Misr uchog‘i Urganchga favqulodda qo‘ndi

Image copyright avia.pro
Image caption Misr uchog‘i Urganch aeroportiga qo‘ngan

EgyptAir shirkatiga tegishli yo‘lovchi uchog‘i bortida bomba borligi haqidagi ogohlantirish ortidan Urganch aeroportida favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan.

Reuters agentligining Misr aviatsiya rasmiylariga iqtibosan xabar berishicha, ogohlantirish soxta bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, uchoq Qohiradan Pekinga parvoz qilgan.

O‘zbekiston Havo Yo‘llari e‘lon qilgan bayonotda aytilishicha, uchoqdagi 118 nafar yo‘lovchi va 17 nafar ekipaj a‘zolarining hammasi xavfsiz bir shaklda evakuatsiya qilingan.

Uchoqdagi tekshiruv chog‘ida shubhali biron ashyo aniqlanmagan.

EgyptAir shirkati ogohlantirishning soxta bo‘lgani haqida rasmiy bayonot berganicha yo‘q.

"Hozirda uchoq safarni davom ettirishga tayyorlanmoqda. Ollohga shukur, ogohlantirish soxta bo‘lib chiqdi", deya Misr rasmiylaridan birining so‘zidan iqtibos keltirgan Reuters agentligi.

Image copyright Getty
Image caption O‘tgan oy EgyptAir uchog‘i O‘rta Yer dengizida halokatga uchragan

O‘tgan oy EgyptAir ning Parijdan Qohiraga parvoz qilgan Airbus-320 uchog‘i 66 nafar yo‘lovchisi bilan O‘rta Yer dengizida halokatga uchragandi.

Halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Shundan buyon EgyptAir bir necha bomba tahdidlarini olgan, ammo ularning barchasi soxta bo‘lib chiqqan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring