Euro 2016: Stadionma-stadion – mezbon Frantsiya bo‘ylab sayohat

Futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionati eng yirigi sifatida ham tarixga kiradi.

Birinchilik doirasidagi 51 ta uchrashuvga Frantsiyaning 10 shahri mezbonlik qiladi.

Ishtirokchi terma jamoalarga Bordo, Lill, Lion va Nitstsadagi yangi stadionlar ham ilk bor o‘z eshiklarini ochadi.

Yangilarini qurish va Marselning "Velodrom" stadioni kabi tarixiylarini qayta ta‘mirdan chiqarish esa, mezbon Frantsiyaga o‘ziyam qariyb 2 milliard yevroga tushgan.

Tashkilotchilarga ko‘ra, Frantsiya 1998 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik imkoniyatidan to‘lig‘icha foydalana bilmagani uchun bu gal pulning betiga qarab o‘tirishmagan.

BBC Sport bu yilgi Ovro‘po chempionati davomida Angliya, Shimoliy Irlandiya, Uels va Irlandiya Respublikasi milliy terma jamoalari to‘p surajak Frantsiya stadionlarini bor o‘ziga xosliklariyu hashamati bilan diqqatingizga havola etadi:

"Stad-de-Bordo" stadioni (Bordo):

Myunxendagi mashhur "Alyants" va Xitoydagi go‘zalligi aqllarni shoshirgan "Qush uyasi" stadionlari me‘morlarining yana bir ajoyib ijod mahsuli. 2015 yilda foydalanishga topshirilgan va 42000 tomoshabinga mo‘ljallangan. Bu yilgi Ovro‘po chempionatining 5 ta uchrashuviga mezbonlik qiladi.

"Feliks Bollar" stadioni, Lans:

Qurilganiga qariyb bir asr bo‘lgan. 1984 yilgi Ovro‘po va 1998 yilgi jahon chempionatlari uchrashuvlariga ham mezbonlik qilgan. Ammo bu yilgi Ovro‘po chempionati uchun 70 million yevro xarjlab, qayta ta‘mirdan chiqarilgan. Xuddi shu bois ham o‘tgan futbol mavsumida umuman ochilmagan. Ja‘mi 38000 ishqibozga mo‘ljallangan. Birinchilikning ja‘mi 4 ta uchrashuviga mezbonlik qiladi.

"Per Morua" stadioni (Lill):

2012 yilda ishga tushgan. Zamonaviy me‘morchilikning eng ilg‘or namunalaridan biri. Frantsiya sobiq Bosh vaziri va Lill hokimining nomi bilan atalgan. 50000 tomoshabinga mo‘ljallangan. Futboldan tashqari, regbi, basketbol va tennis bellashuvlari uchun ham mo‘ljallangan. Yarim soatda tomi ochilib, yopiladigan uslubda qurilgan. Bu yilgi Ovro‘po chempionatining bir nimchorak va bir choragi doxil ja‘mi 6 uchrashuviga mezbonlik qiladi.

"Stad de Lyumer" stadioni, Lion:

Bu yilgi Ovro‘po chempionatiga mezbonlik qilajak stadionlar orasidan eng qimmatga tushgani va eng so‘nggisi bo‘lib foydalanishga topshirilgani sanaladi. Mahkama jarayonlari tufayli qurilish ishlari besh yilga kechikib, va nihoyat 2013 yilda boshlangan stadion shu yil yanvar oyida qurib bitkazilgan. Ja‘mi 59000 tomoshabinga mo‘ljallangan. Mashhur "Lion" jamoasi shaxsan egalik qiluvchi Frantsiyadagi birinchi yirik xususiy stadion bo‘ladi. Bu yilgi Ovro‘po chempionatining yarim final bellashuvi doxil olti uchrashuviga mezbonlik qiladi.

"Velodrom" stadioni, Marsel:

Frantsiyadagi eng ko‘hna stadionlardan biri. 1937 yilda ishga tushgan va 1938 yilgi jahon chempionati uchun qurilgan. 1998 yilgi jahon chempionati uchun qayta ta‘mirdan chiqarilib, sig‘imi 67000 tomoshabin ketadigan qilib kengaytirilgan. Stadionning ishqibozlarni kuchli shamollardan pana qilish barobarida ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan to‘lqinsimon tomi esa, o‘ziyam ozmuncha pulga tushmagan. Ta‘mirlash ishlariga ja‘mi 267 million yevro ketarkan, buncha mablag‘ klub rahbariyati va shahar kengashi o‘rtasida ancha-muncha ziddiyatlarga ham sabab bo‘lgan. Stadion bu yilgi Ovro‘po chempionatining ja‘mi 6 uchrashuviga mezbonlik qiladi.

"Alyants Rivera" stadioni, Nitstsa:

Nitstsa bu yilgi Ovro‘po chempionati bahona o‘zining eski "Dyu Rey" stadioni o‘rniga imkonli bo‘lib qolgan yangi stadioni bo‘ladi. Dastlab qurilishi 2002 yilga rejalangan. 2006 yilga kelib, loyihasi ijrosi yana ortga surilgan va faqat 2011 yilga kelibgina qurilish ishlariga kirishilgan. Nitstsa g‘arbida va shundoqqina aeroport biqinida joylashgan. 36000 ishqibozga mo‘ljallangan. Futbol barobarida, regbi, tennis, motosport va hatto, kontsertlar o‘tkazishga ham moslashgan. 2013 yilda ochilgan bu stadion birinchilikning to‘rt uchrashuviga mezbonlik qiladi. Homiylik shartlari tufayli Ovro‘po birinchiligi davomida oddiygina "dyu Nitstsa" stadioni deb yuritiladi.

"Park de Prens" stadioni, Parij:

Sig‘imi jihatdan Frantsiya poytaxtidagi boshqa stadionlar bilan bellasha olmasa-da, eng ko‘hnalaridan biri ekani bilan maqtana oladi. Stadion 1897 yilda ishga tushgan. Orada uch marotaba qayta ta‘mirdan chiqarilgan. Ikkita jahon chempionati va ikkita Ovro‘po birinchiligiga mezbonlik qilgan. 1984 yilgi Ovro‘po chempionatining final uchrashuvida mezbon Frantsiya xuddi shu stadionda Ispaniya mag‘lub etib, chempion bo‘lgan. 1903-1967 yillarda "Tur de Frans" velopoygasining yakuniy bosqichini qabul qilib olgan. Hozirgi paytda ja‘mi 48000 kishini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Bu yilgi Ovro‘po chempionatining ja‘mi 5 uchrashuvi xuddi ana shu stadionda bo‘lib o‘tadi.

"Dyu Frans" stadioni, Parij:

Frantsiya mezbonlik qilgan futbol bo‘yicha 1998 yilgi jahon chempionati uchun xosan qurilgan bittayu bitta yangi stadion bo‘ladi. O‘sha yili chempionatning 9 uchrashuviga mezbonlik qilgan. Mezbon Frantsiya Braziliyani 3:0 hisobida mag‘lub etgan final uchrashuvi ham xuddi shu stadionda bo‘lib o‘tgan. Frantsiya milliy terma jamoasi va regbi ittifoqining asosiy maydoni hisoblanadi. Frantsiyadagi bu yilgi Ovro‘po chempionatiga mezbonlik qiluvchi eng yirik va biror bir ta‘mirga ehtiyoj sezmagan bittayu bitta stadioni bo‘ladi. O‘tgan yil noyabr oyida uchta xudkush hujumchi tashqarisida o‘z portlovchi moddalarini portlatib yuborgan stadion ham aynan "Dyu Frans" bo‘ladi. Hujum Frantsiya va Olmoniya xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazayotgan bir paytda yuz beradi. Frantsiya Sport ishlari bo‘yicha vaziri o‘shanda hujumga ko‘rsatgan og‘ir-bosiq munosabatlari uchun stadion mas‘ullarini olqishlaydi. Ammo, shunda ham, chempionat davomida boshqalarida bo‘lgani kabi, "dyu Frans"da ham xavfsizlik choralari kuchaytirilish kutilmoqda. Mazkur stadion birinchilikning bitta chorak va finali doxil ja‘mi yetti uchrashuviga mezbonlik qiladi.

"Joffrua Gishar" stadioni, Sent-Eten:

Dastlab bu yilgi futbol bo‘yicha Ovro‘po chempionati uchun zaxira stadioni sifatida tanlangan. Ammo birinchilikning ko‘lamini nazarda tutib, mas‘ullar undan foydalanish ga qaror qilishgan. 1931 yilda ishga tushgan stadion aynan bu yilgi birinchilik bahona yana qayta ta‘mirdan chiqarilgan. Sig‘imi 35000 kishidan 42000 kishi qadar kengaytirilgan. Bu yilgi Ovro‘po birinchiligining ja‘mi 4 uchrashuviga mezbonlik qiladi.

"Tuluza Munitsipal stadioni", Tuluza:

Bu yilgi Ovro‘po chempionatiga mezbonlik qilajak stadionlar orasidan eng kichigi. 1937 yilda ishga tushgan. 1938 yilgi jahon chempionati uchun qurilgan va o‘sha paytda Londonning "Uembley" stadioniga ham qiyos berilgan. Davlat moliyaviy xarajatlarini ko‘tarmaslikka qaror qilarkan, orada uni kengaytirish rejalari ham chippakka chiqqan. Bor-yo‘g‘i 33000 kishiga mo‘ljallangan. 1984 yilgi Ovro‘po chempionati o‘yinlariga mezbonlik qilish sharafi nasib etmagan. Ammo 1998 yilgi jahon chempionatining bir emas, olti uchrashuviga o‘z eshiklarini ochib bergan. Bu O‘rindiqlari hajmining UYEFA me‘yorlariga muvofiq kelishi uchun bu yilgi Ovro‘po birinchiligi oldidan sig‘imi 2000 kishiga kamaytirilgan. Tuluza, boshqa tomondan, futboldan ko‘ra, regbi klublarining shuhrati bilan nom qozongan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring