Azimjon Asqarov uyi musodarasiga kirishilgan

Mahalliy va xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Qirg‘izistonlik taniqli o‘zbek faol Azimjon Asqarovning uyini musodara etish amallariga norozilik bildirmoqdalar.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, mahkamaning 2012 yil 23 maydagi hukmi bo‘yicha Azimjon Asqarovning Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tumani Bozorqo‘rg‘on qishlog‘i Hovuzboy ko‘chasi 3-uydagi manzilda joylashgan xonadoni davlat tasarrufiga o‘tkazilishi lozim.

25 may kuni Azimjon Asqarovning uyiga 20 tacha odam kelgan.

Ular orasida sud ijrochilari, militsiya xodimlari, davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi xodimlari bo‘lganlar.

Ular sud qarorining ijrosini bajarish uchun kelganlarini aytganlar va uydagi buyumlarni xatlab, fotosuratlarga olib ketganlar.

Ushbu amalga norozilik sifatida "Bir duyno - Kыrgыzstan" inson huquqlarini himoya qilish harakati bayonot tarqatgan, davlat mulkini boshqarish jamg‘armasining Azimjon Asqarov uyini musodara qilish ishlariga qo‘shilishini qonunga zid ekanligini ta‘kidlagan.

"Bir duyno - Kыrgыzstan" tashkiloti mahkama musodara qilish haqida qaror chiqagan uy Azimjon Asqarovning onasidan meros qolganini va bu uyda uning oilasi istiqomat qilayotganini ta‘kidlagan.

BMT: Qirg‘iziston bir necha xalqaro hujjatni poymol etgan

Azimjon Asqarov 2010 yil 16 iyunda Qirg‘iziston janubidagi fojeaviy iyun voqealaridan keyin qamoqqa olingan.

Uni iyun voqealari jarayonida ommaviy tartibsizliklar tashkil qilishda va mahalliy militsiya zobitini o‘ldirishda sheriklikda ayblashgan.

2010 yil 15 sentyabrida Qirg‘iz mahkamasi Asqarovni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.

Azimjon Asqarov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni hamisha inkor etib kelgan.

AQSh hamda Ovro‘po Ittifoqi Azimjon Asqarovga chiqarilgan mahkama hukmidan o‘z noroziliklarini bildirib kelganlar, Azimjon Asqarovning dastlabki hibs payti shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani mahkama tomonidan inkor etilgani qayta-qayta ta‘kidlangan.

AQSh Davlat departamenti 2015 yil iyulida Azimjon Asqarovni "Inson huquqlari himoyachisi" mukofoti bilan mukofotlagani Qirg‘iziston rasmiylarini g‘azablantirdi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi taniqli o‘zbek inson haqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning AQSh Davlat departamenti mukofoti bilan taqdirlanganini qoralab bayonot e‘lon qildi.

Azimjon Asqarov mukofotlanganiga javoban Qirg‘iziston AQSh bilan 1993 yilda imzolangan hamkorlik bitimini bekor qildi.

Shu yilning 21 aprelida Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari qo‘mitasi ekspertlari 2010 yil yozidan buyon hibsda qolayotgan Azimjon Asqarovni ozod etishga chaqiriq bilan chiqdilar.

BMT qo‘mitasi Azimjon Asqarovning hibsga olinishi Qirg‘iziston qonunlariga zid bo‘lgani, izolyatorda inson chidab bo‘lmas sharoitda saqlangani, shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani hamda o‘zini mahkamada himoya qilish imkoniyatlaridan mahrum etilganini urg‘ulagan.

Bu bilan Qirg‘iziston o‘zi a‘zosi bo‘lgan bir necha fuqaroviy va siyosiy huquqlar paktlarini poymol etgan, deyiladi BMT ekspertlari xulosasida.

Buning ortidan Qirg‘iziston Oliy mahkamasi Azimjon Asqarovning ishini qayta ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq