"Korruptsiya O‘zbekiston barqarorligiga tahdid soladi"

Image copyright bbc

Open Society Foundations tashkiloti "O‘zbekistondagi korruptsiyaga qarshi kurash" nomli hisobot chiqardi. Tashkilotning mazkur hisobotida korruptsiya bilan bog‘liq muammolar yoritiladi va ular qanday qilib O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy turmushida ildiz otgani tahlil qilinadi.

Joriy yil fevralida Amsterdamda joylashgan "Vimpelkom"(Vimpelcom) shirkati O‘zbekistonda biznes yuritish uchun pora to‘laganlikda aybdor topilib, AQSh va Gollandiya hukumatlariga qariyb 800 million dollar jarima to‘ladi.

Mazkur ishdan tashqari O‘zbekistonda biznes, boshqaruv va iqtisodga putur yetkazayotgan korruptsiya bo‘yicha qator boshqa xalqaro tergovlar amalga oshirilmoqda.

"O‘zbekistonda norasmiy qaror qabul qilish, xufyona kelishuvlar va mustaqil tekshiruv bo‘lmagan muhit hukm suradi. Bu sharoit tobora o‘sib borayotgan tengsizlikka hissa qo‘shadi hamda O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy rahbarlari o‘rtasidagi qudrat uchun kurashni avj oldiradi. Bularning bari mamlakatning uzoq muddatli barqarorligiga tahdid soladi", - deyiladi hisobotda.

Image copyright bbc

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston hukumatining korruptsiyaga qarshi amallari ish bermagan. Aksincha, hisobotga ko‘ra, bu qonunlardan mansabdor shaxslar kimdandir qutulish yo o‘ch olish uchun foydalanadi. "Hukumat korruptsiyani yoritmoqchi bo‘lgan fuqarolik jamiyati faollari va mustaqil jurnalistlarning ovozini so‘ndirish uchun ularni bosim ostiga oladi, sudga tortadi va qamaydi", - deyiladi hisobotda.

Hujjat muallifi Deyvid Lyuisning hisobotda yozishicha, xorijiy sarmoyadorlar O‘zbekistonda murakkab litsenziyalash tizimi, mujmal soliq qonunlari va o‘ta cheklangan chegara-osha savdo va valyuta qoidalariga yuz tutadilar. Mazkur byurokratik tizim poraxo‘rlikka zamin yaratib, xorijiy sarmoyalar istiqboliga zarar yetkazadi va mahalliy tadbirkorlikni bo‘g‘adi.

Korruptsiyadan, hisobotga ko‘ra, O‘zbekistondagi hukmdor doira o‘zini boyitish va xo‘jayin-mijoz tarmoqlari orqali siyosiy nazoratni ushlab turish uchun qo‘llanadi. Xalqaro moliyaviy idoralar, BMT va Ovro‘po Ittifoqi to‘g‘ri boshqaruv bo‘yicha turli dasturlar tashabbusi bilan chiqqanlar, ammo O‘zbek hukumati islohotlar bo‘yicha tashqaridan qilinadigan bosimlarga qarshi chiqib keldi, deyiladi hujjatda.

Shunday ekan, O‘zbekiston dunyoda poraxo‘rlikka eng chuqur botgan mamlakatlar orasida qolyapti. Xalqaro Transparensi tashkilotining yillik hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 168 ta davlat ichida 153-o‘rinni olgan. Jahon bankining hisobotida ham u eng korruptsion 10% davlatlar guruhiga kiritilgan.

Hisobotda aytilishicha, qudratli tarmoqlarni qattiqqo‘l prezidentning o‘zi boshqaradi. "Prezident kim siyosiy va iqtisodiy zaxiralarga egalik qila olishi va kim nihoyat qudratga ega bo‘la olishini hal qiladi. Bu kabi tizim doirasida korruptsion amallar qoidadan tashqari holat emas, balki qoidaga aylangan", - deydi muallif.

O‘zbekistonda, hisobotga ko‘ra, ijtimoiy fikr kamdan-kam holda so‘raladi. 2013 yilda hukumat Savdo va sanoat palatasi Bosh prokuratura bilan 10 ming ishbilarmon orasida korruptsiya va biznes muhiti haqida anonim so‘rov o‘tkazganini da‘vo qilgan, ammo bu so‘rovning natijalari ommaga taqdim qilinmadi.

Image copyright AFP Getty
Image caption Hisobotda aytilishicha, qudratli tarmoqlarni qattiqqo‘l prezidentning o‘zi boshqaradi

Hujjatda yozilishicha, O‘zbekistonda korruptsiyani siyosiy qudrat tizimidan ayri holda tahlil qilib bo‘lmaydi. Prezidentning oila a‘zolari aralashgan oxirgi korruptsiya mashmashalari uzoq o‘tmishga ega bo‘lgan siyosiy boshqaruv tizimi qanday ishlashidan dalolat berdi, deyiladi hisobotda.

Hisobot O‘zbekistondagi klanlar tizimini ham tahlil qilgan. "Qarindosh-urug‘chilik, mahalliychilik va biznes rishtalari qudratli norasmiy guruhlarni keltirib chiqarishda rol o‘ynaydi", deyiladi unda.

"Vaqti-vaqti bilan viloyatlarda korruptsiya orqali markaziy boshqaruvdan mustaqil tarzda amal qiladigan tarmoqlar yuzaga keladi. Markaziy hukumat mahalliy mansabdor shaxslarni muntazam ravishda haydash bilan bu kabi tarmoqlarni nazorat qilishga urinadi", deyiladi hujjatda.

Unda aytilishicha, huquq-tartibot organlari biznes mojarolari orqali shirkatlar egalari yoki ularning sheriklari va xodimlarini "garov" sifatida ushlab jazolaydilar.

"2009 yilda Prezident Karimov o‘z mamlakatida "oligarxlar"ning yuzaga kelishiga qarshiligini aytishi ortidan, O‘zbekiston bo‘ylab ishbilarmonlar muntazam ravishda chetlatilganlar. 2010 yilda bir necha taniqli yetakchi biznesmenlar sudga tortildi. Bu sud ishlari korruptsion amallarga asoslanishdan ko‘ra, ko‘proq elita ichidagi qudrat uchun kurashni aks ettirdi", - deydi hisobot.

Hisobotga ko‘ra, bu "korruptsiya bilan kurash" kampaniyasi chog‘ida prezidentning qizi Gulnora Karimovaga bog‘liqligi aytilgan "Zeromaks" shirkati faoliyati ham to‘xtatildi, ammo Karimova xonimni bu mojaro aylanib o‘tdi.

Ammo, 2012 yilda boshlangan "tozalashlar"ning ikkinchi raundida Karimova xonimning biznes imperiyasi quladi.

MTS, Uzdunrobita, Soca-cola, TeliaSonera kabi shirkatlarni qamragan ko‘p million dollarlik mashmashalarning ko‘pchiligi Gulnora Karimovaga kelib taqaldi va, hisobotda aytilishicha, nihoyat 2014 yili Shveytsariya rasmiylari pul yuvish tergovi endilikda Gulnora Karimovaning shaxsiga qaratilganini e‘lon qildi.

Karimova xonimning qator sheriklari iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib qamoq jazolariga hukm etildilar, 2014 yil sentyabrida esa uning o‘zi uy hibsiga olingani aytildi.

Milliardlab dollarlar haqida gap ketar ekan, hisobot muallifi yozishicha, bu voqealarning ko‘p jihatlari noaniqligicha qolyapti va turlicha talqin qilinyapti. "O‘zbek rasmiylari bu tergovlar va sud ishlari borasida juda kam ma‘lumot berdilar", deyiladi hujjatda.

Ammo, tadqiqotga ko‘ra, bu hibsga olishlar turli tarmoqlar orasidagi kengroq qudrat uchun kurash kontekstida ko‘rilishi kerak. "Ayni vaqtning o‘zida boshqa qudratli guruhlar tarqatildi, xususan Farg‘ona viloyatida biznes imperiyasini qurgan Prezident rafiqasining jiyani Akbarali Abdullayevning yirik biznes tarmog‘i yo‘q qilindi".

"2013-2015 yilgi hibsga olishlar qudratni prezident ma‘muriyati atrofida qayta to‘plashga qaratilgani ehtimoli katta. Bu kabi kampaniyalarga qaramay, siyosiy va iqtisodiy tizimga singib ketgan korruptsiyaga qarshi jiddiy kurash olib borilayotganiga dalil-isbot yo‘q", deydi hisobot.

Unga ko‘ra, soliq qo‘mitasi shirkatlar, nohukumat tashkilotlar va shaxslarga qarshi qo‘llaniluvchi eng kuchli qurol bo‘lib qolyapti. Hatto Gulnora Karimovaning o‘zi ham o‘z shirkatlari bosim ostiga olingach, prokuratura "sehrli" soliq jinoyatlarini o‘ylab topgan.

Hisobot yakunida O‘zbekistonda korruptsiyaga barham berish borasida qator islohotlar tavsiya etilgan.

"Mamlakatda korruptsiyaga qarshi kurashda qandaydir siljishga erishish uchun ham iqtisod, va ham siyosiy tizim isloh qilinishi lozim, mustaqil adliya tizimi va qonun ustivorligi rivojlantirilishi kerak, matbuotga kengroq erkinlik berilib, fuqarolik jamiyatiga bosimlar to‘xtatilishi lozim", - deyiladi xulosada.

"O‘zbekistondagi korruptsiyaga qarshi kurash" nomli hisobotning mualifi- Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchi Deyvid Lyuis bilan suhbat:

BBC: Korruptsiya butun bunyo bo‘ylab tarqalgan. Nima uchun aynan O‘zbekiston borasida maxsus hisobot chiqargansiz?

Deyvid Lyuis: E‘tiborimizni qaratganimizning sabablaridan biri - O‘zbekiston korruptsion sxemalarga aralashgani borasidagi xabarlar xalqaro matbuotda tarqalgani bo‘ldi. Ya‘ni, O‘zbekistonda faoliyat yuritgan qator telekom shirkatlarining yirik mablag‘lari G‘arb banklari hisoblariga borib tushgan va bugunda AQSh Adliya departamenti O‘zbekiston hukumati bilan bahsda mazkur mablag‘larni hibs etishga urinayetgani kabi harakatlar. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, bu harakatlar hozir faqat O‘zbekistonga taalluqli emas, Ovro‘po osha Amerikaga ham tarqalib ulgurgan. Biz buning o‘zaro rishtalarini tushunishga urindik, xolos.

BBC: Hisobotingizda O‘zbekistonda tarqalgan biznes va davlat sxemalari qanday bir biri bilan muloqotda bo‘lgani tushuntirib berilgan. Bu o‘ta murakkab sxema bo‘lishi kerak. Tashkilotingizda O‘zbekistonda korruptsiyani yengish yo‘lida biror bir yo‘riq yoki tayyor andozalar ishlab chiqilganmi?

Deyvid Lyuis: Bu juda ham murrakkab ish, albatta. O‘zingiz aytganingizdek, hamma narsa bir-biri bilan bog‘lanib ketgan va hammasi yagona tuzumga borib taqaladi. Ular orasida shaxsiy sektor, biznes, siyosiy hokimiyat, davlat kabi manfaatlar mavjud, ularni siyosiy iroda bo‘lmasa osongina islohot qilib bo‘lmaydi. O‘zgarishlar bir zumda sodir bo‘lib qolmaydi, ularga vaqt kerak. Biroq, O‘zbekistonda biz islohotlar tomon biror bir siljishni ko‘rmayapmiz va shuning uchun bu vaziyatni juda ayanchli deb aytish mumkin. Boshqa, postsovet mamlakatlarida muammolar bir xil bekaniga qaramasdan, biz boshqaruvda strukturaviy o‘zgarishlarga guvoh bo‘layapmiz. Demak, kelajakda bu o‘zgarishlar yirik ilohotlarga asos bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda esa, biz hech qanday o‘zgarishlarni ko‘rmayapmiz, ayrim hollarda vaziyat yanada yomonlashib ketyapti. Bu katta nuqsondir. O‘zbekiston ichida korruptsiya bilan bog‘liq vaziyatni o‘zgartirish uchun, siyosiy iroda bilan birga tub o‘zgarishlar ham kerak bo‘ladi.

BBC: Hisobotingizga muvofiq O‘zbekiston rejimi shu darajada ko‘rruptsion bo‘lsa, nima sabab Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi va qator boshqa global moliya muassasalari O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik olib bormoqda?

Deyvid Lyuis: Siz bu savolni ularning o‘ziga yo‘llashingiz kerak. Nazarimda, bunday hamkorlikda ham salbiy, ham ijobiy tomonlar bor. Mazkur tashkilotlar hamma yerda ishlash huquqiga ega bo‘lib, hamma joyda bo‘lishni istaydilar. Boshqa tomondan, ular o‘zbek hukumati bilan muloqotni ushlab turish orqali, islohotlarni amalga oshirishga rag‘batlantirishni nazarda tutishni xohlaydilar. Ya‘ni yakkalab qo‘yishdan ko‘ra, tanqidiy muloqotda bo‘lishni afzal ko‘radilar. O‘tmishda ayrim xalqaro shirkatlar korruptsion harakatlarda ishtirok etishgan va bu albatta mamlkat uchun foydali bo‘lmagan. Shuning uchun nafaqat yolg‘iz O‘zbekiston hukumati, balki xalqaro tashkilotlar ham bu mas‘uliyatni o‘z bo‘ynilariga olishlari kerak.)

BBC: Panama qog‘ozlari Putin va Nazarboyev kabi davlat rahbarlarining korruptsiyaga bog‘liqligi borasidagi iddaolarni fosh qilgan, biroq O‘zbekiston rahbarining nomi umuman hech qayerda ko‘rsatilgani yo‘q. Sizning nazaringizda, Islom Karimov korruptsiyadan xoli deb aytsak bo‘ladimi, ya‘ni u faqat siyosiy hokimyatni qo‘lida ushlab turishga intilgan arbobmi?

Deyvid Lyuis: U hamisha ko‘proq siyosatga berilgan prezident sifatida tanilgan. U moddiy manfaatdorlikka qiziqmagan siyosiy avloddan kelib chiqqan. Uning biror bir mablag‘ga aralashgani haqida dalillar yo‘q. Uning yaqinlari va mavqe‘ uchun kurashayotgan yaqin doiradagi amaldorlar korruptsiyaga bog‘liqliklari borasida ayrim xabarlar chiqib turadi. Shuning uchun mintaqa rahbarlaridan Karimov shu ma‘noda anchayin ajralib turadi. Lekin, eng muhimi, bu bilan tizim o‘zgarmayotgani katta muammo bo‘lib qolmoqda. Chunki alaloqibat, butun muammo shaxsiyatlarga emas, tizim va islohotlarning yo‘qligiga borib taqaladi. Sog‘likni saqlash va ta‘lim tizimlariga byudjet pullari yetarlicha ajratilmayotgani, oyliklar o‘z vaqtida to‘lanmayotgani sabab oddiy o‘zbeklar azob chekmoqdalar va bular butun iqtisodga katta zarardir.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbe
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq