"Palov" kitobi xalqaro pazandalik tanlovi sovrindori bo‘ldi

Image copyright httpstalic.livejournal.com

O‘zbekistonlik taniqli oshpaz Stalik Xankishiyev Xitoyda bo‘lib o‘tgan xalqaro pazandalikka bag‘ishlangan tanlovda yana bir mukofotni qo‘lga kiritgan.

Xitoyning Yantay shahrida bo‘lib o‘tgan "Gurman" konkursida Stalik Xankishiyevning "Palov" kitobi "Jahon oshxonasi" deb nomlangan kategoriyada eng yaxshi kitobdeb topilgan.

"Palov" tanlovning "Buyuk Ipak yo‘li oshxonasi haqidagi eng yaxshi kitob"i bo‘lgan.

Yantay shahrida turib Bi-bi-si bilan suhbatlashgan Stalik Xankishiyev bu sovrindan juda faxrlanganini aytdi.

"Men juda iftixordaman. O‘ylaymanki, mendagi faxr tuyg‘usini O‘zbek xalqi, Ozari xalqi va dunyoda palov pishiradigan hamma xalqlar ham his qiladilar", dedi Stalik Xankishiyev.

Pazandachilikka bag‘ishlangan "Gurman" tanlovi kino san‘atidagi "Oskar" mukofotiga qiyoslanadi.

"Gurman" asoschisi Eduardo Kuantroning aytishicha, bu yilgi tanlovda dunyoning 53 mamlakatidan 500 mehmon qatnashgan.

Ularning 200 dan ortig‘i oshpaz mualliflar bo‘lganlar.

Eduardo Kuantro dunyoga mashhur brendlar - Kuantro" likyori, "Remi Martin" konьyagiga asos solgan qadimgi Ovro‘po sulolasi vakili bo‘lib, pazandalikka bag‘ishlangan tanlovga 1995 yili asos solgan.

Image copyright httpstalic.livejournal.com

O‘zbekistonning Farg‘ona shahrida 1962 yili tug‘ilgan Stalik Xankishiyev, "50 yildan buyon osh yeyman, 40 yildan buyon osh pishiraman, 10 yildan buyon O‘zbek va Ozari taomlari haqida kitoblar yozaman", deydi.

U so‘nggi yillarda Rossiyada yashab, ijod bilan shug‘ullanadi.

2015 yil Rossiyadagi AST nashriyotida chop etilgan "Palov" kitobi dunyodagi osh turlariga bag‘ishlagan va bu kitob Stalik Xankishiyevning 6-kitobi bo‘lgan.

Bundan oldin u uch marta xalqaro oshpazlik tanlovlarida g‘olib bo‘lgan.

O‘tgan yili Olmoniyaning Frankfurt shahrida bo‘lib o‘tgan kitob ko‘rgazma-yarmarkasida Stalik Xankishiyevning "Bozor, qozon va dasturxon" kitobi so‘nggi 20 yildagi milliy oshpazlikka bag‘ishlangan eng yaxshi kitob deb topilgan.

Stalik Xankishiyev oshpaz, yozuvchi va fotoijodkor. U qator Rossiya telekanallarida pazandalikka bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarga boshlovchilik qilgan.

Bi-bi-si mehmoni sifatida mushtariylar savollariga javob qaytararkan, Stalik Xankishiyev, musiqa va tasvir san‘at bo‘lganidek, taomdan zavq olish ham san‘at, deb aytgan.

Stalik Xankishiyev: musiqa va tasvir san‘at bo‘lganidek, taomdan zavq olish ham san‘at

Stalik Xankishiyev Jonli Jurnalini varaqlaganda...
  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq