Rufat Risqiyev: "Muhammad Ali, sen hali kerak eding"

Image copyright Reuters

70-yillar oxirida marhum boks afsonasi bilan Toshkentda ko‘rishgan o‘zbekistonlik nomdor bokschining aytishicha, agar, bugun uning dafn marosimiga borish imkoni bo‘lganida, ko‘zlaridan yoshlarini tiyolmagan bo‘lardi.

"...Men seni juda yaxshi ko‘raman. San bilan juda faxrlanaman. Sen mening kumirimsan. Sen yana uzoq yillar yashashing kerak edi. Chunki sen odamlarga keraksan. Ko‘ngli pok bir odam eding. Vetnam urushiga borishdan ham bosh tortding. Senga shuncha zarar keltirsa ham, baribir, Vetnamga bormading. Senga qarab, yana qancha odam ham shunday qildi. Buning oqibatida, urush ham kamroq bo‘lib, kamroq odam o‘ldi. Shuning hammasini sen qilding, derdim", - deydi boks afsonasining dafn marosimi arafasida BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Toshkentdan Rufat Risqiyev.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Muhammad Alining o‘limiga oid xabardan o‘rtog‘ining telefon qo‘ng‘irog‘i orqali xabar topgan.

"Bu xabarni eshitib, xuddi kimdir yelkamga pichoq urgandek bo‘ldi. Xuddi tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi, nazarimda. Buni tasavvur qilish qiyin edi. Chunki Muhammad Alidek bokschilar bu yaqin 100 yillarda tug‘ilmaydi. Juda yomon bo‘ldim. Haliyam o‘zimga kela olganim yo‘q.", - deya so‘zlarida davom etadi Rufat Risqiyev.

Shu soatlarda esa, o‘n minglab odamlar ona shahri Luisvillda marhum Muhammad Alining dafn marosimida ishtirok etishmoqda, u bilan so‘nggi bor vidolashishmoqda.

Boks afsonasi o‘tgan juma kuni 74 yoshida respirator xastaligidan vafot o‘tgan, uning o‘limiga oid xabar butun dunyoni larzaga solmay qo‘ymagandi.

Minglab ishqibozlari qatorida dunyoning manaman, degan sport yulduzlari, taniqli shaxsiyatlari va nomdor siyosatchilaridan minglab ta‘ziyalar yog‘ilib ketgandi.

Image copyright GETTY IMAGES

Ona shahri Luisvilldan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, boks afsonasi bilan vidolashuv marosimi uchun tarqatilgan minglab tekin chiptalar ham bir zumda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan.

Muhammad Alining yaqinlari esa, uning dafn marosimida istagan kishi ishtirok etishi va u bilan so‘nggi bor xayrlashishi mumkinligini aytishgandi.

Uning o‘limiga befarq bo‘lmagan barchaning birdek e‘tirof etishicha esa, Muhammad Alidek bokschi jahon boks olamida bo‘lmagan va uning o‘rnini hech kim hech qachon bosa olmaydi.

Muhammad Alining o‘limiga oid xabarga munosabat bildirarkan, o‘zbekistonlik boshqa bir nomdor bokschi, professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni Ruslan Chagayev ham, "Muhammad Ali o‘zi uchun boks qiroli ekani, jahon boks olamida hali unga o‘xshash bokschi bo‘lmagan"ini aytgandi.

"Muhammad Alining o‘limi juda katta yo‘qotish: Jahon boks olami afsonasini yo‘qotdi. Muhammad Ali o‘z davrining eng kuchli va jozibali bokschisi edi. Uning o‘limi bilan jahon boksi tirik tarixini yo‘qotdi", - degandi Ruslan Chagayev.

Image copyright GETTY IMAGES

Xuddi shu manzarada o‘tgan bir hafta davomida dunyoning istalgan burchagida Muhammad Alining insoniylik jihatlariga ham o‘z hurmatlarini bajo keltirayotgan insonlar-da ozmuncha bo‘lmayotir.

Toshkentdagi uchrashuvidan olgan taassurotlarini xotirlarkan, havaskor boks bo‘yicha Monreal Yozgi Olimpiada O‘yinlarining kumush medali sovrindori, sobiq jahon chempioni Rufat Risqiyev ham Muhammad Alining xuddi ana shu xislatlariga alohida to‘xtalib o‘tadi:

"Ruslarda bir maqol bor: "Go‘zallik oddiylikda", degan. Muhammad Ali menga ana shu maqolni eslatadi. Nihoyatda mashhur, ammo juda oddiy va kamtar odam. Manmanlikdan asr ham yo‘q bo‘lgan bir inson. Ustiga ustak, juda hazilkash. Toshkentning hamma chiroyli joylariga borgan, O‘zbekistonni juda yoqtirganligi haqida ham gapirgandi", - deydi suhbatdoshimiz.

Muhammad Alining o‘limiga oid xabar minglab o‘zbekistonliklarni ham befarq qoldirmagan, o‘sha kunlari, ayniqsa, turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlari ularning izhorotlariga to‘lib-toshgan, ko‘pchilik aynan boks afsonasining 70-yillar oxiridagi O‘zbekistonga tashrifini xotirlagandi.

Muhammad Alining qadim Samarqand shahrida olingan fotosurati esa, o‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari o‘rtasida "qo‘lma-qo‘l" bo‘lib ketgandi.

Image copyright AFP Getty

Ular fotosuratni bo‘lishish barobarida, "shunday buyuk insonning o‘z mamlakatlariga tashrif buyurganidan faxrlanishlari"ni izhor etishgandi. Muhammad Alining o‘limi "buyuk yo‘qotish" bo‘lganini aytishgandi.

Amerika bilan oralari qanchalik sovuq bo‘lganiga qaramay, dovro‘g‘i dunyoga ketgan emasmi, Sport qo‘mitasining taklifi bilan sobiq Sho‘rolar Ittifoqiga safar qilgan Muhammad Ali, xabarlarga ko‘ra, "musulmon ekani bois, uning sharqiy shaharlarini ham ko‘rish istagini izhor etadi".

Shu bahona O‘zbekiston poytaxti Toshkent va Samarqandda bo‘ladi. Ayniqsa, Samarqandda Ulug‘bek rasadxonasini borib ko‘radi va boshqa qadimiy obidalarini ham ziyorat qiladi.

Muhammad Ali o‘z hayoti davomida tashrif buyurgan, o‘z ko‘magini darig‘ tutmagan davlatlar ham ozmuncha bo‘lmagan, borgan har bir joyida boks afsonasi yana bir bor insonlarning ko‘ngillarini zabt etishga muvaffaq bo‘lgan.

Image copyright AP

U haqli ma‘noda jahon sporti tarixidagi eng mashhur sportchilardan biri sanalishi barobarida, jahondagi eng taniqli musulmonlardan biri sifatida ham ko‘rilgan.

Boshqa ko‘plab sovrinlari qatorida, professional boksning og‘ir vazn toifasida uch karra jahon chempionligini qo‘lga kiritgan, bu kabi sharafga esa, hozircha, qolgan boshqa biror bir bokschi musharraf bo‘lmagan.

Ammo Muhammad Ali birgina o‘zining yulduz bokschilik iqtidori bilan tanilmagan.

Boks afsonasi katta ringdan tashqari, qora tanlilarning huquqlarini himoya qilish, Amerikadagi irqchilik hollariga barham berish yo‘lida ham ozmuncha zahmat chekmagan.

Qolgan vatandoshlarining qanchalik tanqidlariga qolib ketganiga qaramay, 60-yillar oxirlarida Vetnam urushiga borishdan bosh tortgan, Amerikaning bu urushiga qarshi ekanini izhor qilgan.

Buning ortidan, barcha unvonlaridan mahrum etilgan va to‘rt yilgacha ringga tushishi ham ma‘n etilgandi.

Faqat 1971 yilga kelib, o‘ziga qo‘yilgan taqiq bekor qilinarkan, Muhammad Ali jahon boks olami tarixidagi eng afsonaviysi, deb tan olingan uchta uchrashuvini o‘tkazgan va yana qaytib boks qiroliga aylangandi.

Boks afsonasining janoza namozini o‘qigan imom Shokirning aytishicha esa, "Muhammad Ali o‘z e‘tiqodi va tamoyillari uchun shon-shuhrat bo‘ladimi va yoki pul, hamma narsasini qurbon qilishga tayyor inson bo‘lgan".

Muhammad Alining islomiysi doxil ikki kunlik dafn marosimi bugun o‘z poyoniga yetadi va boks afsonasi o‘zining ona shahridagi qabristonga tuproqqa qo‘yiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq