O‘zbekistonda bu yilgi zakot 47 dollar etib belgilandi

Image copyright qadriyat.uz

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi 2016 yilgi zakot, fitr va fidya miqdorlarini e‘lon qilgan.

Miqdorlarni diniy idoraning Ulamolar Kengashi tasdiqlagan.

O‘zbekiston ulamolari kengashi qaroriga, bu yilgi zakot ham har yili bo‘lganidek 85 gramm oltinning bahosiga asoslangan.

"1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay‘atining milodiy 2016 yil (hijriy 1437 yil) uchun zakot nisobi 1 gr. tilloning bugungi kundagi bozordagi o‘rtacha narxi 135 000 so‘m ekanligini e‘tiborga olib, 85 gr. tillo hisobidan zakot nisobi 11 475 000 so‘m ekanligi va mazkur summadan qirqdan bir hissasi, ya‘ni 286 875 so‘m zakot chiqarish to‘g‘risidagi xulosasi ma‘qullandi.

2. Fitr sadaqasi miqdori viloyat, shahar va tuman bozorlaridagi 2 kg. bug‘doy narxidan kelib chiqqan holda belgilandi. Masalan 2016 yilda Toshkent shahar bozorida 1 kg. bug‘doyning narhi o‘rtacha 2000 so‘m bo‘lsa, demak 2 kg. bug‘doy narxi 4000 so‘m bo‘ladi.

3. Bu yilgi fidya miqdori bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, o‘rtacha 10 000 so‘m deb belgilandi", deyiladi diniy idora Ulamolar Kengashi qarorida.

Shu kecha-kunduzda O‘zbekiston "qora bozorlarida" 1 AQSh dollarini sotib olish bahosi 6080 so‘m, sotish narxi 6100 so‘m bo‘lib turipti.

11 million 475 ming so‘m qora bozor kursi bo‘yicha 1887 dollarni, 286875 so‘m 47 dollarni tashkil etadi.

Diniy idora 2015 yili zakot nisobini 7 140 000 so‘m, fitr sadaqasini 3200 so‘m, fidya miqdorini 10000 so‘m etib belgilagan.

O‘tgan yili ham O‘zbekistonda 10000 so‘m bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati deb ko‘rilgan.

O‘zbekistonda bir odam necha pulga to‘yadi?

O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi "iste‘mol savati" qanchani tashkil etishi haqidagi ma‘lumotlarni oshkor etmaslikni afzal ko‘radi.

"Iste‘mol savati" sodda qilib aytganda bir oilaning bir oylik xarajatlarini anglatadi.

2015 yilning 1 sentyabridan O‘zbekistonda eng kam ish haqi oyiga 130240 so‘m, yoshga doir pensiya 254730 so‘m, bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa 254730 so‘m, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 156310 so‘m etib belgilangan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq