Toshkentdan maktublar: Hojatxonaga pasport bilan

Bundan bir necha yillar avval amerikalik kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan "Sen uyqudaligingda" degan filmni ko‘rgan edim.

Voqea qahramoni (aktrisa Sandra Ballok) yigit bilan gaplashayotib, "Doim cho‘ntagimda pasportimni olib yuraman. Chunki kimdir Italiya sayohatiga taklif qilib qolsa, pasport olish uchun uyga borib vaqt yo‘qotmaslik uchun", deydi.

Bugun O‘zbekistonda ham hamma pasportini cho‘ntagiga solib yuradi. Yo‘q,siz o‘ylamang, o‘zbekistonliklarning hammasi osongina sayohatga uchib ketadi yoki o‘zbeklar ham Sandra Ballok kabi xayolparast ekan, deb.

Aslida gap boshqa yoqda.

Nima uchunligini bilmayman, ammo bir viloyatdan ikkinchi viloyat hududiga o‘tish, davlat tashkilotlariga kirish, metroga tushish uchun ham pasportingiz bo‘lishi kerak. Bu qonun-qoidani kim, qachon, nima uchun chiqarganligini hech kim bilmaydi, ammo bank eshigi tagida turgan militsiya formasidagi xizmatchilar ham, viloyatdan viloyatga o‘tish joyidagi "postlar"da turgan askar kiyimidagi yigitlar ham pasportingizni albatta tekshirishadi.

Meni hayron qoldiradigan bir jihat ular pasport egasining kimligiga mutlaqo qiziqmasligi. Pasportning rasmi bor joyini bir ko‘rib qo‘ysa bo‘ldi.

Yo ularning xotirasi fotoxotira yo-da millionta odamdan bittasida uchraydigan, yana ism familiyalarni soniyalar ichida yod olish qobiliyatiga ega allaqanday favqulodda iste‘dod sohibi ular.

Toshkentda-ku, yashab bo‘lmay qoldi. Xudoni bergan kuni pasport tekshirish, propiska tekshirish. Uyiga kelgan mehmonlar haqida soatlab tushuntirish berish va tushuntirish xati yozib o‘tirish ko‘pchilikning asabini egovlayotganiga ham ko‘p vaqt bo‘lib qoldi.

- Uy xo‘jayinimning nomida, - deydi toshkentlik ayollardan biri,- 35 yillar avval viloyatdan ko‘chib kelganmiz. Shu kungacha turmush o‘rtog‘imning va mening ukalarim, singillarim, jiyanlarim, amma-xolalarimizning farzandlaridan ko‘plari Toshkentda o‘qib, bizning uyida yashab ketishdi. So‘ngi uch-to‘rt yildan buyon o‘qish uchun kelgan jiyanlarimga ham, bizga ham kun yo‘q. Har kuni eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlagan, mahalla faollari kelgan, men ularga tushuntirish xati yozib bergan. Jiyanimni yotoqxonaga chiqib ket, deyolmayman. Akam, opam, qaynopam, qaynog‘am xafa bo‘ladi "bitta meni bolam uyingga sig‘may qoldimi", deb. Pasport sumkamizdan tushmaydi. Qayerga borsak, birinchi pasport ko‘rsatishimiz kerak. Bilmadim, bu turishda yaqin besh-olti oyda jamoat hojatxonalariga ham pasport ko‘rsatib kiramizmi?..

Yaqinda jiyanim Farg‘onadagi yoshlarning eng katta bayrami - "Universiada"dan qaytib keldi.

Uning aytishicha, 20 ming tomoshabin sig‘adigan stadionda sport musobaqasining ochilish marosimi o‘tkazilibdi.

20 ming farg‘onalik o‘sha kuni qo‘llarida pasport va taklifnoma bilan bitta-bitta tekshirilib, keyin stadionga qo‘yilibdi.

Toshkent haqida gapirmay qo‘yaqolay. Ayniqsa, hozir. Ayniqsa, Shanxay sammiti oldidan.

Poytaxtdan "kelgindilar" tugul, u yerda vaqtincha propiskasi bor talabalar ham apil-tapil imtihonlar topshirilib, non shahridan badarg‘a qilindi.

Allaqachon pasport shahriga ham aylanib ulgurgan Toshkentimizdan.

Adolat Toshkanboy qizi.
  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring