Rossiyada oila qurayotgan tojikistonliklar ko‘p

Image copyright Reuters
Image caption Mehnat muhojirlari Rossiyada qolish imkonlarini qidirishadi

Rossiyada turmush qurayotgan aksariyati mehnat muhojiri bo‘lgan tojik fuqarolari tobora ko‘paymoqda, deb yozadi Olmoniyaning Deutsche Welle ("Nemis to‘lqini") teleradioshirkat sayti mehnat muhojirligi muammolarini o‘rgangan tadqiqotchilarning hikoyalari asosida.

Aralash nikohlar tobora ko‘p, unga Tojikistonda aksariyat yaxshi munosabatda bo‘lsada, salbiy tomonlar ham ko‘riladi.

Kuzatuvchilar tojik muhojirlarini internatsional nikohni qayd etishga jalb qilayotgan bir qancha sabablarni qayd etishadi.

Dushanbelik Shavkat hozir qariyb 50 ga kirgan. U 1990 yillarda Rossiyaga ketgan. "Bozorda ishladim, yomon pul topmasdik, hatto chiroyli rus qizi bilan nikohdan ham o‘tdim", deb aytadi u. U sevishib oila qurgani, biroq vaqt o‘tib, turli kelishmovchiliklar tufayli xotini ajralishga ariza berib, bolani olib qolganini aytadi. Mening fojeam fuqarolikdan o‘tib olmaganim. Keyinga surib, mana nimaga erishdim", deb afsuslanadi endi vataniga qaytishga majbur muhojir.

Boshqa tojik Nekruzning omadi kelgan bu borada. U ham magazinda ishlagan. Uylangan. Hatto fuqarolikni olishga, kvartiralik bo‘lishga ulgurgan. Shu yil bahorda u keksa ota-onasiga uy ham qilib bergan. Millatining farqi yo‘q, asosiysi meni hurmat qilsa, bolalarni yaxshi ko‘rsa va yaxshi uy bekasi bo‘ldi", deydi u xotini haqida gapirib.

Yiliga 12 ming

Image copyright AFP
Image caption Rossiyada nikohdan o‘tish muhojirlar orasida tobora ommalashmoqda

"Bunday taqdirlar yuzlab, balki minglab topiladi, deb hikoya qiladi Dushanbedagi muhojirlik tashkilotining rahbari Rahmon O‘lmasov muxbirga. Uning aytishicha, millatlararo nikohlar muhojirlar orasida tobora ommalashmoqda. Ma‘lumotlar ko‘rsatishicha, har yili Rossiyada qariyb 12 ming tojik muhojiri uylanadi", deydi u.

O‘lmasovning ta‘kidlashicha, rus qizlari bilan oila qurishga kuyovning ota-onalari munosabatlari ham o‘zgarmoqda. Ilgarilari bunday nikohlarga ota-onalar qarshilik bildirgan bo‘lsalar, hozir ko‘proq ijobiy qaror bermoqdalar. Hatto ba‘zilari Rossiyaga to‘y qilishga borishadi yoki moddiy tomondan yordam berishadi.

Ayni paytda Rossiyada muhojirlar to‘ylarini tashkillashtiradigan firmalar paydo bo‘lib, yaxshi faoliyat olib bormoqda.

"Hozirgi vaziyat juda ham 1950-60 yillarni eslatadi. O‘shanda tojikistonliklar o‘qishga yoki armiyaga borib, uylariga rus kelinni olib kelish urf bo‘lgandi. Bu yerda farq yigitlar uylanib, o‘sha yerda qolib ketishmoqda. Kelinni esa ba‘zan mehmonga olib kelishlari mumkin", deydi O‘lmasov.

Sabablar

Image copyright bbc
Image caption Vatanda qolgan ayollarga qiyin bo‘lmoqda

Kuzatuvchilar qayd etishlaricha, yoshlarni Rossiyada oila qurishga boshlayotgan sabablar turli xil. Kimnidir ZAGSga haqiqiy muhabbat yetaklasa, kimdir manfaat yuzasidan nikohdan o‘tadi.

Rossiyada nikoh tojikistonliklarga bu mamlakatda mustahkam o‘rnashish uchun imkoniyatlar ochadi- vaqt o‘tib fuqarolik va yaxshi ishlik bo‘lishlariga yo‘l beradi, deydi mustaqil ekspert Lola Olimova.

Ijobiy va salbiy

Image caption Turmush qurish yoshi oshgan

Mehnat muhojirligi muammolariga doir bir qancha kitoblar muallifi Rahmon O‘lmasovga ko‘ra, Rossiyadagi nikohlarning ijobiy va salbiy tomonlari bor. Salbiy jihatlar muhojirlarning vatanida bilinadi ko‘proq.

Bir qancha tojik tumanlarida qizlarning turmushga chiqishlari qiyin bo‘lib qolgan. Ko‘plar Rossiyadan uylanishmoqda, qizlar o‘zlariga mos yigitlarni topisholmaydi. Ilgari qizlar 17-18 yoshda turmushga chiqqan bo‘lsalar, hozir 23-25 yoshlarga to‘g‘ri kelmoqda. Vaqti kelib bu mamlakatda demografik vaziyatga albatta ta‘sir qiladi. Boshqa holat-pul o‘tkazmalarining kamayganida ko‘rinadi. Muhojirlar Rossiyada oila qurgach, vatanlaridagi yaqinlariga tobora kamroq pul yubora boshlashadi. Ular endi Rossiyadagi oilalarini boqishlari lozim.

Image copyright Getty
Image caption Turmush qiyinchiliklari ayollar zimmasiga tushib qoladi

Uchinchidan, ba‘zi mehnat muhojirlari vatanida xotin-bolalari bo‘la turib, Rossiyada ikkinchi oilani qurishadi. Bu mamlakatdagi oila an‘analariga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga tojik xotinlar tobora himoyasiz, hech kimga keraksiz bo‘lib qolmoqdalar. O‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygan. Farzandlari jinoyat yo‘liga kirib ketishi yoki jamiyatdan, tengdoshlaridan ajralib, ruhiy muammolarga duchor bo‘lishi ko‘rinishlari kuzatiladi.

Shu bilan birga tadqiqotchilarning aytishicha, 1990 yillarda Rossiyaga borib, oila qurib, o‘sha yerda joylashib ketganlarning farzandlari otasi ko‘rgan qiyinchiliklarni ko‘rmaslik uchun yaxshi o‘qishga harakat qiladi va ular turli sohada yaxshi karera qilishlari mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring