‘Rossiyada pessimist va norozilar ko‘paymoqda’

Image copyright AP

Mamlakat aholisi orasidagi bu kabi kayfiyatga Umumrossiya omma fikrini o‘rganish markazi olib borgan so‘nggi so‘rov natijalari dalolat qilgan.

Markazning yangi so‘rovi natijalaridan ayon bo‘lishicha, hozir bor-yo‘g‘i 40 foizga yaqin rossiyalik mamlakatlari to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga ishonisharkan.

So‘rov mualliflari o‘zlarining e‘tirof etishlaricha, bu – shu yil boshidan o‘zlari qayd etgan eng past ko‘rsatkichdir.

Agar, qiyos o‘laroq olinadigan bo‘lsa, o‘tgan yil may oyida bu ko‘rsatkich qariyb 50 foizni tashkil etgan.

Ya‘ni, aholining qariyb teng yarmi Rossiya borayotgan yo‘lning haqligiga ishongan.

Xuddi shu manzarada Rossiya olib borayotgan siyosatdan norozilar soni ham bir yilning ichida deyarli 10 foizga ortgan.

O‘tgan yil bu kabi xulosada bo‘lgan rossiyaliklar soni 12 foiz bo‘lsa, hozirga kelib, bu raqamlar 21 foizga yetgan.

Siyosatdan iqtisodga

Image copyright RIA Novosti

Agar, Umumrossiya omma fikrini o‘rganish markazining yangi so‘rovi natijalariga tayanilsa, mamlakat aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i Rossiyadagi mavjud iqtisodiy vaziyatdan ham mamnun emaslar.

Bu xususdagi fikrlari so‘ralganlar yarmidan ortiqrog‘i nazdida Rossiyadagi iqtisodiy ahvolga chidasa bo‘ladi.

Xuddi shu manzarada bor-yo‘g‘i 11 foiz rossiyalik esa, hammasi joyida, degan ishonchda.

Boshqa tomondan, yangi so‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisining chorak foizi o‘z tirikchiligidan rozi emas.

Ammo, shunda ham, rossiyaliklarning yarmiga yaqini bugungi hayotlaridan butkul mamnun.

O‘tgan yil esa, qariyb har beshta rossiyalikdan bittasi o‘z turmushidan norozi ekani ma‘lum bo‘lgandi.

Umid-chi?..

Image copyright k

Yangi so‘rov natijalari, Rossiyada “Hammasi izga tushib ketadi”, degan umidda bo‘lganlar sonining ham kamayib ketayotganiga dalolat qilgan.

Agar, markaz keltirgan raqamlarga tayanilsa, 41 foiz rossiyalik kelasi yil ham hayotlari “eski hammom, eski tos” qabilida bo‘lishiga ishonishadi.

Qariyb 20 foiz rossiyalik nazdida esa, turmushlari hozirgidan-da yomonlashadi.

Faqat chorak foizdan sal ortiq rossiyalikkina kelajakka umid ko‘zi bilan qararkan.

Tashvishlar

So‘nggi oylarda o‘tkazilgan so‘rovlar esa, bir narsaga: rossiyaliklarni siyosiysidan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy muammolar tashvishga solayotganini ko‘rsatgan.

Markaz tadqiqotchilariga ko‘ra, aholi Rossiya iqtisodidan tortib, daromadlarining kamligi va ishsizlar sonining ortib ketishidan xavotirdalar.

Agar, markaz tomonidan yaqindagina o‘tkazilgan boshqa bir so‘rov natijalariga tayanilsa, bu yil aksariyat rossiyaliklar o‘z ta‘tillarini uyda va yoki yozloqlarida o‘tkazishmoqchi.

Bunga esa, ular qo‘llarining kaltaligi va yoki ish joylaridan ta‘til olishga imkonsizliklari sabab bo‘lmoqda ekan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEKYou
  • Tube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Bu mavzuda batafsilroq