O‘zbekiston armiyasini dunyoning 48-qudratli armiyasi deb topdilar

Image copyright uza.uz

globalfirepower.com web-sayti dunyo mamlakatlarining jangovor qobiliyatini namoyish etadigan navbatdagi Global Firepower Index reytingini e‘lon qilgan va unda 126 mamlakat orasida O‘zbekiston armiyasini 48-o‘ringa joylashtirgan.

Bu reytingda jahonning eng qudratli armiyasi deb AQSh harbiylari topilgan.

Ikkinchi o‘rinda Rossiya, uchinchi o‘ringa Xitoy armiyasi qo‘yilgan.

Reytingni tuzuvchilar u yoki bu mamlakat armiyasining qudratini baholashda 50 dan ortiq omillarga tayanganlarini aytadilar.

Bularga qo‘liga qurol olishga imkonli insonlar soni, ishga yaroqli aholi, quruqlik, havo va dengiz flotlari va bu yo‘nalishdagi qurolli kuchlari ixtiyoridagi qurol-aslaha va texnika, neft yoki suv singari resurslarga egaligi, mudofaa maqsadiga har yili byudjetdan ajratiladigan mablag‘, jo‘g‘rofiy joylashishi, dengizga chiqish imkoniyatiga ega yoki yo‘qligi singarilar kirgan.

Reytingni tuzishda mamlakatning yadroviy qurolga egaligi inobatga olinmagani ta‘kidlangan.

Jangovor reytingni tuzishda AQSh Markaziy Istihborot agentligi web-sayti, AQSh Markaziy Istihborot agentligining World Factbook ma‘lumotnomasi, Wikipedia web-sayti va ommaga ochiq domen va matbuot ma‘lumotlaridan foydalanilgani, rasmiy ma‘lumotlar mavju bo‘lmagan bo‘limlarda taxminiy hisob-kitoblarga tayanilgani aytilgan.

Global Firepower Index reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasining 420 tanki, 715 zirhli texnikasi, 880 zambaragi bor.

O‘zbekiston havodan mudofaa tizimida 166 uchoq, 69 tikuchari, foydalanishga yaroqli 53 ta aeroporti bor.

Reytingda O‘zbekiston aholisining soni 29 million 199 ming kishi deb berilgan.

Holbuki, O‘zbekiston rasmiylari mamlakat aholisining soni 31 milliondan oshgani haqida bundan ikki yil oldin e‘lon qilgan edilar.

Global Firepower Index reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasinig muntazam harbiylari soni 65 ming kishini, zaxiradagi harbiylar soni 20 ming kishini tashkil etadi.

Global Firepower Indexga ko‘ra, O‘zbekistonning yillik mudofaa xarajatlari 70 million dollarni, mamlakatning tashqi qarzi 10 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

O‘zbekiston mamlakat mustaqilligidan keyin professional armiya tuzishga qaror qilgan, serjantlar maktablarini tashkil etgan.

Sobiq Sho‘ro respublikalari orasida ilk bor harbiy bo‘lmagan shaxsni mudofaa vaziri etib tayinlagan.

Taniqli o‘zbek shoiri G‘afur G‘ulomning o‘g‘li, yadro fizikasi bo‘yicha olim Qodir G‘ulomov O‘zbekiston Mudofaa vaziri lavozimini egallagandi.

2005 yilgi Andijon qirg‘ini payti Qodir G‘ulomov ushbu lavozimda edi, qirg‘indan keyin unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni Andijon hodisalarida O‘zbek armiyasini aksariyatini qurolsiz insonlar tashkil etgan olomonga qarshi pala-partish o‘t ochib yuzlab begunoh insonlarni o‘ldirishda ayblaydilar.

Global Firepower Index reytingi shu yil fevralida ham e‘lon qilingan, unda O‘zbekiston armiyasi 54-o‘ringa qo‘yilgan edi.

Global Firepower Index reytingida sobiq SSSR respublikalaridan Ukraina 30-, Belarus 49-, Qozog‘iston 53-, Ozarbayjon 60-, Gurjiston 80-, Turkmaniston 86-, Armaniston 94-, Litva 97-, Latviya 103-, Estoniya 109-, Qirg‘iziston 110- va Tojikiston 112-o‘rinni egallagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq