Islom Karimovni G‘arb o‘z "og‘ushiga olayaptimi"?

Image caption G‘arbning "konstruktiv muloqot" istagidan Prezident Karimov manfaatdor

So‘nggi vaqtlarda G‘arb davlatlari O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq abgor ahvolga ko‘z yumayotganlari haqida tanqidiy fikrlar bildirilmoqda.

G‘arb tomonidan Islom Karimovni yana o‘z doirasiga asta-sekin qabul qilish siljishlari yuz berayaptimi yoki bu harakatlarning ortida boshqa sabablar bormi?

BBC Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha tahlilchi Joanna Lillis bilan suhbatlashdi.

Joanna Lillis: G‘arbning so‘nggi yillarda Prezident Karimov bilan ish olib borish strategiyasida keskin o‘zgarishlar yuz berdi deb o‘ylamayman. Nazarimda, G‘arb davlatlari Karimovga nisbatan, ularning o‘zlarining ta‘biricha, "konstruktiv muloqot" siyosatini yurg‘izishni davom ettirishmoqda. Ya‘ni ularga ko‘ra, prezident Karimovni olabo‘ji qilib ko‘rsatish hech kimning manfaatiga xizmat qilmaydi. G‘arb Karimov kabi davlat rahbarlari bilan ularni ixotalab qo‘yishdan ko‘ra, doimiy muloqot ushlab turishni afzal ko‘radi. Muloqot bor ekan, demak, o‘zgarishlarga ham yo‘l ochiladi, degan ma‘noda. Biroq tanqidiy nazar bilan qarayotganlarga ko‘ra, garchi G‘arb rahbarlari u bilan muloqotni ushlab turishsa ham Prezident Karimov hech qanday yon berishga borgani yo‘q. Nazarimda, mazkur "konstruktiv muloqotni" ushlab turish masalasi kun tartibida hamon qolmoqda. Biroq omma ko‘zi o‘ngidagi shaxsiy muloqotlar haqida gapiradigan bo‘lsak, oxirgi yillarda Prezident Karimov G‘arb mamlakatlariga juda kam safar qiladi. Biz, asosan, ko‘proq G‘arb siyosatchilarining O‘zbekistonga qilgan tashriflariga guvoh bo‘layapmiz. Bundan tashqari, AQSh Afg‘onistonda o‘z harbiy amaliyotlari miqyosini kamaytirgani sayin O‘zbekistonning geosiyosiy ahamiyati ham pasayib borayotir.

Image caption Prezident Karimov G‘arb mamlakatlariga kam safar qiladigan bo‘lib qolgan

BBC: Islom Karimov rejimi tanqidchilarining aytishlaricha, G‘arb Karimovni to‘laligicha reabilitatsiya qilgan. Siz bunga nima deysiz?

Joanna Lillis: Men bunga shunday degan bo‘lardim: Bu tanqidchilar ma‘lum darajada to‘g‘ri gapirishyapti. Chunki so‘nggi vaqtda biz O‘zbekistondagi abgor inson huquqlari vaziyatiga oid biror-bir kuchli qoralovchi bayonotni eshitganimiz yo‘q. Andijondagi tinch namoyishchilar bilan bog‘liq qirg‘inga o‘tgan yili 10 yil bo‘ldi. Biroq G‘arb rahbarlaridan qirg‘inni mustaqil tergov qilish borasida biror-bir yangi siljish ko‘zga ko‘rinmadi. Inson huquqlari faollari bilan bog‘liq vaziyat kundan-kunga yomonlashib borayapti. G‘arb uchun bu mavzularni ko‘tarish uchun Andijon qirg‘inining o‘n yilligi qulay imkoniyat yaratgandi. Ya‘ni ular yopiq eshik ortida O‘zbek mulozimlari bilan mazkur masalalarni muhokama qilishlari mumkin edi yoki omma oldida javobgarlikka tortishlari mumkin edi. Biroq, bunday bo‘lmadi. Bu juda ham achinarli. Andijon qirg‘inining vaqti o‘tib ketayapti va O‘zbekiston hamon javobgarlikka tortilgani yo‘q.

BBC: O‘zbekistonliklar o‘z televideniye va matbuotida Prezident Karimovning hamisha G‘arb rahbarlari bilan ko‘rishayotganini ko‘rmoqdalar. Ular, siz aytganingizdek, "konstruktiv muloqot" jihatlaridan umuman bexabar. Ularning nazdida, O‘zbekiston hech kimga javobgar emas va hamma narsa odatdagidek ketayapti, shunday emasmi?

Image caption Andijon qirg‘ini 10 yilligi G‘arb matbuotida keng yoritilgan bo‘lsa-da, G‘arb rahbarlari mustaqil tergov chaqiriqlarini qayta ko‘targanlari yo‘q

Joanna Lillis: To‘g‘ri, xuddi shunday. G‘arb bilan qanday uchrashuv bo‘lmasin, O‘zbek matbuoti O‘zbekiston rasmiylarining muloqotlarini doimo o‘zlari uchun manfaatli qilib namoyish etadi va aynan bu jihatdan g‘arbdagilar bexabar. Bunday tashriflarni, xoh rasmiy darajada bo‘lsin, xoh norasmiy, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari muntazam va haddan ziyod ko‘p yoritadi. O‘zbekiston matbuotida bu kabi tashriflar hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi va dastaklovchi, Prezident Karimov olib borayotgan siyosatni tasdiqlovchi dalillar sifatida namoyish etiladi. Aslida esa bunday emas. O‘zbekiston ichidagi odamlarni rasmiy matbuot bunday yangiliklar bilan "to‘ydirib tashlaydi". Va bunday xabarlar nafaqat G‘arbdan kelgan yuqori lavozimli mehmonlarga taalluqli. Misol uchun o‘tgan yili prezidentlik saylovlariga borgan qator G‘arb kuzatuvchilar saylovlarni yoritishgan. Ularning hozirligi va ular qilgan yoki qilmagan sharhlar, so‘zlari kontekstdan sug‘urib olingan bo‘lishi mumkin, biz buni aniq bilmaymiz - ya‘ni ularning so‘zlari va hozirligi saylovlarni demokratik bir jarayondek taqdim etish uchun istifoda qilindi.

Image copyright Reuters
Image caption G‘arb O‘zbekistonning Rossiya ta‘siriga tushmasligini xohlaydi

BBC: Demak, Prezident Karimovning G‘arb hamjamiyatiga tobora qabul qilib borilayotgani borasidagi fikrlar haqiqatga yaqin deb aytishimiz mumkinmi?

Joanna Lillis: O‘ylashimcha, ular haqiqatga yaqin. G‘arbning inson huquqlari buzilayotgani borasida saqlayotgan sukuti Toshkent tomonidan "status kvo", ya‘ni mavjud holatni qabul qilishdek talqin qilinmoqda. Rasmiy Toshkent aynan bu nazarni mustahkam ushlab turibdi va aksar inson huquqlari faollari ham shunday fikrdalar. Ularning O‘zbek hukumatini javobgarlikka tortish borasidagi tinmay qilayotgan harakatlari samara bermayapti. Darhaqiqat, Karimovni G‘arb o‘z "bag‘riga" olayotgandek ko‘rinishi mumkin, chunki bir jihatdan, O‘zbekiston yillarki stretegik sherik rolini o‘ynab kelgan va hozirda ham, Rossiya bilan raqobatchilikda G‘arb o‘zbeklarning ko‘nglini topishga urinmoqda. Xususan, Ukraina mojarosi ortidan Ovro‘po davlatlari va AQSh, sobiq Sho‘ro mamlakatlari Rossiya ta‘siriga o‘tmasligini istab, geosiyosiy sabablar tufayli ushbu mamlakatlar bilan iliq va insoniy muloqotni parvarishlashga harakat qilmoqdalar. O‘zbekiston esa bunday vaziyatdan faqat yutadi, xolos.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEKYou
  • Tube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq