Moskvada "Boburnoma" miniatyuralari ko‘rgazmasi

Moskvadagi Sharq xalqlari san‘ati muzeyi o‘zining eng qimmatbaho to‘plamlaridan biri — "Boburnoma" miniatyuralari ko‘rgazmasini ochgan.

"Voqeat-i Baburi" yoki Tuzuk-i Baburi" nomi ostida bitilgan Bobur qo‘lyozmalari, Bobur ona tili - chig‘atoy (qadimiy o‘zbek) tilida yozilgan bo‘lib, keyinchalik fors tiliga tarjima qilingan. Qo‘lyozma Hindistonda XVI asr oxirida Bobur nabirasi Akbar kitobxonasida mashhur miniatyurachi musavvirlar tomonidan bezatilgan.

Hozirda dunyodagi muzey va xususiy kollektsiyalarda "Boburnoma"ning 500 ga yaqin miniatyura qo‘lyozmalari mavjud. Britaniyaning London muzeyida 96 ta, Xindiston Dehli milliy muzeyida 144 minatyura saqlanmoqda. Bundan tashqari, Baltimor san‘at muzeyida 39 ta, Londonning Viktoriya va Albert muzeylarida "Boburnoma"ning 12 alohida miniatyura varaqlari o‘rin olgan.

Moskvadagi Sharq xalqlari san‘ati muzeyida esa 57 qo‘lyozma varaqalarida bitilgan 69 miniatyura saqlanmoqda. "Boburnoma" qo‘lyozmalarini rus metsenati Aleksey Morozov 1906 yilda Nijniy Novgorod yarmarkadasida Eronlik savdogarlardan sotib olgan.

Rossiyadagi qo‘lyozmalarda Boburning ov va harbiy yurishlari, saroy bazmlari hamda Hindustonning o‘simlik va hayvonot dunyosiga oid manzaralari o‘z aksini topgan.

Bobur asarlari Ovrupada ilk bor XIX asr ibtidosida paydo bo‘lgan. 1826 yil Jon Leyden va Uilyam Erskin "Boburnoma"ni ingliz tiliga o‘girgan. Rossiyada esa ancha kech, 1958 yilda sharqshunos olim Mixail Sale tomonidan "Boburnoma" rus tiliga tarjima qilingan.

Muhammad Zahiriddin Bobur umrining oxirlarida – 1529 yil boshlanishida Agra yaqinida maxfiy vasiyatnoma yozib qoldirgan. Sarkarda, ulug‘ shoir va mutafakkir Boburning qanday inson bo‘lgani, uning o‘g‘li Humoyunga qoldirgan "Maxfiy vasiyatnomada" yaqqol ko‘rinadi.

„933 hijriy yil Podishohi Bahodir g‘oziy 3ahiriddin Muhammad BOBUR Alhamdilillah

Sultonatning mustahkam bo‘lishi uchun bu maxfiy vasiyatnoma tuzildi. Ey farzandim, Hindiston mamlakati turli mazhablardan ma‘mur bo‘lgan. Alloh taolo Sizga buni karomat etdi. Siz mazhablarni yomon ko‘rishdan dilingizni pok tuting. Har mazhabning tariqasiga (yo‘liga) adolat qiling. Xususan, Hindistonning qalbini qo‘lga kiritaman desangiz, sigir so‘ymoqdan o‘zingizni tiying. Bu yaxshiligingiz evaziga shu viloyat xalqining qalbi Sizga yaqin bo‘ladi. Qo‘lingiz ostidagi har qavmning ibodatgohlarini va muqaddas joylarini xarob etmang. Shunday odillikni ixtiyor qilingki, podishoh ra‘iyatdan va ra‘iyat podishohdan osuda bo‘lsin. Islomning taraqqiyoti ehson qilichidan yaxshiroq bo‘ladi, zulm tig‘idan emas. Sunniy va shia o‘rtasidagi janjallardan ko‘zingizni yuming. Agar bundan ko‘z yummasangie, islom zaiflashishi mumkin. Ra‘iyatdagi turli qalblarni arbaai anosir (to‘rt unsur) bilan mahkam tuting. Saltanatning jismi turli marazlardan tinch bo‘lsin.Podishohlik ishlarini puxta qilish uchun hazrat Amir Temur Sohibqironning ishlarini ko‘z oldingizda tuting.

Va mo allayno illal balag‘ ("va bizning burchimiz faqat aniq payom etishdir" Surai Yosin), deb yozgan Zahiriddin Bobur.

Birinchi jumodiy ul avval 935 [hijriy yili]" sanasi keltirilgan qimmatli qo‘lyozmada.

Ayni paytda Boburning maxfiy vasiyatnomasi Hindistonning Bhopal Davlat Kutubxonasida saqlanmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq