"33 yil badalidagi eng uzoq Ramazon"

Britaniyalik musulmonlar uchun bu yilgi Ramazon xuddi ana shundayi bo‘ladi.

Bunga bu yilgi muqaddas Ramazon oyining ayni yozgi quyosh turish paytiga to‘g‘ri kelgani sabab bo‘lgan.

Yozgi quyosh turishi esa, kunlarning eng uzun va tunlarning eng qisqa bo‘lishi bilan xarakterlanadi.

Buyuk Britaniyaning qay bir nuqtasida ekanliklariga qarab, musulmonlarning ro‘za vaqtlari bu yil 16 dan 19 soatgacha cho‘zilishi mumkin.

Mavjud holat Buyuk Britaniyada hali yil boshidayoq xavotirlarga sabab bo‘lgan.

Mas‘ullar bu yilgi Ramazon oyining o‘ziga xosliklarini inobatga olib, avvalboshdanoq maktablardagi bitiruv imtihonlari taqvimini shunga moslab tuzib chiqishgandi.

Britaniya Musulmonlar Kengashi esa, ro‘zadorlarni Ramazon oyining uzoqqa cho‘ziluvchi va ayniqsa, issiq kunlarida ehtiyot bo‘lishlari bilan ham ogohlantirib chiqqan.

Kengash yozgi issiqda tananing suvsizlanishi xatarli ekanini aytib, musulmonlarga sahar va iftor paytida imkon qadar ko‘p suv ichishni ham qat‘iy maslahat bergan.

Londonning yaqinda saylangan birinchi musulmon hokimi Sodiq Hon ham o‘zining twitida ro‘za tutishning oson bo‘lmasligi, ayniqsa, qahvaning xumoridan azob chekishini e‘tirof etgan.

Yangilik emas

Image copyright Getty

So‘nggi yillarda musulmon olami uchun muqaddas Ramazon oyining yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelayotgani bundan avval ham Britaniya qolib, dunyoning qator davlatlarida ham bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Jumladan, o‘tgan yili taniqli ulamolardan biri, doktor Usoma Hasan ro‘za soatlarini qisqartirish taklifi bilan chiqqandi.

Britaniyalik doktor buning sababini uzun ro‘za soatlarining inson salomatligiga salbiy ta‘sirining oldini olish istagi bilan izohlagandi.

Ma‘lumki, Ramazon oyida musulmonlarning tongdan shomgacha ro‘za tutishlari farz sanaladi.

Britaniyada bu yil Ramazon oyi mobaynida Quyosh chiqishi o‘rtacha tonggi soat 4.45 lar va botishi esa, kechki 21.23 larga to‘g‘ri kelmoqda.

Ertalabki "og‘iz yopish" sahar uchlar atrofida, "og‘iz yopish" esa, kechqurungi to‘qqiz yarimlar atrofida bo‘lmoqda.

"Yozning qoq o‘rtasida ro‘za soatlari juda uzoq - chunki biz ekvatorga qaraganda Shimoliy Qutbga yaqinmiz. Va asrlar davomida musulmon huquqshunoslar ro‘za soatlaringni Makkaga belgilab olishing mumkin, deb kelganlar - 12 soat, 14, 15, 16 soat. Lekin undan ko‘p emas. Bu juda nozik masala, shuning uchun Britan musulmonlari muvozanatli yondashuv qilishlari kerak, deb o‘ylayman", - deb aytgandi doktor Usoma Hasan.

Britaniyalik doktorning bu taklifi ortidan BBC O‘zbek Xizmati munosabatini so‘rab, o‘shlik ulamo Sodiq qori Kamoliddin bilan bog‘langan, suhbatdoshimizning javobi esa, "ro‘za vaqtini hech kim kamaytirib va yoki uzaytira olmasligi" qabilida bo‘lgandi.

"Bu - Allohning qonuni. Yer yuzidagi musulmonlar uchun tushgan qonun, dastur. Hech kim bu vaqtni biror daqiqaga yo cho‘zolmaydi yo kamaytira olmaydi... O‘sha subh vaqtidan to kun botgungacha deb belgilab qo‘yilgan", - deb aytgandi o‘shlik ulamo.

O‘z o‘rnida, suhbatdoshimiz istisnoviy holatlar borligiga ham alohida to‘xtalgan.

Image copyright Getty

"Xastalar, safardagi musofirlar... yoki qiyin sharoitlarda ishlaydiganlar bundan mustasno" ekani, "ular yo kafforat berishlari va yoki qishning qisqaroq kunlarida ro‘zaning qazosini tutib berishlari ko‘zda tutilgani"ni aytgandi.

Ammo britaniyalik aksariyat musulmonlar o‘tgan yili doktor Usoma Hasanning bu taklifiga quloq tutmasliklari, Ramazon oyida "Allohning o‘zi insonga kuch" berishini aytishgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq