Tailanddagi uyg‘urlar ochlik e‘lon qilganlar

Image copyright BBC World Service

Tailand matbuoti va uyg‘ur faollari xabar qilishlaricha, bu mamlakatning muhojirlar markazida ushlab turilgan uyg‘urlar Xitoyga deportatsiya etilishdan ko‘ra o‘sha yerda o‘lishni afzal ko‘rishlarini aytib ochlik e‘lon qilganlar.

Xabarlarda Tailand immigratsiya ushlab turish markazida 70 dan ortiq saqlab turilgani va o‘zlarining ushlab turilganlariga qarshi norozilik sifatida ochlik amaliyotini boshlaganlari aytilmoqda.

AQShda joylashgan "Erkin Osiyo Radiosi" - Radio Free Asia (RFA) ochlik e‘lon qilgan uyg‘urlarning qo‘lda arab alifbosida yozilgan murojaatnomasi kelib tushgani haqida xabar bergan.

Image copyright AFP GETTY

"Agar bizni Xitoyga qaytaradigan bo‘lsalar, biz jismoniy va ruhiy qiynoqlarga, muddatsiz qamoq jazosiga va hatto o‘limga duch kelamiz. Shuning uchun biz ochlik e‘lon qilamiz. U yerga borgandan ko‘ra, shu yerda ochlikdan o‘lgan yaxshi. Biz o‘z ochlik amaliyotimizni bizni ozod qilmagunlaricha yoki uchinchi mamlakatga joylashtirmagunlaricha davom ettiramiz yoki shu yerda o‘lamiz", deyiladi maktubda.

Uyg‘urlar o‘zlarining ochlik amaliyotlarini 31 may kunidan boshlaganlarini e‘lon qilganlar.

Ular Tay immigratsiya markazida o‘zlariga nisbatan odamday muomala qilmayotganlaridan shikoyat qilganlar.

Image copyright n

O‘tgan yili iyul oyida Tailand hukumati Shinjondan yashirincha qochib chiqqan 109 uyg‘ur boshpana izlovchisini Xitoy qo‘liga topshirgan edi.

Ularning orasida 20 tacha ayol ham bo‘lgan.

Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, 109 uyg‘ur Tailandning turli joylardagi muhojirlik markazlarida juda yomon sharoitlarda 2014 yil mart oyidan buyon ushlab turilgan 350 dan ortiq uyg‘urlar guruhining a‘zolari bo‘lganlar.

Image copyright AFP

Tailandning uyg‘urlarni Xitoyga topshirishi AQSh hukumati, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi, Human Rights Watch va Amnesty International singari xalqaro tashkilotlarning keskin qoralovlariga sabab bo‘ldi.

2015 yilning 9 iyul kuni namoyishchilar Tailandning Turkiyaning Anqara shahridagi konsulligi qarshisida norozilik amaliyotiga chiqdilar.

Ayrim g‘azabnok namoyishchilar konsullik binosiga toshlar otib, derazalarini sindirishgan, ichkaridagi mulkka shikast yetkazishgan edi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq