Suriyadagi havo hujumida o‘nlab insonlar halok bo‘lgan

Image copyright Reuters

Suriyaning isyonchilar nazorati ostidagi Idlib shahrini Rossiya kuchlari tomonidan havodan hujumga tutilishi natijasida ayollar va bolalar doxil kamida 20 inson halok bo‘lgan, yuzlabi yaralangan, deb xabar bermoqda Suriya inson haqlari markazi.

Ba‘zi xabarlarga qaraganda, qurbonlar soni 200 dan oshadi.

Bu xabar boshqa mustaqil manbalardan tasdiqlangani yo‘q. Biroq hujum oqibatlari aks etgan foto va videolar tarqatilgan faollar tomonidan.

Xabar qilinishicha, hujum muxolifat va Suriya kuchlari o‘rtasida otashkesim e‘lon qilingan fevral oyidan beri eng talofatli bombalash bo‘lgan. Hujumlar tun bo‘yi davom etgan.

Image copyright AFP

Faollarning ma‘lumotlariga binoan, searyadlardan biri kasalxonaga tushgan. Halok bo‘lganlar orasida yetti bola borligi aytilmoqda. Qurbonlar soni oshishi mumkin, deb aytadi Suriya inson haqlari markazi rahbari Rami Abdurahmon.

Ilib Al-Qoidaga aloqador Nusra Fronti jangari guruhining qarorgohlaridan biri hisoblanadi.

O‘tgan yilning sentyabr oyida Suriyada harbiy hujumlarini boshlagan Rossiyaga ko‘ra, hujumlar faqat terroristlar manzillarini, eng avvalo ID jangarilarini nishonga olyapti.

Image copyright Reuters

Ayni vaqtda Bashar Assadga muxolif bo‘lgan kuchlarning aytishicha, Rossiya hujumlari asosan G‘arb dastaklagan isyonchilar guruhlariga qaratilgan.

Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish Rossiya va AQSh vositachiligida 27 fevralda kuchga kirgan.

Biroq otashkesim ekstremistik guruhlarga taalluqli emasligi bildirilgan.

Idlib shahri 2012 yil ham hukumat kuchlari tomonidan ishg‘ol qilingan, lekin janglardan so‘ng isyonchilar nazoratni saqlab qolishgandi.

Shaharda asosan sunniy mazhabidagi musulmonlar istiqomat qilishadi.

Idlib Turkiya bilan chegara mintaqalarga yaqin joylashgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq