Ruslan Chagayev: 'Muhammad Ali boks qiroli edi'

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni Ruslan Chagayevning aytishicha, jahon boks olamida Muhammad Alining o‘rnini hech kim va hech qachon bosa olmaydi.

"Men uchun Muhammad Ali boks qiroli edi. Jahon boks olamida hali Muhammad Aliga o‘xshash bokschi bo‘lmagan", - deydi Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan suhbatida o‘zbekistonlik nomdor bokschi.

"Uning ringdagi xatti-harakatini ko‘rgan odam, "ha, boks oson, shunchalar yengil ekan-ku", degan xayolga borardi. Xuddi o‘ynayotgandek boks tushardi. Buning ortida qancha mehnat, qancha tayyorgarlik yotganini odamlar umuman sezishmasdi. Uning janglarini birinchi marta ko‘rgan odam ham mazza qilardi. Muhammad Alining "qirol"ligi ham ana shunda edi".

"Muhammad Alining o‘limi juda katta yo‘qotish: Jahon boks olami afsonasini yo‘qotdi".

"Muhammad Ali o‘z davrining eng kuchli va jozibali bokschisi edi. Uning o‘limi bilan jahon boksi tarixni yo‘qotdi"", - deydi Ruslan Chagayev.

Afsonaviy Muhammad Ali

Image copyright Getty

Jahon sport olamidagi eng nomdor shaxsiyatlardan biri bo‘lgan Muhammad Ali 74 yoshida Arizona shtati kasalxonasida hayotdan ko‘z yumdi.

39 yoshida professional ringni tark etgan afsonaviy boskchi og‘ir vazn toifasida uch karra jahon chempioni bo‘lgan yagona bokschi sanaladi.

Muhammad Alining bu rekordini, hozircha, uning vazn toifasida bo‘lgan biror bir bokschi takrorlay olmagan.

Katta ringni tark etishi ortidan, afsonaviy bokschida Parkinson xastaligi aniqlangan.

Muhammad Ali 30 yildan ortiqroqki, ushbu kasallik bilan kurashib kelgan.

Ammo o‘tgan kun respirator xastaligi bilan Arizona shtatining Feniks shahri kasalxonasiga keltirilgan.

Shifokorlar esa, uning ahvolidan jiddiy xavotirlanishga asos yo‘qligi, bokschi o‘zini yaxshi his etayotgani va buning ehtiyot chorasi bo‘lganini aytishgandi.

Ammo Muhammad Alining shaxsiy matbuot voizi uning qachon va qaysi kasalxonaga olib ketilgani tafsilotlarini oshkor qilmagandi

Image copyright AFP

O‘zining qariyb 20 yillik bokschilik karьerasi davomida Muhammad Ali kattayu kichik ringlarda 56 bor g‘alaba qozongan.

O‘tkazgan janglarining 37 tasini esa, nokaut bilan yakunlagan.

Muhammad Ali o‘zining ilk jahon chempionligi kamarini 1964 yilda qo‘lga kiritgan.

O‘zining haqiqiy ism-sharifi bilan ringga tushgan Kassius Kley o‘sha jangda Sonni Listonni mag‘lub etgan.

Afsonaviy bokschi xuddi o‘sha jangi ortidan Muhammad Ali sifatida ringga chiqa boshlagan.

Jahon boksi qirolining o‘limi ortidan, Bi-bi-si O‘zbek Xizmati uning barcha o‘zbekistonlik muxlislariga ham o‘z ta‘ziyalarini izhor etib qoladi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq