Suriya: Havodan yordam tashlansin

Image copyright AFP
Image caption Daraya shaharchasi deyarli 4 yildan beri qamal ostida

BMT va G‘arb davlatlari Suriyaning qamal ostida qolgan shaharlari aholisi uchun tezlik bilan havodan yordam tashlanishiga da‘vat qildilar.

1 iyun kuni Suriya hukumatiga qamaldagi shaharlar aholisiga yordam yetkazish uchun berilgan muddat tugadi.

Poytaxt Damashqqa yaqin Daraya shaharchasi aholisiga 2012 yildan beri oziq-ovqat yordami yetkazilmagan.

U yerga 1 iyun kuni kichik sondagi yordam karvoni yetib borgan, ammo bir oz dori-darmon va oziq-ovqat mahsuloti bo‘lmagan ashyolarni tarqatib qaytgan. Darayaga elektr ta‘minoti uch yil avval uzib qo‘yilgan.

3 iyun kuni BMT Xafsizlik Kengashi a‘zolari yig‘ilib, Suriyaga shoshilinch ravishda havodan yordam tashlash masalasini muhokama qilishlari kutilmoqda.

AQSh Davlat Departamentiga ko‘ra, hozirda Suriyada yuz minglab aholi mutassil yordamga muhtoj.

Fevral oyida Jahon Oziq-ovqat Tashkiloti hukumat nazorati ostida bo‘lgan Deyr al-Zuur mintaqasiga ba‘zi yordamni yetkazgandi.

Lekin yordamning deyarli yarmi bedarak ketgan. Bir qismi biron tomonga tegishli bo‘lmagan neytral hududga tushgan va yana bir qismi yerga tushgach, parchalanib ketgan.

Britaniya Tashqi Ishlar vaziri Filip Hammondning aytishicha, havodan yordam yetkazish o‘ta mushkul, qimmat va xavfli vazifa.

"Lekin hozirda bundan o‘zga chora yo‘q", dedi Britaniya rasmiysi.

G‘arb davlatlari Rossiya va Eronni Suriya hukumatiga bo‘lgan ta‘sirlaridan foydalanib, havodan yordam amaliyotlarining xavfsiz ravishda yetkazilishiga kafolat berish yo‘lida bosim o‘tkazishga da‘vat qildilar.

Rossiyaning aytishicha, chorshanba kuni yetkazilgan yordam "ijobiy qadamdir".

BMTning yordam amaliyotlari uchun mas‘ul rasmiysining aytishicha, Suriya hukumati yordam yetkazish uchun so‘ralgan ruxsatlarni hamisha rad etib kelgan.

O‘tgan oy Suriya rasmiylari avvaldan kelishilgan yordam karvonini to‘xtatib qolganlar.

1 iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Suriya rasmiylari bilan birgalikda Darayaga yordam yetkazilishiga imkon berish uchun harbiy amaliyotlarni 48 soatga to‘xtatib turishga kelishib olganliklari haqida ma‘lum qilgan.

Daraya prezident Bashar al-Asadni qo‘llayotgan Rossiya havo kuchlari tomonidan foydalanilayotgan qo‘nalg‘aga yaqin yerda joylashgandir.

Shaharcha al-Asad rejimiga qarshi namoyishlar ro‘y bergan ilk shaharlardan biri bo‘lgandi va 2012 yildan beri qamal ostida.

BMTga ko‘ra, Suriya bo‘ylab 4 yarim milliondan ko‘proq aholi yordam yetkazish qiyin bo‘lgan hududlarda yashamoqdalar. Ulardan 600 minggi qamal ostida bo‘lgan mavzelardalar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring