"Men u yerga boshqa qadam bosmayman!"

Image caption Toshkent aeroportida xorijiy yo‘lovchilar uchun ro‘yxatdan o‘tish borasida ma‘lumot yo‘q

O‘zbekistonga safar qilayotgan chet el fuqarolari uch kun muddat ichida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

Ichki ishlar vazirligi Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining qoidalariga ko‘ra: "Xorijiy fuqarolar vaqtincha bo‘lish joyiga kelishgach O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishlari yoki mehmonxonalarda hisobga turishlari shart".

"Chet el fuqarosining O‘zbekistonda bo‘lish qoidalarini buzishi, ya‘ni ... vaqtincha yoki doimiy propiska yuzasidan belgilangan tartibga rioya etmasligi" va shuningdek boshqa qator qoida buzishlari "eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi", deb qayd etilgan O‘zbekistonning Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida.

Bu- registratsiyadan o‘tmagani uchun belgilangan jarima 1300-1500 AQSh dollarigachani tashkil qiladi, deganidir.

O‘zbekistonda tug‘ilgan Rossiya fuqarolarining ba‘zilari bu qoidalardan bexabarlar.

Ular O‘zbekistonga borganlarida mehmonxonada emas balki ko‘proq qarindoshlarining uylarida to‘xtaydilar.

Ko‘plab Rossiya fuqarolarining aytishlaricha, Toshkent aeroportida ro‘yxatga turish borasida biror-bir ma‘lumot berilmaydi.

Chegara va bojxona xodimlari kelgan yo‘lovchilarni ogohlantirib qo‘ymaydilar va ularga bojxona qog‘ozi bilan birga ro‘yxatdan o‘tish borasidagi ma‘lumot yetkazilmaydi.

Yaqinda Rossiya fuqarolaridan biri yigirma besh yildan so‘ng o‘z vataniga qaytdi.

Toshkentda o‘z vaqtida vaqtincha yashash joyida ro‘yxatga turmagani sabab, katta miqdordagi jarima to‘lashga majbur bo‘lgan.

Ayol, O‘zbekistondagi qarindoshlarini o‘ylab, o‘z ismi-sharifini e‘lon etmaslikni so‘radi.

Image caption “Registratsiyadan o‘tmagani uchun jarima miqdori eng kam oylikning ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga haqi bor”

Ayol: Men Toshkentga 25 yildan beri bormagandim. O‘zim Toshkentda tug‘ilib o‘sganman. Rossiyaga ketgach, anchadan beri o‘z qarindoshlarimdan uzilib qolgandim. Men uchun shu 25 yillik muddat xuddi mavjud bo‘lmagandek. May bayramlari munosabati bilan, ishxonamdan 10 kunga ta‘til so‘rab, Toshkentga borib kelmoqchi edim. U yerda rahmatli otam va ikki buvimning qabrlarini ziyorat qilib, qolgan qo‘shni-qarindoshlarim bilan diydorlashishni umid qilgandim. May oyi edi, G‘alaba kuni, men shunday xursandchilik bilan, shunday samimiy hislar bilan u yerga bordim. Chipta sotib olishdan oldin, men viza tartibini surishtirdim. Internetda qarasam, Rossiya fuqarolariga viza kerak emas, deb yozilgan. Men yanada xursand bo‘lib, o‘z vatanimga qaytayapman, deb o‘ylagandim. Toshkentda meni juda yaxshi kutib olishdi, xamma joyga olib borishdi, hamma yerda bayramona kayfiyat, men juda ham mazza qildim. Menga "sen registratsiyadan o‘tishing kerak", deb hech kim hech narsa demagandi.

BBC: Lekin siz bordi-keldi qilib yurgan o‘zbekistonlik odamlar bilan muloqotda bo‘lgansizdir, ulardan eshitishingiz mumkin edi-ku?

Ayol: Men faqat telefonda gaplashib turardim va o‘zimning yaqinlarimning hammasi shu yerda. Endi onam ba‘zan o‘z qarindoshlari, qarib qolgan xolalarim bilan gaplashib turadi.. Lekin ular ham bunday qoidalardan bexabar edilar. Keyin men Toshkentda tug‘ilganligimni inobatga olib, demak, menga o‘xshaganlarni u yerga xuddi o‘z vataniga qaytayotgandek qabul qilishadi deb o‘ylagandim. Xayolimga sira ham kirmagan edi bu. Men Toshkent aeroportiga uchib borganimda hech qayerda, hech qanday e‘lon yoki ogohni ko‘rganim yo‘q. Bojxona xodimlari ham Rossiya pasportimni ko‘ra turib, ogohlantirmadilar.

BBC: Lekin siz shu registratsiyadan o‘tishingiz kerakligi haqida qachon bilib qoldingiz?

Ayol: Qaytishimga bir kun qolganda, men telefonda bir tanishim bilan xayrlashib gaplashganimda, u mendan ro‘yxatdan o‘tdingmi, aks holda seni qamab qo‘yishlari mumkin, deb aytdi. Men lol qoldim. Men qarindoshimnikida turgan edim, o‘sha zahoti qarindoshim OVIRmi, bilmadim, qayergadir yugurib bordi va pasportimni ko‘rsatdi. Undan pasportimni olib qolishdi. Ertasi kuni men o‘sha idoraga bordim va pasportimni olib qolishganiga o‘z noroziligimni bildirdim. "Mening pasportimni olib qolishga haqqingiz yo‘q", deb aytdim, "men shaxarda qanday qilib pasportsiz yuraman? Birov to‘xtatsa-chi?" "Hech kim to‘xtatmaydi", degan javobni eshitdim. Men juda xafa bo‘ldim. "Aybim nima?" deb so‘rasam, u yerdagi xodim tumshug‘imga Kodeksni tiqib, sahifani ko‘rsatdi. U yerda "registratsiyadan o‘tmagani uchun jarima miqdori eng kam oylikning ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga haqi bor" deb yozilgan ekan. O‘zbekistonda minimal oylik 130 ming so‘m etib belgilangan. Demak menga ellik baravarida jarima yozishganini inobatga olsak, jarima miqdori olti million so‘m bo‘ladi. Dollarda esa bu 1500 dollar bo‘ladi. Men ulardan, "qayerdan oldinglar bunday summani", deb so‘radim. Kim bunday narsalarni o‘ylab chiqargan, sizning Dumangizdagi mulozimlar bu raqamlarni osmondan olishganmi? Bizning Rossiyamizda bunday katta jarimalar belgilanmaydi. Axir, men ishlaydigan ayol bo‘lsam, boy inturist bo‘lmasam, qanday qilib bunday mablag‘ni to‘lashim mumkin? Oddiy odamlar bunday mablag‘ni qayerdan olishsin? Men yigirma besh yil ishlab O‘zbekistonga borish uchun o‘z oyligimdan jamg‘arib tejab borganman. Kimda buncha pul bor?

BBC: Ehtimol, qonun buzgan chet elliklarning moliyaviy qobiliyatiga moslashtirib shunday jarimani belgilashgandir?

Ayol: Men qonunni buzganim yo‘q! Meni hech kim ogohlantirmadi, men noqonuniy harakatlarni amalga oshirganim yo‘q! Men faqat pasport rejimi qoidalaridan bexabar bo‘lib, o‘z vaqtida registratsiyadan o‘tmaganman. Axir, mening Toshkentda tug‘ilganimni, ismim, famiyaliyam o‘zbekligini inobatga olishlari kerak-ku. Yoki birinchi marta jarimani kichikroq miqdorda belgilashlari kerak, ikkincha marta buzilsa, jarima miqdorini ko‘tarishlari mumkin. Misol uchun, mashina haydovchilari uchun yo‘l qoidasini buzganlari uchun belgilanadigan jarimalar kabi. Bu yerda esa, to‘satdan, boshimga bir yarim ming dollar to‘lashing kerak, deb urgandek bo‘lishdi. Axir, bu real emas-ku!

BBC: Oxir-oqibat muammoni qanday qilib xal qildingiz?

Ayol: Endi, nima desam bo‘ladi? Qarindoshlarimning yordami bilan bir amallab muammoni hal qildim. Eng alam qiladigani shuki, Rossiyaga qaytgach, men surishtirdim, registratsiyadan o‘z vaqtida o‘tmagan O‘zbekiston fuqarolariga qo‘yilajak jarimalar miqdori anchayin past ekan. Ya‘ni, 100 AQSh dollaridan oshmaydi.

BBC: Ushbu mashaqqatlardan o‘tib, O‘zbekistonga qilgan safaringiz qanday taassurot qoldirdi sizda?

Ayol: Endi pul nuqtai-nazaridan gapirsak, safar tasasurotlarimga uncha salbiy ta‘sir qildi deyolmayman. Chunki men pul masalasiga yengillik bilan qarashga harakat qilaman. Biroq, meni adolatsizlik juda xafa qildi. Men bunday adolatsizlikni boshimdan kechirib, o‘zimga va‘da berdimki, O‘zbekistonga hech qachon boshqa bormayman deb! Toshkentga qo‘nishim bilan, bojxonadan o‘tayapman, xodimlarga pasportimni berayapman, ularga yuragimni ochib, men yigirma besh yil bo‘lmadim, juda ham xayajonlayapman, dedim... Butun samimiyat bilan borganidim.

BBC: Bojxona xodimlari yoki chegara xodimlari sizga "qoidamiz bunday" deb tushuntirib, yoki pasportingizga qog‘oz-varaq solib qo‘yishmadimi?

Ayol: Hech kim, hech narsa aytgani yo‘q, qanday o‘tgan bo‘lsam, shunday o‘tdim. Aeroportda ma‘lumot bo‘lmasa, odamlar registratsiyadan o‘tish borasidagi ma‘lumotlarni qayerdan olishlari mumkin? Men viza kerak emasligini bilganimdan keyin registratsiyadan o‘tish xayolimga ham kelmagan. Hattoki men uylarida turgan qarindoshlarim ham bilishmagan. Ularni ham jarimaga tortishdi. Hafsalam pir bo‘ldi. Ular oldida uyatli bo‘ldim. Ular menga mezbonlik qilib, meni aylantirib yurishdi, mehribonchilik ko‘rsatdilar. Buning ustiga yana pul to‘lashlariga to‘g‘ri keldi. Menimcha, ma‘lumotlarning yo‘qligi tufayli, odamlar mana shunday holatga tushmoqdalar. Dorga osilsangiz ham hech gap emas. Shuning uchun men aytdim, men u yerga boshqa qadam bosmayman!

BBC: Rossiyada sizga nisbatan mahalliy aholi qanday munosabatda? Ular sizni "o‘zimizniki" dek qabul qilishadimi?

Ayol: Ajoyib qabul qilishadi. Men 1985 yildan beri shu yerdaman. Oilam shu yerda, onam ham. Menga nisbatan mahalliylarning munosabati yaxshi. Men o‘zim odamlarni yaxshi ko‘raman, ko‘nglim ochiq, hammaga samimiy munosabatda bo‘laman.

BBC: O‘zlik haqida so‘rasak, siz o‘zingizni rossiyalik deb hisoblaysizmi yoki hamon o‘zbekistonlik sifatida taqdim etasizmi?

Ayol: Boshida ketganimda, men o‘zimni ajratmas edim. Men uchun o‘zlik qandaydir sun‘iy tushuncha. O‘zimni shu paytgacha ham rossiyalik va ham o‘zbekistonlik deb his qilardim. Lekin, O‘zbekistonga borgach, aynan o‘sha yerda o‘zimni begonadek sezdim. Men O‘zbekistonga chet ellik va begona bo‘lib qolipman. Meni u yerdagilar to‘la qabul qilishmadi. Ya‘ni, qarindoshlarimni aytmayapman, lekin shahar, butun vaziyat meni o‘ziniki deb qabul qilmadi. Odamlarga bunday munosabatda bo‘lish mutlaqo mumkin emas.

O‘z fikr-mulohazalaringizni uzbek@bbc.co.uk elektron pochtasi yoki BBC UZBEKning sotsial mediadagi sahifalari orqali bo‘lashing.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring