Gibson "Masih ehtiroslari"ning davomini suratga oladi

Image copyright AP
Image caption "Masih ehtiroslari"ning davomi suratga olinadi

Hollivudning eng taniqli aktyor va rejissyorlardan biri Mel Gibson "Masih ehtiroslari" filmining davomini suratga olishga bel bog‘lagan.

Bu haqda stsenariynavis Rendal Uolles ma‘lum qilgan.

Uolles Gibson bilan "Dovyurak" filmida birga ishlagan ijodkordir.

"Men doim bu haqda gapirishni istaganman, aslida "Masih ehtiroslari" faqat boshlanishi, xolos", deb aytgan Rendal Uolles The Hollywood Reporter nashri bilan suhbatda.

Uning aytishiga qaraganda, Gibson bu film davomi haqida fikrga bu yil ekranlarga chiqariladigan boshqa bir asarini suratga olish vaqtida kelgan.

Mel Gibsonning "Vijdon amri bilan" nomli filmi ham katta muvaffaqiyat qozonishiga umid qilinmoqda.

Ammo Uollesga ko‘ra, "Masih ehtiroslari"ning davomini suratga olish uchun hali studiya yo‘q, chunki stsenariyning o‘zi endi qoralanmoqda.

Uolles yangi film g‘oyasi haqida boshqa tafsilotlarni oshkor etmagan.

Iso alayhisalomning so‘nggi kunlari haqida hikoya qiluvchi film 2004 yilda ekranlarga chiqarilgandi.

30 million dollar sarflangan bu film 610 million dollar daromad keltirgan edi.

Ko‘p o‘tmay Gibson filmning davomini olishga bel bog‘lagani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring