"O‘zbekistonning 18 tonna mevasi yaroqsiz"

Image caption Aytilishicha, O‘zbekiston olxo‘rilarida xavfli chechak kasalligi topilgan

Rossiyaning Saratov viloyatida O‘zbekistondan keltirilgan 18 tonna olxo‘rida xavfli chechak virusi topilgan.

Kasallangan mevalarning hammasi yakson qilinishi aytilgan.

Saratov ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Rosselxoznadzor boshqarmasi va Saratov bojxona qo‘mitasi xodimlari O‘zbekistondan olib kelingan 18 tonna mevani bojxona nazorat punktida ushlab qolganlar.

Aytilishicha, meva qutilarida zarur belgilar yo‘qligi bois, olxo‘ri namunalari zararli kasalliklar bo‘yicha tekshiruvga yuborilganda mutaxassislar donakli mevalarda uchraydigan xavfli chechak kasalligini aniqlaganlar.

Mutaxassislarga ko‘ra, bu kasallik tashuvchilari Ovro‘po Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasining oziq-ovqat bo‘yicha taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Xavfli chechak o‘rik, olcha, gilos, shaftoli, olxo‘ri kabi mevalarga zarar yetkazib, hosilga jiddiy xavf tug‘diradi.

Zararli tayoqchalar tashqi ta‘sirga o‘ta chidamli bo‘lgani bois, kasallangan daraxtlarni yakson etishdan boshqa chorasi yo‘q.

Xabar qilinishicha, kasallangan olxo‘rilar 9 iyunda Saratovning Engelsk maydonida yo‘qotiladi.

Rossiyaga O‘zbekistondan har yil mavsumda tonnnalab meva va sabzavotlar yetkazib beriladi.

Oxirgi paytda Rossiya-Turkiya munosabatlari yomonlashishi ortidan, Rossiya bozorlariga yetkaziladigan Turkiya meva-sabzavotlarining o‘rniga boshqa muqobillarni ko‘ra boshlagan.

Image copyright none

Jumladan, Markaziy Osiyodan keltiriladigan meva-sabzavotlarni ko‘paytirish aytilgan.

Moskva va Anqara munosabatlari buzilishiga qadar Rossiya ichki bozoridagi sabzavotlarning qariyb 20 foizi va mevaning 25 foizi Turkiyadan keltirilgan.

Prezident Islom Karimov ham aprel oyida Moskva safari chog‘ida O‘zbekiston Rossiyaga meva-sabzavot yetkazib berishda Turkiya o‘rnini egallashga qodir ekanligiga ishora etgandi.

"O‘zbekiston 2016-yilda meva-sabzavot yetishtirishni 4,5 million tonnaga ko‘paytirmoqchi. Agar bu shartnoma uzoq muddatli bo‘lsa, Rossiyani meva va sabzavotlar bilan ta‘minlashga yetarli imkoniyatga egamiz", degan edi prezident Islom Karimov.

Biroq, O‘zbekiston mevalarining Rossiyaga kiritilishi oson kechmasligi aniq.

Tadbirkorlarning fikricha, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy tashkilotga a‘zo bo‘lmagani, o‘zbek ishbilarmonlari biznesini ancha qiyinlashtirgan.

Ovroosiyo iqtisodiy ittifoq tashkilotga a‘zo davlatlarning o‘z mahsulotlarini Roosiyaga kiritishda qator imtiyozlar belgilangan.

Bundan oldin BBC suhbatlashgan bir qancha tadbirkorlar Rossiyaga olib borgan mahsulotlarining katta qismi tomonlar o‘rtasida tegishli kelishuvlarning, imtiyozlarning yo‘qligi bois, nobud bo‘lib qolayotganini aytgan edilar.

Shuningdek, o‘zbekistonlik ishbilarmonlarga ko‘ra, mamlakatning o‘zidan chetga mahsulot olib chiqishning qiyinligi sababli, qo‘shni davlatlarga olib boriladigan mahsulotlarni ko‘p hollarda noqonuniy yo‘llar, pora berib o‘tqazishga majbur bo‘ladilar.

Ba‘zi kuzatuvchilar fikricha, Rossiyada katta miqdordagi mevalarning yaroqsizga chiqarilishi bu sohadagi raqobatchilarning ishi bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq