Bloomberg: "Eng boy rossiyalik – Potanin"

Image copyright RIA Novosti

Rossiyaning asli o‘zbekistonlik milliarderi Alisher Usmonov esa, dunyo boylarining yangi ro‘yxatida Vladimir Potanindan 36 o‘rin quyida kelgan.

Bloomberg $14.7 milliard dollari bilan "Interros" va "Norilskiy nikel" shirkatlari sohibini 56-o‘ringa qo‘ygan.

Alisher Usmonov esa, $ 11.3 milliard dollarga baholangan boyligi bilan 92-o‘rinda kelgan.

Yaqinda Britaniyaning "Daily Telegraph" nashri milliarderning joriy yil boshidan buyon 910 million dollarga yaqin mablag‘ini yo‘qotgani haqida yozgan.

Ammo Alisher Usmonov jahonda xom-ashyo mahsulotlari narxlarining tushishidan jabr ko‘rgan rossiyalik yagona milliarder emasligini ham ta‘kidlagandi.

Britan nashri bunga misol o‘laroq Roman Abramovichni keltirgan, u qisqa vaqtning ichida mosuvo bo‘lgan mablag‘ 800 million dollardan oshishini bildirgandi.

Umumiyatla olganda esa, bu maqoladan bor-yo‘g‘i ikki haftaning o‘zida Rossiyaning eng boy 13 odami ja‘mi 11 milliard dollar yo‘qotishgani ma‘lum bo‘lgandi.

‘Daily Telegraph’ buni Rossiyada oligarxlar davri tugayotganiga yo‘ygan, mamlakatdagi siyosiy mavhumlik sabab, ko‘plab boylarining o‘z pullarini tashqariga olib chiqish harakatida ekanliklariga e‘tiborni tortgandi.

O‘shanda Bloomberg bugun Rossiyaning eng boy odami, deb topgan Vladimir Potaninning qariyb bir yarim milliard dollaridan mahrum bo‘lgani ham ma‘lum bo‘lgandi.

Yangi ro‘yxat

Image copyright Reuters

Ammo, shunda ham, Bloomberg ning yangi boylar ro‘yxatida 15 rossiyalik milliarderning borligi ma‘lum bo‘lgan.

Vladimir Potanin va Alisher Usmonovdan tashqari, bu ro‘yxatga yana Leonid Mixelson, Viktor Vekselberg, Aleksey Mordashov, Mixail Fridman, Roman Abramovich, Dmitriy Ribolovlev, Mixail Proxorov, Vladimir Lisin, German Xan, Gennadiy Timchenko, Vagit Alekperov, Andrey Melnichenko va Sergey Galitskiylar ham kirishgan.

Alisher Usmonov so‘nggi yillarda Rossiyaning eng boy odamlari ro‘yxatida birinchilikni egallab kelayotgan edi.

2013 yilda u Britaniyada chop etiladigan Sunday Times ro‘znomasining eng boy odamlari ro‘yxatida po‘lat magnati Lakshmi Mittaldan o‘zib, birinchi o‘rinni egallagan.

Undan bir yil avval esa, barcha hissalarini yagona xolding ostida birlashtirgach, o‘zi ortiq bizneslarini boshqarish niyatida emasligini bayon qilgandi.

Yaqinda Usmonov Xitoyning onlayn chakana savdo shirkati Alibaba ga sarmoya kiritgan va uning vakili milliarder bundan buyon asosiy e‘tiborini Xitoyning texnologiyalar bozoriga qaratishini aytgan.

Image copyright interfax.ru

Usmonovning o‘zi Alibaba dagi sarmoyasining daromadliligini 500 foiz deb baholagan, ammo undagi hissalari miqdorini hech qachon ochiqlamagan.

Milliarder Alibaba bilan bir qatorda Xitoyning smartfonlar ishlab chiqaruvchi Xiaomi shirkatiga ham sarmoya kiritgan.

U yaqinda Amerikaning Apple va Facebook shirkatlaridagi hissalarini sotganini ma‘lum qilgan edi.

Ammo o‘tgan yili Alisher Usmonovning "Forbs" nashri tasnifida Rossiyaning eng boy odamlari ro‘yxatida birinchilikni qo‘ldan boy bergani ma‘lum bo‘lgandi.

USM Holdings asoschisi va Londonning "Arsenal" futbol klubi hissadori,"Forbs" ga ko‘ra, bir yil ichida o‘z sarmoyasining 25 foizi yoki 4.2 milliardini yo‘qotgan va 14.4 milliard dollar bilan birinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa tushib qolgandi.

"Forbs" reytingida ham o‘shanda birinchilikni 15.4 milliard dollar sarmoyasi bilan Vladimir Potanin egallagandi.

Bloomberg

Image copyright AFP

Amerika xalqaro agentligining yangi ro‘yxatidan ja‘mi 200 milliarder o‘rin olgan.

Dunyoning shuncha boylari orasidan ilg‘orlikni esa, amerikalik tadbirkor, "Microsoft" shirkatining asoschilaridan biri Bill Geyts olib ketgan.

Bloomberg bu milliarderning ja‘mi boyligini bu yil $85.6 milliard dollarga baholagan.

Bugungi dunyo boylarining yuqori uchligiga $72.7 milliard dollar sarmoyasi bilan ispaniyalik milliarder Amansio Ortega va $66.6 milliard puli bilan amerikalik boshqa bir tadbirkor Uorren Baffet kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ammo rossiyalik biror bir milliarder yangi ro‘yxatda yuqori o‘nlikdan joy topa olmagan.

Dunyoning o‘nta eng boy odami aksariyatining amerikalik ekani ma‘lum bo‘lgan.

Forbes nima deydi?

Forbes Rossiyaning eng boy 200 ta odami ro‘yxatini shu yil aprel oyida e‘lon qilgan.

Uning ro‘yxatida NOVATEK shirkatining bosh hissadori Leonid Mixelson $14.4 milliard dollari bilan qolgan barcha boyvachcha vatandoshlarini ortda qoldirib ketgandi.

Bu nashrning yuqori uchlidan esa, "Alfa-Grupp" sohibi Mixail Fridman ($13,3 mlrd) va Alisher Usmanov ($12,5 mlrd)lar o‘rin egallashgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq