofshor hududlarda bo‘lsalar, ularni ofshor shirkat deya sanashadi. Bu Shotlandiyadagi qonuchilikda mavjud bo‘lgan bir darcha. Shuning uchun hozirda bu yerda shunday xavotir borki, xorijiy "sarmoyadorlar" bizlarning qonundagi bu darchadan suiste‘mol qilmoqdalar. O‘z mamlakatlaridagi soliqlardan qochish yoki noqonuniy yo‘lda topilgan pullarni bu yerdagi shirkatlar orqali yashirishga urinmoqdalar".

The Herald ro‘znomasi jurnalistining aytishicha, bu shirkatlarni xuddi shu yo‘lda reklama qiladilar.

"Shotlandiyada qayd etilgan ofshor shirkati sotiladi" qabilidagi reklamalarni Ukrainada, Moldova, Qibris va Boltiq bo‘yi mamlakatlarida ko‘rish mumkin ekan.

"Bu shirkatlarni vositachilar sotib olib, qog‘ozdagina mavjud soxta shirkatlarni yaratadilar. Deylik, o‘zbekistonlik shaxs bu shirkatni vositachi orqali sotib oladi va uning ismi hech qayerda qayd etilmagan bo‘ladi. Xullas, shirkatning rasman qayd etilgan egasi Hind ummonidagi bir mamlakatda yashovchi Toshkent yoki Samarqandda hech kim tanimaydigan uy bekasi bo‘lishi mumkin, asl egasi esa O‘zbekistonlik bo‘ladi".

Bu "ofshor shirkat sanoati"ning Shotlandiyadagi miqyosi yuzasidan tadqiqotlar olib borayotgan jurnalistlarning aytishlaricha, oxirgi yillarda bu kabi xizmatlarni taklif etishda yirik o‘sish kuzatilgan.

Moliyaviy bo‘hron va Royal Bank of Scotland faoliyati haqida kitob muallifi Iyan Freyzerning BBC bilan suhbatda aytishicha, "Mas‘uliyati cheklangan hamkorlik shirkati" haqidagi qonun Shotlandiyada 100 yildan avvalroq ta‘sis etilgan.

"Shundan keyin o‘tgan 100 yil ichida, deylik 2007 yillarga qadar hammasi bo‘lib bu kabi 6 500 shirkat tuzilgan. 2008 yilga kelib esa bu kabi shirkatlarni tuzishda, ta‘bir joiz bo‘lsa, portlash ro‘y berdi. Hozirda yiliga 4-5 ming bu kabi shirkat qayd etilmoqda. Ulardan 90 foizi ofshor hamkorlari bilan. Bizning tadqiqotlarmiz shuni ko‘rsatmoqdaki, bu shirkatlarning "hamkorlari", ya‘ni asl egalari ofshor hududlarda yashaydigan shaxslardir".

Ofshor savdosidagi shirkatlar
Image copyright none
Image caption Moliyaviy inqiroz borasida kitob muallifi Iyan Freyzerga ko‘ra, Shotlandiyadagi ofshor shirkatlar sonida oxirgi yillarda "portlash" ro‘y bergan

Iyan Freyzerning bu shirkatlar faoliyati bo‘yicha boshqa jurnalistlar bilan o‘tkazgan tadqiqoti shuni ko‘rsatganki, ularning moliyaviy faoliyati o‘ta mavhum. Birinchidan ularning asl egalari kimligini aniqlash mushkul.

"Ularning qog‘ozlaridan hech nimani uqib bo‘lmaydi. Xarjlari qancha, foydalari qanday, pullari kimga tekkan. Chunki bu yerda qayd etilgan shirkat bu shunchaki qobiq shirkat, o‘rtada boshqa shirkat bor, undan keyin boshqasi. Biz buni ruslarning matreshkasiga o‘xshatsak bo‘ladi. Birini ochsang, ichidan boshqasi chiqib kelaveradi. Faqatgina Panama hujjatlari, yoki Moldovaning uch yirik bankidan millionga yaqin dollarni qalloblik yo‘li bilan olib chiqilishi kabi tekshiruvlar orqali biz Shotlandiyadagi shirkatlarninng roli va miqyosi haqida ma‘lumotlarni olyapmiz".

Iyan Frezerning aytishicha Britaniya hukumati ofshor rusumida ish yurituvchi shirkatlarga qarshi kampaniya boshlagan.

Lekin o‘tgan yili Bosh vazir Devid Kameron hamkorlik shirkatlari borasida yangi cheklov va qoidalarni e‘lon qilgan vaqti, Shotlandiyagi bu kabi shirkatlarni unga kiritmagan.

Ammo o‘tgan yildan beri matbuotda bu borada paydo bo‘layotgan xabarlardan so‘ng Shotlandiya hukumatining o‘zida bu muammoga e‘tibor qarata boshlaganlarining belgilari bor. Lekin qarshi choralar hozircha ko‘rilmagan.

Bu kabi shirkatlardan mamlakatdagi nafaqa jamg‘armalari, ba‘zida sarmoyadolar, lozim bo‘lganda savdo tizimlari mol mulkka egalik qilish uchun qonuniy yo‘lda foydalanganlari uchun ham, ularga qarshi yoppasiga chora e‘lon qilishda turli mulohazalar mavjuddir.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring