"Karimovdan keyin kim kelishidan qat‘iy nazar Kremldan yuz o‘girmasligi kerak"

Image copyright AFP Getty

BBC O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Prezident Islom Karimovning ichki va tashqi siyosatiga bag‘ishlangan dasturlarni tayyorlagan.

Prezident Karimovning G‘arb va mintaqa bilan o‘ziga xos aloqalari, mamlakat ichkarisidan nazar hamda rasmiy Moskvaning O‘zbekiston rahbariga bo‘lgan murakkab munosabati - bular jumlasidandir.

Bugungi maqolamizda "Kreml Islom Karimovning ketishidan keyin O‘zbekistonni kim boshqaradi degan savolga o‘z ta‘sirini ko‘rsata oladimi?" - degan savolga rossiyalik tahlilchi Arkadiy Dubnov javob beradi.

Image copyright sayasat
Image caption Rossiyalik tahlilchi Arkadiy Dubnov

Arkadiy Dubnov: O‘ylaymanki, Kreml Islom Karimovning ketidan kim kelishi mumkinligi borasidagi savolda ayrim bir rol o‘ynashni xohlayotgani bilan, biroq, bunday imkoniyat Kremlda paydo bo‘ladi deb hisoblamayman. Farazimcha, vaqt kelganida, Toshkentda Karimovning merosxo‘ri masalasiga oid Moskvaning munosabatini inobatga olishlari mumkin. Sho‘rolar davridek, ya‘ni Moskvadan O‘zbekiston TsK siga Birinchi sekretarni tayinlashganidek bo‘lmaydi. U vaqtlar o‘tib ketdi, hozirda O‘zbekistonda vorisni tayinlash uchun o‘ziga xos mustaqil struktura shakllanib bo‘lgan. Boshqa tomondan, merosxo‘rni tanlash - misli ko‘rilmagan hodisa bo‘ladi. Chunki, Karimov sovet davridan buyon O‘zbekistonni boshqarib kelayotgani hammaga ma‘lum. Bu o‘ta hayajonli davr bo‘lishi mumkin va Moskva so‘nggi yillarda iztirobli kutish onlarini boshidan kechiryapti. Bugungi kunda bu voqealarga qanday tayyorgarlik ko‘rishni Moskvada yaxshi bilishadi deb o‘ylamayman. Bundan tashqari, undan keyin kim bo‘lishi haqida Karimovning o‘zi aniq bir tasavvurga ega deb o‘ylamayman.

BBC: Qanday bo‘lmasin, Kremlda O‘zbekiston bilan aloqa yuritish strategiyasi ishlab chiqilganida, post-Karimov O‘zbekistonining ayrim konturlari, ya‘ni chiziqlari oydinlashtirilmoqdami?

Arkadiy Dubnov: Post-Karimov O‘zbekistoni bilan aloqa qilish jihatlari so‘zsiz o‘zgaradi. Biroq, O‘zbekistonda Moskvaning orbitasiga butunlay qaytishga imkon yarata oladigan xodisalar ro‘y bermasligiga ishonchim komil. O‘zbekistonda hokimiyatni ushlab turgan klanlar mustaqil ish yurgizishga o‘rganib qolishdi. Ular bu sohada ma‘lum bir mahoratga erishishdi. Ular yana Moskvaga qaram bo‘lib qolishni istashmaydi. Mazkur klanlar merosxo‘rni tanlashda bir-biri bilan kelishib olishganida bir sharoitni unutmasliklari kerak bo‘ladi, bu degani – O‘zbekiston g‘arb tomon keskin burilib ketmasligiga Moskvani qattiq ishontirishlari kerak bo‘ladi. Ya‘ni, Konstitutsiyada 2005 yilda Andijon voqealaridan so‘ng NATO bazalarini joylatirishmaslik kabi qoidalarni o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymasliklari kerak bo‘ladi.

BBC: Siz hozirda bir necha marta O‘zbekiston rahbari mustaqil deb aytdingiz, Kreml uchun Islom Karimov qanchalik "noqulay" siyosatchi deb o‘ylaysiz?

Image copyright AP
Image caption "Islom Karimov Kreml uchun muntazam ravishda "noqulay" shaxs bo‘lib kelgan..."

Arkadiy Dubnov: Shak-shubhasiz, O‘zbekistonning mustaqilligi yillari davomida Karimov Kreml uchun muntazam ravishda "noqulay" shaxs bo‘lib kelgan. Ba‘zan, bunday "noqulaylik"ni Islom Karimov Rossiya rahbariyati bilan munosabatlarida sharqiy "rohat luqum" siyosati bilan tekislashga harakat qiladi. Moskvada esa u haqda yanglishishmaydi. Ular siyosatni kardinal tarzda o‘zgartirishga qodir bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevichning xarakterini yaxshi bilib olishgan. Eng muhim masala – Karimov G‘arb bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarida, umrining oxirigacha, hamisha, Rossiya yelkasiga tayanib borajagini tushunish lozim. U, o‘zining o‘tmishi, o‘zining mentaliteti, o‘zining tajribasidan kelib chiqib, G‘arbga ishonmaydi va ishonchini yo‘qotgan. Uning G‘arb harakatlaridan shubhalanishiga Andijon voqealari turtki bergan. O‘sha vaqtda G‘arb mamlakatlari Karimovni keskin qoralab chiqqanlar va oqibatda AQSh Xonoboddan o‘z harbiy bazasini olib chiqishga majbur bo‘lgan. Lekin Rossiya, shaxsan Vladimir Putin Karimovni qattiq qo‘llab-quvvatlagandi. Bu Karimovga katta ta‘sir qilgan, u hech qachon buni unutgani yo‘q deb o‘ylayman. Shuning uchun uning G‘arb tomon namoyon bo‘layotgan ishonchsizlik qarashlariga, xususan bugungi kunda, bugungi vaziyatda, shubha tug‘dirish oson bo‘lmaydi, nazarimda. Undan keyin hokimiyatga keladigan elita vakillaridan aynan G‘arbga nisbatan ishonchsizlikni saqlab turishlari va yaqinlashib ketmasliklari kutiladi. Ya‘ni, Karimovdan keyin kim kelishidan qat‘i nazar, u shaxs Kremldan yuz o‘girmasligi kerak.

BBC: Bir paytlar Rossiya siyosiy va ijtimoiy doiralarida dabdabali chiqishlari bilan O‘zbekiston Prezidenti qizi Gulnora Karimova ko‘zga ko‘rinib turgandi. Endi esa uning siyosiy kelajagini ‘otasining vorisi’ sifatida ko‘rgan shaxslarning umidlari puchga chiqqan, deb aytsak bo‘ladimi?

Arkadiy Dubnov: Bu savolga javob berish uchun men yetarli ma‘lumotlarga ega emasman. Agar menga ishonsangiz, Rossiyada Gulnora Karimovani otasining merosxo‘ri sifatida hech kim ko‘rgan emas va hozirda ham ko‘rmayapti. Buning hech qanday iloji yo‘q o‘zi. O‘zbekistonda toki otasi tirik ekan, u nisbatan xavfsizlikda bo‘lishi mumkin. Otasi ketishi bilan, xuddi boshqa post-sovet mamlakatlari rahbarlari farzandlari kabi Gulnora Karimova uchun chet elga chiqib ketish yagona chora bo‘ladi. Rossiyada uni jiddiy voris sifatida hech kim qabul qilayotgani yo‘q. To‘g‘ri, uni Moskvada ziyofatlarda qabul qilishgan. Rossiyadagi O‘zbekiston elchisidan mavqe‘i yuqoriroq bo‘lgan maslahatchi deb tayinlangan ayolni, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimidagi ayolni, xalqaro tashkilotlarga maxsus vazifani bajarayotgan ayolni qanday qilib qabul qilib bo‘lmaydi? Bularning barchasi protokolga muvofiq bo‘lgan, xolos.

BBC: Biroq Kreml ichida O‘zbekistonga kelganda, o‘zining ‘favoritlari’ bordir? Ya‘ni O‘zbekiston kelajagini o‘ylayotgan Rossiya rasmiylari kim bilan umidlarini bog‘lashyapti? Bunday shaxslar bormi?

Arkadiy Dubnov: Yo‘q, Kremlning O‘zbekistonda hokimiyatga kelish imkoniyati ko‘proq deb ko‘zlangan shaxslari yo‘q va bo‘lishi mumkin emas. Kreml allaqachon ochiqdan-ochiq hech kimni qo‘llab-quvvatlamaydi. Misol uchun, Qirg‘izistonning joriy prezidentini olaylik. Yaqin o‘tmishda "favorit" deb sanalgan Atambayev so‘nggi vaqtlarda Kremlning jig‘iga tegayotgan "noqulay" shaxsga aylandi. Bugungi kunda manfaatlarini cheklab, Kremlning g‘ashiga qattiq tegilsa, Rossiya xatarli bo‘la olishini hamma anglab olgan. So‘nggi yillarda Vladimir Vladimirovich buni katta ustalik bilan namoyon etdi. Shuning uchun, hozirgi kunda MDH rahbarlarining siyosati - Rossiyaning asabi va izzat-nafsiga tegmaslik, uni haqorat qilmaslik, g‘azablantirmaslik va aksil-Rossiya kayfiyatlarni ochiq izhor etmaslikdan iboratdir.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq