Yelena Urlayeva: "Meni kaltaklashdi"

Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, o‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva Ruhiy xastaliklar kasalxonasidan chiqarilgan.

Faol kasalxonaga mart oyida majburan yotqizilgandi.

Yelena Urlayevaning BBC bilan suhbatda aytishicha, Toshkentdagi bir qancha xorijiy davlatlar elchixonalari va qator xalqaro tashkilotlar aralashuvi ortidan ozodlikka chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Yelena Urlayeva kasalxonaga olib ketilishidan sal avval Mehnatkashlar Huquqlari xalqaro mukofoti bilan taqdirlangandi.

Uning aytishicha, kasalxonada unga nisbatan psixotrop moddalar qo‘llangani va bemorlar tomonidan kaltaklangani tufayli hozirda ahvoli yaxshi emas.

Yelena Urlayeva: Kasalxonada ekanim qariyb uch oy davomida menga psixotrop vositalar qo‘llashdi. Boshida kasalxonadagi boshqa bemorlar tomonidan kaltaklanish hollariga ham duch keldim. Munosabat ham qo‘pol edi. Shu bois ham, o‘zimni hozir yaxshi his etayotganim yo‘q.

BBC: Sizni kasalxonadan qo‘yib yuborishgani sababini nima bilan izohlashdi?

Yelena Urlayeva: Menga bu xususda biror bir izoh berishgani yo‘q. Nazarimda, ular meni Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Toshkent sammitidan keyin ozod etishmoqchi edi. Shu bois ham, shu oy oxirigacha kasalxonada tutib turish rejasida edilar. Ammo, menga ayon bo‘lishicha, Amerika va Olmoniya elchixonalari vakillari aralashishgan. Menimcha, shundan so‘ng meni muddatidan oldin, biror bir izohsiz qo‘yib yuborishgan.

BBC: Kasalxonada ekanman, meni boshqa bemorlar kaltaklashdi, menga qo‘pol munosabat qilishdi, dedingiz... Bu kabi hollar yuzasidan kasalxona mas‘ullari, Bosh shifokorga murojaat qilmadingizmi? Qilgan bo‘lsangiz, ularning bunga munosabatlari qanday bo‘ldi?

Yelena Urlayeva: Men bu haqda Bosh shifokorga ham, navbatchisiga ham shikoyat qildim. Kaltaklar natijasida labim yorilgan, badanlarim tirnalib ketgandi. Ammo ulardan biror bir munosabat bo‘lmadi. Kasalxona xodimlari bemorlar meni kaltaklayotgan paytlarida ham aralashishmasdi. Deyarli himoya ham qilishmasdi. Qaytanga meni josus, yomon deb, ularni gijgijlashardi. Men buni shunday qoldirmoqchi emasman. Shikoyat qilmoqchiman.

BBC: Bundan keyingi rejalaringiz qanday? Haliyam inson huquqlari faoli sifatidagi faoliyatingizni davom ettirmoqchimisiz?

Yelena Urlayeva: Ertadan boshlab ishga kirishmoqchimiz. Qiladigan ishlarimiz birtalay. Inson huquqlari faoliyati sifatidagi ishimni bundan keyin ham davom ettirmoqchiman. Hozir paxta chopig‘i boshlangan. Dalalarni kuzatib, paxtani kim chopiq qilayotganini nazorat qilishimiz kerak. Bu katta muammolardan bittasi. Shu bois ham, ish ko‘p. Ishlashimiz kerak.

O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati va yana qator sohalarda izchil monitoringlar olib borgan Yelena Urlayeva avval ham bir necha marotaba o‘z irodasiga qarshi Ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring