"O‘zbekiston hukumati byudjetchilarni yana chopiqqa majburlamoqda"

O‘zbekiston-Olmoniya Inson Huquqlari Forumi mamlakatdagi bahorgi dala ishlariga odamlarni majburan jalb etilishi holatlarini o‘rganib yangi hisobot e‘lon qilgan.

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston hukumati bu yil ham davlat byudjetidan moliyalanadigan idora-tashkilotlarning xodimlarini o‘z ixtiyorlariga zid ravishda g‘o‘za chopig‘iga jalb etmoqda.

Jumladan, o‘qituvchi va shifokorlar dalalarga olib chiqilgan, hisobot mualliflari taxminicha, ular ushbu ijtimoiy qatlamning 10-20 foizini tashkil etadi.

30 may kuni e‘lon qilgan hujjatga ko‘ra, paxta dalalarida chopiq ishlari aprel oyi oxirida boshlangani va iyun oyi oxiriga qadar davom etishi aytilgan. Tashkilot O‘zbekiston hukumati tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish amallarini mamlakatning olti viloyatida monitoring qilganini ta‘kidlagan.

Tashkilot a‘zolari bilan bo‘lgan suhbatlarda ishchilar dalaga chiqib ishlashdan ko‘ra mardikor yollab, masalani hal qilishni ma‘qul ko‘rganlarini aytganlar. Hisobotga ko‘ra, bir tadbirkor, ishchi yoki xizmatchi uchun bu tadbir 10-30 AQSh dollariga tushgan. Naqd pul berib odam yollash uchun ishchi va xizmatchilar plastik kartalaridagi pullarning 10-15 foizidan voz kechib, naqd pul - "obnalichka" qilishga majbur bo‘lganlar.

Hisobotda Sirdaryo viloyatining "Oq oltin", Mirzaobod, Boyovut va Paxtaobod tumanlarida o‘qituvchi va maktab ishchilarining hukumat vakillari tomonidan g‘o‘za chopig‘iga yuborilgani aytilgan. Tashkilot ekspertlari bilan intervyularda sirdaryolik o‘qituvchilar chopiq ishlaridan noliganlar.

Jumladan, nomi oshkor etilmagan Sirdaryo viloyatidagi o‘rta maktablardan birining o‘qituvchisi shunday deydi: "15 may dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, bizning maktabdan hamma o‘qituvchilar chopiqqa chiqishlari kerakligi aytildi. Bizga hafta ichida bir kungina dam olishga ham ruxsat yo‘q. Hamma to‘lovlarni o‘zimizning yonimizdan to‘lashimiz kerak. Dalaga qatnaydigan avtobuslar tekin, biroq biz dalaga ertalab azonda borishimiz uchun taksiga o‘tirishimiz kerak. Umuman olganda, daladagi chopiq ishlari men uchun har tomonlama qo‘shimcha to‘lov va qo‘shimcha ish demakdir."

Guliston shahridagi maktab va kasalxonalar 25 foiz ishchilarini jalb qilinganlari aytilgan hisobotda. O‘qituvchilardan biri shunday deydi: "22 may dam olish kuni bo‘lishi kerak edi. Men "Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi" ko‘rik-tanlovida ishtirok etib kelayotgan edim. Men hamma kerakli hujjatlarni viloyat Xalq Ta‘limi boshqarmasiga topshirishga tayyorlab qo‘ygandim. Maktab direktori tanlovda qatnashishimni taqiqladi. Ta‘lim sifati va o‘qituvchilarning yutuqlari ular uchun muhim emas. Yagona muhim narsa bu paxta, hozir esa chopiq…"

Tadbirdan bosh tortgan yoki yetarlicha xizmat ko‘rsatmagan hollarida ishchilar jarimaga tortilishlari yoki ishdan bo‘shatilishlari haqida ogohlantirilganlarini aytganlar.

Farg‘ona viloyatidan olingan monitoring xulosalari shuni ko‘rsatadiki, may oyida amaldorlar o‘qituvchilardan paxta dalalarini tozalash kampaniyasi uchun 2000 so‘mdan yig‘ib olganlar. Bu pullarga fermerlar kuniga 15000 so‘mga mardikor yollaganliklari aytiladi.

Forumning Jizzax viloyatidagi kuzatuvlariga ko‘ra, o‘qituvchilar chopiq ishlariga hamda qovoq ekishga jalb qilinganlar. O‘qituvchilar va maktab ishchilari kuniga 3 soatlik tanaffus bilan 10 soat ishlashlari talab qilingan.

Jizzax va Sirdaryodagi amaldorlar maktab va shifoxona rahbarlaridan chopiq ishlarini boshqarishni va dalalarni g‘o‘za ekishga tayyorlashni buyurganlari aytiladi. Jizzaxda amaldorlar fermerlarni jarimalar bilan qo‘rqitib, paxtadan boshqa ekinlarni ekish mumkin emasligidan ogohlantirishgan. Fermerlar esa paxta ekishning "ulovidan tushovi qimmat" ekanligini ta‘kidlaganlar va paxtadan faqat qarzga botishlarini aytganlar.

O‘zbekiston hukumati yillar davomida paxta va bug‘doy oldi-sottisini nazorat qilib keladi. Bu yildan boshlab esa hukumat meva va sabzovot yetishtirishga talabni kuchaytirgani mahalliy nashrlarda xabar qilindi.

Mahalliy matbuot xabar qilishicha, hukumat g‘o‘za maydonlariini qisqartirish va meva-sabzavot ekinlarini ko‘paytirishga qaror qilgan.

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani va Toshkent viloyatining Angren shaharchasidan o‘qituvchilar 10 kunlik chopiq ishlariga jalb qilinganliklari haqida xabarlar tarqalgan. Bundan tashqari, Nukus Pedagogika Instituti talabalari chopiq ishlarida qatnashganlar.

"Dalalardagi majburiy mehnatga jalb qilish Xalqaro Mehnat Tashkilotining 105-konventsiyasiga ziddir. O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish maqsadida fuqarolarni majburiy mehnatga majburlamaslikni bo‘yniga olgan holda ushbu konventsiyaga 1997 yilda qo‘shilgan", deya eslatadi O‘zbekiston-Olmoniya Inson Huquqlari Forumi.

Shu kunlarda Walk Free Foundation jamg‘armasi yangi qullik indeksini e‘lon qilgan va O‘zbekiston hukumatining hamon o‘z xalqini qullardek ekspluatatsiya qilayotganini ta‘kidlagan.

Walk Free Foundationga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 million 236600 kishi zamonaviy qullikda qolmoqda.

Bu jami aholining 3,9 foizi deya xomcho‘t qiladi xalqaro jamg‘arma.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq