Toj Mahal ro‘baro‘ kelgan besh xatar

Image copyright Getty
Image caption Hindistonda boburiylar qurgan afsonaviy Toj Mahal

So‘nggi yuz yillikda 17 asrda qurilgan mavzoley-masjid turli xavflar qarshisida qolgan.

Hindistonning Agrasida, Jamna daryosi qirg‘og‘ida joylashgan afsonaviy Toj Mahal oxirgi haftalarda kuchli yashil tusga kirgan.

Atrof-muhitni himoya qilish mutaxassislari aytishicha, ifloslangan Jamna daryosidan chiqayotgan zararkunandalar Toj Mahalning oppoq marmar devorlariga yashilsifat qora izlarini qoldirishgan.

Oxirgi yuz yilda 17 asrda bunyod bo‘lgan mavzoley-masjid turli ko‘rinishdagi tahdidlarga uchragan - ifloslanishdan tortib, vijdonsizlarcha qurilgan krematoriya va bomba xavfigacha.

BBCning Dehlidagi muxbiri Gita Pandey "muhabbat yodgorligi"ga o‘tmishda va hozirda mavjud besh xavfdan iborat ro‘yxatni tuzgan.

Zararkunandalar

Lotin tilida chironomus calligraphus deb ataladigan qurtlar yoki zararkundalar chiqaradigan qoldiqlar Toj Mahalni oq rangdan yashilga aylantirmoqda, deydi atrof muhitni himoya qilish xodimi Joshi.

Image copyright Archaeological Survey of India
Image caption Toj Mahalning yashilsifat devorlari
Image copyright VIVEK JAIN
Image caption Zararkunandalar hammayoqda o‘z asoratlarini qoldirishadi
Image copyright Archaeological Survey of India
Image caption Toj Mahal devorlaridagi zararkunandalardan chiqadigan qoldiqlar

Faol hatto Milliy yashil tribunalga- hukumat tomonidan atrof-muhitga aloqador bahs-muammolarni yechish uchun tuzilgan idoraga, petitsiya ham jo‘natgan. Petitsiyada ifloslangan Jamna daryosida favqulodda tez ko‘payib borayotgan zararkunandalar afsonaviy me‘morlik obidasi go‘zalligiga putur yetkazayotganligi aytiladi.

"52 quvurdan Jamna daryosiga tushadigan oqavalar shundoqqina Toj Mahalning orqa tomonidan o‘tadi. Jamna shu darajada ifloslandiki, hatto zararkunda qurt-qumursqalarning ko‘payishiga tabiiy ravishda moslashgan baliqlar endi o‘lib ketmoqda. Qurt-qumursqalar dahshatli tarzda ko‘paymoqda", deydi Joshi BBCga.

Zararkunandalar mavzoleyning marmar devorlariga qoldiradigan izlar doimiy ravishda yuviladi. Ammo, deydi Joshi, ko‘p marotabalab kimyoviy tozalash marmarning tabiiy tarovati, jilvasi, yaltirashini olib qo‘yadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muammoni boshqacha yechish: shunchaki Jamnani tozalash kerak.

Dushanba kuni Uttar-Pradesh shtati vaziri mahalliy amaldorlarga muammo sababini topish va uni yechishga ko‘rsatma bergan.

Ifloslanish

Toj Mahal Temuriylar avlodidan bo‘lgan G‘arbda Buyuk Mo‘g‘ullar deb ataladigan, Zahiriddin Bobur asos solgan podshohlikning hukmronlaridan Shoh Jahon tomonidan uning suyukli rafiqasi, 14 nchi farzandini dunyoga keltirayotib vafot etgan Mumtoz Mahal xotirasiga atab qurilgan.

Image copyright DK JOSHI
Image caption Joshiga ko‘ra, muammoni yechish oson: Jamnani tozalash kerak

Toj Mahalni ko‘pincha dunyoning yetti mo‘‘jizasidan biri deyishadi. U Hindistonda sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan ziyoratgoh hisoblanadi.

Biroq atrof-muhitning ifloslanishi, bunga sabab bo‘layotgan Agradagi turli ishlab chiqarish binolari va neftni qayta ishlash zavodi Toj Mahalning oppoq marmariga sariq tus bermoqda.

Yodgorlikning o‘tmish go‘zalligini tiklash uchun arxeologlar mavzoley devorlariga "loydan kosmetik niqob"lar surishadi, bu esa ifloslantiruvchi narsalarni tortadi.

Image copyright Archaeological Survey of India
Image caption Loydan niqoblar Toj Mahal devorlariga ko‘p marta surtilgan

Hindiston Arxelogiya boshqarmasidan Manoj Bxatnigorning BBCga aytishicha, bu maskalar hind ayollari tomonidan ishlatiladigan an‘anaviy retseptlarga asoslangan.

Kimyoviy modda tarkibida hind ayollari pardozida ishlatiladigan an‘anaviy vositalar bo‘ladi va u tabiiy chiroyni qaytarishga yordam beradi deb ishoniladi.

"Boy tarkibdan iborat qorishma suv bilan aralashtiriladi va devorga yopishtiriladi, u yerda 24 soat davomida qurishi uchun qoldiriladi. Shundan so‘ng loy ko‘chirib olinadi, yuza qismi esa ifloslangan narsani olib tashlash uchun distillangan suv bilan yuviladi", deya tushuntiradi qo‘llanish usulini Bxatnigor.

Bu kabi kosmetik maskalar 1994, 2001, 2008 va 2014 yillarda mavzoley devoriga surilgan.

Keyingi "go‘zallik seansi" Hindistonda issiq mavsum o‘tishi bilan rejalashtirilgan.

Savdo markazi

2002 yil noyabrda Toj Mahal joylashgan Uttar-Pradesh shtatining hukumati mavzoley yaqinida savdo markazi qurishni boshlagan.

O‘shanda rasmiylar savdo markazi Toj Mahal atrofidagi do‘konlarni joylashtirish uchun qurilayotganini bildirganlar.

Image copyright AFP
Image caption Toj Mahal oldida savdo markazi shu tariqa qurilmadi

Rasmiylarga ko‘ra, yangi savdo markazi ochilishi bilan sayyohlar Toj Mahalga tiqilinch, iflos ko‘chalar oralab borishdan qutuladilar.

Faollar savdo markazi qurilishiga qarshi chiqdilar. Ularga ko‘ra, bu kabi qurilishlar atrof-muhitni himoya qilish qonuniga zid bo‘lib, me‘morlik obidasini xavf ostiga qo‘yadi.

Shunday qilib qurilish loyihasi ham to‘xtadi. Dafn gulxanlari

O‘tgan yil Hindiston Oliy mahkamasi dunyoga mashhur Toj Mahal maqbarasini asrash maqsadida maqbaraga yaqin o‘tin bilan jasad kuydiriladigan marosim joyini ko‘chirishga buyruq bergan.

Image copyright AFP
Image caption Dafn marosimlari payti yoqilgan gulxanlardan chiqqan tutun va kul Toj Mahalni ifloslantirmoqda

Mahkamaning bildirishicha, shtat hukumati ifloslanish darajasini kamaytirish uchun 200 yillik krematoriyni boshqa joyga ko‘chirishi yoki elektr pechlaridan foydalanishga o‘tishlari kerak.

Hukumat bunga ko‘ngan, biroq ko‘p o‘tmay, ba‘zi hindularning noroziliklariga duch kelgan.

Shu tariqa krematoriy ham o‘z joyida ishlamoqda.

Bomba va terror tahdidi

Image copyright AFP
Image caption Toj Mahal qo‘riqchilarini bir necha barobar ko‘paytirilgan

O‘tgan yil "Al Qoida" jangari guruhi mavzoleyga hujum qilishi haqida tarqalgan xabarlar orqasidan Toj Mahalni qo‘riqlash kuchaytirilgan.

2001 yilda ham Pokistonda joylashgan "Lashkari Toyiba" jangari guruhining Toj Mahalni nishonga olish tahdidi tufayli deb hukumat xavfsizlik choralarini oshiradi.

O‘z o‘rnida jangarilar Toj Mahalga hujum qilmoqchi bo‘lmaganliklari, bu to‘g‘risida mish-mishlar esa hukumatning ularni yomonotliq qilishga urinishlari ekanini aytib chiqqanlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq