O‘zbekiston fuqaroligi o‘rtamiyonami?

Jahon bo‘ylab fuqarolik masalalarini tadqiq etuvchi The Henley & Partners shirkati Niderlandiya Universiteti professori Dimitriy Kochenov bilan hamkorlikda ilk bor turli mamlakatlar fuqaroligi "sifati"ni o‘rganib chiqqanlar.

Tadqiqot natijasida chop etilgan indeksda mamlakatlar o‘z fuqarolari uchun beradigan imkoniyatlari va cheklovlari miqyosi bo‘yicha ro‘yxatga kiritilgan.

Tadqiqot jarayonida har bir mamlakat fuqaroligi asosida odamlar mamlakat tashqarisida va ichkarisida ega bo‘lgan imtiyozlari nazarga olingan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, afsuski ko‘p hollarda fuqarolik inson uchun imkoniyatlar va intilishlar yo‘lida turli cheklovlarni yaratadi.

Ya‘ni fuqarolik, "tug‘ilgan yer lotoreyasi" deya atalgan g‘oyaning tasdig‘i bo‘lib, insonning qobiliyati, muvaffaqiyatlari va g‘oyalarini aks ettirmaydi.

Hisobot 2011 yildan 2015 yilga qadar bo‘lgan muddat ichidagi ma‘lumotlarga asoslangan.

Markaziy Osiyodagi deyarli hamma mamlakatlar bu ro‘yxatda "o‘rtamiyona sifatli" fuqarolikka ega bo‘lgan davlatlar sirasiga kiritilgan.

Muallif Dimitriy Kochenovning BBC bilan suhbatda aytishicha, mamlakatning boyligi bilan u beradigan fuqarolik o‘rtasida nomutanosiblikka guvoh bo‘linganidan so‘ng, bu kabi indeksni tuzib chiqishga qaror berganlar.

"Masalan, Xitoy kabi iqtisodi o‘ta tez rivojlanayotgan, nisbatan farovon mamlakatning o‘z fuqarolariga beradigan imkoniyatlari haminqadar. Lekin Lixtenshteyn kabi kichikkina mamlakatning o‘z fuqarolari uchun yaratgan imkoniyatlari anchayin yuqori darajada", deya misol keltirdi Dimitriy Kochenov.

"Shu vaqtgacha ko‘p hollarda qudratli davlat fuqaroligi ham "qudratli" degan qarash mavjud edi. Lekin biz bugunga kelib ko‘ryapmizki, bu ikki narsa ko‘pda bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Turkmanistonni olaylik. Iqtisodiy jihatdan boy davlatlardan biri desak bo‘ladi. Lekin bu davlat fuqaroligi jahondagi eng yomonlaridan biri".

Bu o‘rinda hisobot mualliflari Belorus misolini ham keltirishgan. Mamlakat iqtisodiy jihatdan o‘ta farovon bo‘lmasa ham, fuqarolarining xorijga safar qilishlari va u yerda ishlash imkoniga kelganda, hukumat anchayin ishlarni amalga oshirgan. Masalan, Belorusiya fuqarolari Rossiyada bemalol yashab, ishlashlari mumkin.

Ana shu kabi jihatlar mamlakat fuqaroligi "sifatini" belgilovchi asosiy kategoriyalardan biri sifatida ko‘rilgan.

Hisobot uchun xalqaro tashkilotlar qo‘lida bo‘lgan va xalqaro miqyosda mavjud ma‘lumotlardan foydalanilgan.

O‘zbekiston bu ro‘yxatda 161 mamlakat ichida 111 o‘ringa qo‘yilgan.

2011 yil bilan solishtirganda O‘zbekiston mavqei 11 pog‘onaga tushgan. Ya‘ni, 2011 yilda O‘zbekiston 100 o‘rinda, deya belgilangan bo‘lsa, 2015 yili 111 o‘ringa tushgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq