Boboqulovaning hibs muddati uzaytirildi

Image copyright RIA Novosti

Moskvaning Presnenskiy tuman mahkamasi prokuratura so‘roviga binoan, to‘rt yoshli qizchaning o‘limida ayblanayotgan o‘zbekistonlik enaga Gulchehra Boboqulovani hibsda saqlash muddatini 29 iyulgacha uzaytirishga qaror qilgan. Boboqulovaning vaqtinchalik hibsdagi muddati 29 maygacha qilib belgilangandi.

Gulchehra Boboqulova 29 fevralda Moskvaning "Oktyabrskoye pole" metro bekatida qo‘lida qizaloqning kesilgan boshi bilan ushlangan.

Interfaks agentligiga ko‘ra, prokuror dastlabki tergov jarayonini nihoyasiga yetkazish uchun ayblanuvchining hibs muddatini cho‘zishni so‘ragan.

"Boboqulova o‘ta og‘ir jinoyatda ayblanmoqda, shu bilan birga u boshqa davlat fuqarosi. Shuning uchun ushbu choralarni ko‘rish lozim", deb qayd etgan surishtiruv vakili.

Ayni vaqtda Boboqulovaning o‘zi hakamdan hibsni uzaytirmaslikni so‘ragan. "Men Samarqandga ketishni xohlayman. U yerda meni davolashlari yoki uy qamog‘iga olishlari mumkin", deb aytgan u mahkama eshituvida.

Hakam Naydyonov esa Boboqulovaga qarata, "Qayerda uy qamog‘ida bo‘lishni xohlaysiz? "Oktyabrskoye pole"da, yana kimnidir boshini olish uchunmi?"-deb savol bergan.

Mutaxassislar Boboqulovaga nisbatan o‘tkazilgan tibbiy-sud ekspertizaning xulosasini yaqin vaqtda tergov idoralariga taqdim etishlari kutilmoqda.

Biroq, bundan oldin shifokorlar Boboqulova o‘zining hatti-harakati uchun to‘liq javob berishga mas‘uliyatli emasligini, jinoyatni ruhiy sog‘lom bo‘lmagan holatda sodir etganini bildirishgan.

Shu boisdan, yakuniy tibbiy xulosada Boboqulovaga nisbatan jinoiy javobgarlik emas, majburiy tibbiy davolanish zarurligi ko‘rsatiladi, degan Interfaks agentligi manbasi.

Oldinroq, Boboqulova ayblanayotgan jinoyatni sodir etishga majburlagan bo‘lishlari, uning sheriklari borligi ehtimoli aytilgandi. Shuningdek, tergov idoralari Boboqulovaning Odnoklassniki saytidagi 500 sahifadan iborat yozishmalarini o‘rganishini bildirgan.

Moskvadagi shov-shuv bo‘lgan dahshatli qotillik 29 fevralda sodir etilgan. Surishtiruv xodimlariga binoan, Boboqulova Orlov viloyatidan kelgan oilaning 4 yoshli qiziga enagalik qilgan. O‘sha kuni u qizaloqning boshini kesib olib, uyga o‘t qo‘ygan va ko‘chaga chiqib ketgan, deyiladi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, u "Oktyabrskoye pole" metro bekati oldida qo‘lida kesilgan bosh bilan bir soat yurgan va "Allohu akbar" deb baqirgan, o‘zini portlatish bilan tahdid qilgan.

Politsiya Boboqulovani qo‘lga olgan va unga nisbatan "voyaga yetmaganni o‘ldirish" moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq