Islomiy partiya rahbarlari umrbod qamoq jazosiga hukm etildilar

Tojikiston poytaxti Dushanbeda mamlakat hukumati taqiqlagan Islom Uyg‘onish partiyasi rahbarlari ustidan mahkama nihoyasiga yetgan.

Bu mustaqil Tojikiston tarixidagi eng shov-shuvli, lekin yopiq o‘tkazishga qaror qilingan mahkama bo‘ldi.

Mahkama Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi raisining ikki o‘rinbosari - Saidumar Husayniy va Mahmadali Hayitni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan.

Islomiy firqa oliy siyosiy kengashining 14 a‘zosiga 15 yildan 28 yilgacha qamoq jazolari tayinlangan.

Mahkamaga tortilganlar orasida yagona ayol - 44 yoshli Zarafo Rahmoniy Islom uyg‘onish partiyasi siyosiy kengashi va prezidiumi a‘zosi bo‘lib, mahkama uni 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishga qaror qilgan.

Islomiy firqaning barcha a‘zolari 2015 yil sentyabrida, Tojikiston Mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda rahbarligidagi guruh harbiy davlat to‘ntarishida ayblanib, isyonchilar yo‘q qilingani xabar qilingan harbiy amaliyot yakunlanishi bilan hibsga olingan edilar.

Ayblanganlar bo‘yniga og‘ir jinoiy bandlar qo‘yilgan.

Bular - terrorizm, ekstremizm, davlat to‘ntarishiga urinish, konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish va qotillik.

Lekin Tojik huquq-tartibot organlari tergov tafsilotini sharhlaganlari yo‘q, boisi Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi a‘zolariga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari maxfiy deb e‘lon qilingan.

Islom Uyg‘onish partiyasi mahkama jarayonini hokimiyat tomonidan o‘zlariga nisbatan kuzatib kelinayotgan ta‘qib va bosimlarning davomi deb hisoblaydi.

"Bu buyurtma, siyosiy jarayon. Siyosiy tomosha. Bizning birorta arizamiz qabul qilinmadi, biror marta yuzlashtirish bo‘lmadi, birorta ayblov isbotlangani yo‘q. Qaror avvaldan qabul qilib qo‘yilgan bo‘lgan", deb aytgan BBCga advokat Jamshed Yorov.

Mahkama jarayoni yopiq va xavfsizlik choralari o‘ta kuchaytirilgan holatda o‘tkazilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq