O‘sh fojeasi qurbonlari xotirlandi

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida 2010 yil iyun oyida ro‘y bergan etnik nizolarga olti yil to‘lishi munosabati bilan hodisada qurbon bo‘lganlar yodga olindi.

Mahalliy hukumat vakillari va shahar aholisi iyun voqealarida halok bo‘lganlarga atab bunyod etilgan "onalar ko‘z yoshi" yodgorligi oldida yig‘ilib, marhumlar haqqiga Qur‘on o‘qiganlar.

Prezident Almazbek Atambayev mamlakat fuqarolariga murojaat qilgan.

"Qirg‘iziston xalqi mamlakat janubida 2010 yil iyun oyida ro‘y bergan fojeali kunlarni eslamoqda. Biz o‘shanda 422 yurtdoshimizni yo‘qotdik. Oradan olti yil o‘tdi, shu kungacha halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolganlar uchun qayg‘uramiz. Minglab odamlar o‘sha kunlari jarohat olib, nogiron bo‘lib qoldilar.

Bu oxirgi yarim asrda janubda sodir bo‘lgan uchinchi yirik etnik to‘qnashuv bo‘lganini xalq yaxshi biladi. 60 yillar insonlar o‘limi hukumatdagilarga ham, jamoatchilikka ham saboq bo‘lmadi. Oradan 30 yil o‘tib, bu 1990 yilgi qonli O‘sh hodisalariga olib keldi. Lekin afsuski ularni ham unutishga harakat qilindi. Biror bir o‘zgarish qilishga urinilmadi. Aksincha, muammolarni yana ham chuqurlashtirib, xususan, maktab va oliy o‘quv yurtlarini til bo‘yicha ajratishdi. Vaqt o‘tishi bilan bu jamiyatda yana ham ajralishiga olib keldi. Axborot hududi yagona emas, tillar bo‘yicha ajratib olib borildi".

Shuning uchun oradan 20 yil o‘tib, 2010 yil iyunida millatlararo kelishmovchiliklar o‘chog‘i yana alanga oldi. Sababi, ba‘zilar tutayotgan olovni qaytadan o‘t oldirish qiyin emasligini esdan chiqardilar. Ayniqsa, hokimiyat va pul uchun hamma narsaga tayyor bo‘lginchilar va millatchilar bor yerda. Ular qahramon bo‘lishni xohlashdi, aslida esa xalqining dushmanlari irodasini bajarib, odamlarni o‘limga yetakladilar. Bundan inqilob dushmanlari foydalandi, deb aytgan janob Atamboyev.

2010 yil voqealari jabrdiylarining uylari tiklab berildi, halok bo‘lganlar oilalariga 1 mln somdan moddiy yordam berildi. Xalqaro va gumanitar yordamlar orqali 14 mlrd som sarflandi. Respublika byudjetidan 6 mlrd som ketdi, deb ta‘kidlaydi u.

O‘sh voqealari kabi fojealar boshqa takrorlanmasligi kerak. Bizning maqsadimiz xalqimizning birdamligidir, degan Atambayev.

Qirg‘iziston janubida 2010 yil iyun oyida yuz bergan qonli milliy nizolarda rasman 400 dan ortiq inson qurbon bo‘lgan, ikki mingdan ortig‘i yaralangan, minglab uy-joy va binolar vayron etilgan.

BBC Qirg‘iz xizmati muxbiri Oybek Abdullayev O‘sh voqealarida farzandini yo‘qotgan ikki ona bilan gaplashgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Zo‘ravonliklar chog‘ida mol-mulklaridan ayrilib, uylari yoqib yuborilgan odamlarning aksariyati o‘zbeklar bo‘lganlar.

Xalqaro hisobotlarda ham zo‘ravonliklardan jabr ko‘rganlar ko‘proq mahalliy o‘zbeklar ekani alohida urg‘ulanadi.

Iyun voqealari yuzasidan o‘z tekshiruvlari natijasini e‘lon qilgan xalqaro mustaqil tergov hay‘ati esa, nizolar chog‘ida xotin-qizlarning jinsiy zo‘rlanganliklari, odamlarning tiriklayin yoqib yuborilganliklari hollari haqida so‘z yuritgandi.

O‘sh voqelariga aloqadorlikda ayblanib yuzlab insonlar hibsga olingan.

"O‘sha paytdagi zo‘ravonlik va o‘t qo‘yishlarda aksar o‘zbeklar jabrlanishdi, qurbonlarning uchdan ikki qismi ham o‘zbeklar edi" - raqamlarni keltiradi Bishkekdagi "Kilim Shami" inson huquqlari tashkiloti rahbari Aziza Abdirasulova - "Lekin asosan, o‘zbeklarni jazolashmoqda. Uzoq yillarga yo bir umrga qamalganlarning aksarisi - o‘zbeklar".

"Biz o‘tkazgan tadqiqotlarga tayanadigan bo‘lsak, o‘zbeklarni o‘ldirgan yo o‘zbek ayollarini zo‘rlagan bironta odamni ham haligacha jazolashmagan" - deydi qirg‘iz huquqboni.

O‘shdagi 2010 yilgi xunrezlik ortidan o‘n minglab o‘zbeklar boshqa mamlakatlarga, asosan, Qozog‘iston va Rossiyaga ketib qolishgan.

O‘sh voqealarida jabr ko‘rgan ko‘plab o‘zbeklar hamon moddiy yordamga muhtoj ekanliklarini, mahkama ishlarida esa adolat qaror topishini istashlarini aytishadi.

O‘zbekistonning davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari O‘sh voqealarining olti yilligini bu gal ham eslamagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq