Nega O‘zbekiston terma jamoasining "ketmoni uchmayapti?"

Mustaqil jurnalist
Image copyright AFP

Muxlislar ta‘biricha, futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalar markazi so‘nggi 2 hafta ichida "qovun ketidan qovun tushirmoqda".

Avvaliga yon qo‘shni va "jon" qo‘shni Qirg‘iziston bilan xalqaro o‘rtoqlik o‘yini noma‘lum sababga ko‘ra bekor qilindi.

Keyin ikki kun ichida shoshma-shosharlik bilan Afrika qit‘asidan topilgan raqib ham "dam berib yubordi".

Endi esa, o‘tkazilmagan o‘yin uchun sotib yuborilgan chiptalarni qaytarish ham mashmashaga aylandi.

Sababi - chipta sotib olinayotganda talab qilinmagan pasport pulni qaytarib berishda talab qilinmoqda.

Kamiga propiskasini ko‘rsatishi, dalolatnoma tuzish va ariza yozish so‘ralmoqda.

Buning hammasi sevimli jamoasining mag‘lubiyatlaridan ko‘zi pishib ketgan ishqibozlarning kinoyali kulgusi va g‘azabnok fikrlariga sabab bo‘lmoqda.

Memlar

Ijtimoiy tarmoqlarda bu qarorga bag‘ishlangan turli memlar paydo bo‘lgan.

Bir necha yildan beri muxlislarning nishoniga tushib kelayotgan O‘FF qoshidagi Terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonov yana bosh qahramonga aylandi.

Bir fotokollajda u qirg‘izchalab qirg‘izistonlik hamkasbiga yuzlansa, yana bir rasmda filmdagi qahramon qizning yuzini egallaydi.

"Terma jamoalar markazi xodimlaridan komanda tuzib o‘ynab qo‘yishsa bo‘larkan. Kamchiqim va belatti puli yoniga qoladi", deydi muxlislardan biri.

Kun.uzda chiqqan xabar esa yonib turgan olovga yog‘ sepgandek bo‘ldi.

Keyinchalik o‘chirib tashlangan xabarda, raqiblarsiz qolgan terma jamoa 2 iyun kuni O‘zbekiston klublarida o‘ynayotgan legioner futbolchilarga qarshi o‘ynashi haqida yozdi.

Odatda belgilangan o‘yin qoldirilgach, O‘zbekiston termasi oqlar va ko‘klarga bo‘linib yoki mahalliy klublardan biri bilan o‘ynab qo‘yardi.

Xabarning kulgili jihati, O‘zbekistonda legioner darvozabonga ruxsat yo‘qligi bois, raqib tomon darvozasini kim egallashi noma‘lum, degan yozuv bo‘ldi.

Muxlislar, demak bu o‘yin ham qoldirilishi mumkin, deya kulishdi.

"Anekdot ustiga anekdot, Federatsiya va terma jamoa markaziga dushmanning keragi yo‘q, ular o‘zlariga o‘zi dushman. "Ammo darvozani kim egallashi hozircha noma‘lum". Bitta darvozaga o‘ynasa ham bo‘ladi-ku", deya kinoya qiladi muxlislardan biri.

Ketma-ket qoldirilgan o‘rtoqlik o‘yinlari yoki nima uchun mening ketmonim uchmayapti?

Yon qo‘shni Qirg‘iziston bilan 2 iyun kuni Toshkentda o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilishi borasida xabar chiqdi.

Ammo o‘yin qoldirildi.

O‘FF ushbu o‘yin qoldirilganini milliy terma jamoaning rejalarga o‘zgartirish kiritilgani bilan izohladi.

Biroq qanday o‘zgarish kiritilgani ochiqlanmadi.

Kuzatuvchilar ushbu o‘yin qoldirilishiga siyosiy sabab bo‘lishi ehtimoli kuchliligini aytishadi.

O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari bilan hamma sohada bo‘lgani kabi sport sohasida ham mustahkam aloqalarga ega emas.

Ayniqsa, Qirg‘iziston bilan suv, tranzit va chegara borasida kelishmovchilik doimo dolzarb.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z qo‘shnilari orasida faqat Turkmaniston bilan 2002 yilda xalqaro o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan.

Oradan ikki kun o‘tar-o‘tmas, O‘FF qoshidagi Terma jamoalar markazi ko‘pchilik o‘zbekistonliklari borligidan ham bexabar Ekvotarial Gvineya terma jamoasi bilan kelishuvga erishilganini xabar berdi.

Afrika qit‘asi vakili bilan bo‘ladigan uchrashuv chiptalari sotuvga chiqarildi.

Ammo

Biroq o‘yinga ikki kun qolganida - 31 may kuni O‘FF rasmiy sayti "O‘zbekiston - Ekvatorial Gvineya xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi Ekvatorial Gvineya futbol federatsiyasining tashabbusiga ko‘ra bekor qilindi", deya xabar tarqatdi.

O‘yin bekor qilinishiga Ekvatorial Gvineya Futbol federatsiyasi Bosh kotibi Tadeo Nsuye Onva imzolagan xat asos sifatida keltirildi.

Unda Afrika Konfederatsiyasining yo‘rig‘iga ko‘ra, Afrika Davlatlari Kubogining saralashi doirasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Ekvatorial Gvineya-Benin o‘yini 3 iyun kuni o‘tkazilishi mumkinligi aytilgan.

"Shu sababli Ekvatorial Gvineya O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish uchun Toshkentga kela olmasligini ma‘lum qildi", deb yozadi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi rasmiy sayti.

O‘zbekiston terma jamoasining xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari birinchi marotaba bekor qilinmayapti.

Bundan oldin Turkiya milliy jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yini haqida xabar berilgan va O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan ushbu o‘yin qoldirilgan edi.

7 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi yana bir raqib Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘ynashi haqida xabar berilgan.

Hozircha Avstriyada bo‘lib o‘tadigan ushbu o‘yinning bekor qilingani borasida xabar chiqqani yo‘q.

Lekin muxlislar o‘yinning bekor qilinishiga ruhan tayyor ko‘rinadi.

"Kanadaniyam otmen qivoringlar-ey! Kayp kaypday bo‘lsin endi!", - deydi bir muxlis.

Yana bir ishqiboz, "Kanada bilan o‘yin bekor qilinganini hech qursa Avstriyaga yetib olingandan keyin ochiqlash kerak. Yigitlar bir Ovro‘po ko‘rib kelishsin", - deydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02#
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq