Uyg‘urlar pasport uchun DNK topshirishi shart

Image copyright AFP
Image caption Har yili Ramazon oldidan Xitoy uyg‘urlar ustidan nazoratni kuchaytiradi

Xitoyning asosan musulmonlar yashaydigan Shinjon mintaqasining chegara hududida yashovchi aholisi bundan buyon pasport olish uchun DNK (Genlar va nuklein kislotalar tuzilishi-tahr) namunalarini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

Bu haqda Frans Press agentligi Xitoyning davlat matbuotiga iqtibosan xabar bermoqda.

Mintaqada chop etiladigan rasmiy "Yili Daily" ro‘znomasidagi xabarda aytilishicha, Xitoyning olis shimoli-g‘arbidagi Yili Qozoq Muxtor prefekturasi yashovchilari 1 iyundan boshlab ma‘lum sayohat hujjatlari olish uchun mahalliy politsiya yoki jamoat xavfsizligi byurosiga DNK namunasi, barmoq izlari, ovoz tahlili va uchta "uch o‘lchamli surat"larni taqdim etishlari shart.

Yili prefekturasi Mo‘g‘uliston, Rossiya va Qozog‘iston bilan chegaradosh bo‘lib, 10 million uyg‘urlar yashaydigan Shinjonning bir qismidir.

Uyg‘urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan Shinjon mintaqasining yerli aholisi o‘zlariga qarshi kamsitishlardan shikoyat qilib keladilar.

So‘nggi paytlarda uyg‘urlarga safar qilishlari uchun pasport bermaslik, turli siyosiy va madaniy cheklovlar kuchaygan.

Yangi tartib musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi arafasida joriy etilgan.

Har yili Ramazon oldidan Xitoy uyg‘urlar ustidan nazoratni kuchaytiradi.

Jumaladan, bu yil ham partiya a‘zolari, davlat xizmatchilari, talaba va o‘qituvchilar ro‘za tutmaslik haqida ogohlantirilgan.

O‘tgan yili Ramazonda halol restoran va yemakxonalarga Ramazon oyida odatdagidek ishlash haqida ko‘rsatma berilgani xabar qilingan.

So‘nggi yillarda uyg‘urlar va Xitoy xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda yuzlab insonlar halok bo‘lgan.

Repressiv siyosat

Xitoyda uyg‘urlar doxil 20 millionga yaqin musulmonlar yashaydi.

Shinjonning qariyb yarim aholisi turkiy tilda so‘zlashuvchi madaniy va etnik aloqalari Markaziy Osiyoga bog‘liq uyg‘urlardir.

Image copyright afp getty
Image caption Uyg‘urlar va Xitoy xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda yuzlab insonlar halok bo‘lgan

Xitoy hukumati Shinjonda radikal musulmonlar tomonidan tashkil qilingan uyushgan terrorchi guruhlar borligini aytib keladi.

Rasmiy Pekin etnik uyg‘urlarga nisbatan tazyiqlarini bo‘lginchilik, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash bilan oqlaydi.

Uyg‘ur faollari esa mintaqada hukumatning shafqatsiz boshqaruvidan noroziliklarini bildirishadi.

Shinjon bo‘lgasi poytaxti Urumchi o‘tgan asrning 90 yillarida etnik zo‘ravonliklarga sahna bo‘lgan.

2009 yilda ham xanlar va uyg‘urlar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 200 odam halok bo‘lgan va 1700 kishi yaralangan.

2009 yilda Urumchida yirik etnik qatlam hisoblangan musulmon uyg‘urlari va xitoy xanlari o‘rtasida kelib chiqqan tartibsizliklardan so‘ng xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

2011 yil iyulidagi to‘qnashuvlarda 32 kishi halok bo‘lgan.

Amnesty International tashkilotiga ko‘ra, Xitoy hukumati bu hodisaga aloqadorlikda 1000dan ortiq kishi, asosan musulmon uyg‘urlarni hibsga olgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring