uff.uz saytini qaytarish talab qilinyapti

Oxirgi kunlarda o‘zbek internet olamida kutilmagan holat kuzatilmoqda.

Futbol muxlislari yopib qo‘yilgan uff.uz saytini qaytarishni talab qilganlar.

Bunday hol avvallari yuz bermagan.

Shu mahalgacha biror bir saytning yopilishi yoki to‘xtatib qo‘yilishi xuddi shunday bo‘lishi kerakdek qabul qilinib kelgan.

Ammo kuniga 20-30 ming odam kiradigan saytning izohlarsiz yopib qo‘yilishi muxlislarni g‘azablantirgan.

Ayni paytda uff.uz saytiga kirishga harakat qilinganda, texnik yoki boshqa sabablar emas, "siz qidirgan sayt topilmadi, boshqatdan harakat qiling" yozuvi chiqadi ekranda.

uff.uz dan tashqari Chempion gazetasi ham chiqmay qolgan. Gazeta muharriyati buni rasman moliyaviy sabab deya izohlagan.

O‘zbekistonlik futbol muxlislari keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ham faol bo‘lib, futbol jamoalarini ayovsiz tanqidlarga tutayotganlari ko‘rinadi.

O‘zbekiston terma jamoasining ketma-ket qoldirilgan o‘yinlari muxlislarning noroziligini uyg‘otgan.

Oldinroq, Qirg‘iziston bilan xalqaro o‘rtoqlik o‘yini noma‘lum sababga ko‘ra bekor qilingandi.

Keyin ikki kun ichida shoshma-shosharlik bilan Afrika qit‘asidan topilgan raqib ham o‘yinga ikki kun qolganda kelmasligi aniq bo‘lgan.

31 may kuni O‘FF rasmiy sayti "O‘zbekiston - Ekvatorial Gvineya xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi Ekvatorial Gvineya futbol federatsiyasining tashabbusiga ko‘ra bekor qilindi", deya xabar tarqatgan.

O‘yin bekor qilinishiga Ekvatorial Gvineya Futbol federatsiyasi Bosh kotibi Tadeo Nsuye Onva imzolagan xat asos sifatida keltirilgan.

Muxlislar o‘tkazilmagan o‘yin uchun sotib yuborilgan chiptalarni qaytarish ham mashmashaga aylangani, chipta sotib olinayotganda talab qilinmagan pasport pulni qaytarib berishda talab qilinganini aytganlar.

Buning hammasi jamoaning mag‘lubiyatlaridan ko‘zi pishib ketgan ishqibozlarning kinoyali kulgusi va g‘azabnok fikrlariga sabab bo‘lgan.

Bir kun oldin esa O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi O‘zbekiston-Ekvatorial Gvineya uchrashuviga sotib olingan chiptalar bilan 1 sentyabr kuni Toshkentda o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Suriya uchrashuviga kirish mumkinligini e‘lon qilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonga balki faqat futbol va san‘atga tsenzura yo‘q yoki nisbatan kamroq. Shu boisdan, siyosatga aloqador nozikroq mavzularda fikr bildirishdan tiyiladigan o‘zbekistonliklar futbol va qo‘shiqchilarga kelganda ayab o‘tirmaydigan bo‘lganlar.

uff.uz saytinining yopib qo‘yilishini tegishli tomonning istalmagan tanqidlarni kamaytirish istagi deb qarash mumkindir balki.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq