Savchenko Ukraina prezidenti bo‘lishga tayyorligini aytdi

Image copyright AP

Ukrainalik zobit, bir kun oldin Rossiyadan vataniga qaytarilgan Nadejda Savchenko zarur bo‘lgan vaziyatda prezident bo‘lishga tayyorligini bildirdi.

"Men uchishni xohlayman, lekin, odamlar meni prezident sifatida ko‘rishni istashsa, prezident bo‘lishga tayyorman", dedi u Rossiyadan qaytganidan so‘ng Kiyevada bergan matbuot anjumanida.

Ayni paytda, Savchenko Oliy Rada deputati sifatida asirlikka tushgan ukrainalik boshqa harbiylarning ozod etilishi bilan, shuningdek, armiyaga aloqador masalalar bilan shug‘ullanmoqchi.

"Armiyada nazorat bo‘yicha qo‘mita ishlarida qatnashaman. Men u yerdagi vaziyatdan xabardorman va armiyadagi korruptsiya haqida bilaman, unga qarshi kurashmoqchiman", deb qayd etgan u.

Nadejda Savchenkoning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylarni ozod qilishga yordam beradigan bo‘lsa mamlakat sharqida o‘zini mustaqil respublikalar deb e‘lon qilgan rossiyaparast vakillar bilan kelishuv va muzokaralar olib borishga tayyor.

Image copyright Reuters

Ukraina sharqidagi voqealarni Savchenko Rossiya-Ukraina urushi deb atagan. "Bu fuqarolar urushi emas, bu rossiya-ukraina urushi. Ularning qanchadir bir qism odamlari bizning yerimizga urushish uchun keldilar. Dushman bu Rossiya", deb ta‘kidlagan u.

Bundan tashqari u "dunyoni kezishni va agressor bilan kurashda Ukrainaga yordam bermoqchi bo‘lgan mamlakatlarga safar qilish"ni xohlashini aytgan.

Qrimni qanday qilib qaytarish haqidagi savolga javob berarkan, Savchenko buning uchun ikki yo‘l: urush yoki xalqaro huquq yechim bo‘la olishini aytgan.

Image copyright Getty

"O‘sha paytda uni himoya qilish kerak edi. Biz buni qo‘ldan boy berdik... Endi qanday qaytarish mumkin? Agar uchinchi jahon urushi bo‘lsa, Qrim qaytadi. Urushsiz xalqaro huquq orqali unga yetib borish mumkin. Balki buni boshqa avlodlar amalga oshirar", degan Savchenko.

25 mayda Savchenko bilan qo‘shma matbuot anjumanida Prezident Poroshenko "Nadejdani qaytarib olganlari kabi Qrim va Donbassni ham qaytarishga harakat qilishi"ni bildirgandi.

Bu bayonotni izohlagan Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina Prezidentining Donbassni qaytarib olish xohishi insonparvarlik nuqtai nazaridan ko‘zda tutilgan bo‘lsa, Kreml uni yoqlaydi, deydi.

Biroq u Ukraina Prezidentining Rossiya anneksiya qilgan Qrim haqidagi gapini izohlashni rad qilib, Qrimni Rossiya mintaqasi deb atagan.

25 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donbassda ikki rus jurnalistining o‘limida aybdor topilib, 22 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Nadejda Savchenkoni avf qilish to‘g‘risida farmonga imzo chekkan. Janob Putin buni insonparvarlik nuqtai nazaridan amalga oshirganini bildirdi.

Savchenko farmon chiqqan kuniyoq Ukrainaga jo‘natilgan, Kiyevdan esa josuslik uchun 14 yilga qamalgan ikki rossiyalik harbiy Aleksandr Aleksandrov va Yevgeniy Yerofeyevlar Moskvaga yetkazilgan.

Image copyright Reuters

Nadejda Savchenkoni Kiyev aeroportida qahramon sifatida yuzlab odamlar gullar bilan kutib olishgan. O‘sha yerda jurnalistlarga intervyu bergan Savchenko vatani Ukraina uchun hayotini qurbon qilishga tayyorligini ta‘kidlagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq