Hindiston: Musulmonlar qatliomida yana 24 kishi aybdor

Image copyright arko datta
Image caption Gulbarg mavzesi hujumdan so‘ng tashlandiq yerga aylangan

Hindiston mahkamasi Gujarat viloyatida 2002 yili ro‘y bergan musulmon aholisi qatliomida 24 kishini aybdor, deb topdi.

Ahmadobod shahrida "Gulbarg Jamiyati qatli" nomi ostida ma‘lum bo‘lgan qatliomga aloqador ko‘rilgan yana 36 kishi oqlangan.

O‘shanda olomon hujumi natijasida Gulbargda 69 kishi halok etilgandi.

Bu zo‘ravonliklar Hindiston mustaqilikka erishganidan beri yuz bergan eng dahshatli zo‘ravonlik, deya ta‘riflangandi.

Zo‘ravonliklar mobaynida hammasi bo‘lib 1000 ga yaqin musulmon halok bo‘lgan.

Ular hind ziyoratchilari o‘tirgan poyezdga o‘t qo‘yilishi va oqibatda 60 kishining halok bo‘lishi ortidan boshlanib ketgandi.

Musulmonlarni poyezdga o‘t qo‘yishda ayblab, o‘ch olmoqchi bo‘lgan hindlar Gujarat bo‘ylab shahar va qishloqlarning musulmon mavzelariga 3 kun mobaynida hujum qilganlar.

O‘sha vaqtda Gujarat hokimi bo‘lgan va hozirda Bosh vazir Narendra Modi zo‘ravonliklarni to‘xtatib qolish yo‘lida yetarli harakat qilmaganlikda tanqid qilingan.

Ahmadoboddagi Gulbarg mavzesi hind millatchilari nishonga olgan mavzelardan biri edi.

Hozirda aybdor, deya topilganlar orasida hind millatchi Vishva Hindu Parishad guruhi rahbari ham bor.

Halok bo‘lganlar orasida musulmon siyosatchi, Kongress partiyasidan sobiq millat vakili Ehson Jafri ham bor edi.

Ehson Jafri bevasining aytishicha, u janob Modiga yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilgan, ammo yordam yetib kelmagan.

Janob Modining o‘zi biron nomaqbul harakatga yo‘l qo‘yganligini rad etib kelgan.

2012 yili yana boshqa bir mahkama sobiq vazir va o‘sha vaqtda Narendra Modining yordamchisi bo‘lgan Maya Kodnani doxil yana qator shaxslarni 97 kishi o‘limida aybdor topib, o‘lim jazosiga hukm etgandi.

2012 yili 23 musulmonning o‘limida aybdor topilgan 18 shaxs umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan.

2011 yil noyabr oyida esa Sardorpura qishlog‘i yaqinida 33 musulmonni yoqib yuborishda aybdor topilgan 31 kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring