Kafe va oshxonalarda iftorlik cheklandi

O‘zbekistonda kafe va oshxonalarda iftorlik taqiqlangani e‘lon qilingan.

Masjidlarda ham bundan keyin iftorliklar o‘tkazishga ruxsat etilmaydi.

Iftorliklarni cheklash taklifi Respublika Muftiyati tomonidan berilgan.

Shayx Abdulaziz Mansurning so‘zlariga ko‘ra, taqiq islom tarixi bilan bog‘liq.

Image caption O‘zbekistonda masjidlarda ham iftorlik mumkin emas

"Iftorliklarni kafe, oshxona va masjidlarda o‘tkazmaslik -bu davlat siyosati emas. Biz bu qadamga islom tarixidan kelib chiqib qaror berdik. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) yashagan davrlarda iftorliklar faqat miskinlar, ya‘ni yeyishga hech narsasi bo‘lmagan insonlar uchun tashkil qilingan. Hozir esa kambag‘al-bechoralarga g‘amxo‘rlik namunasi bo‘lgan iftorliklar dabdabali marosimlarga aylanib ketdi. Biz bunga qarshimiz", deb aytgan shayx Abdulaziz Mansur.

Iftorliklarni uyda o‘tkazish mumkin, faqat bu yerda ham chaqiriladigan mehmonlar soni iloji boricha qisqartirilishi kerakligi ta‘kidlangan.

Makkada iftor o‘tkazilishining sababi, odamlar o‘z uylarida emaslar. Biz bu yerda iftorni oilamiz, yaqinlarimiz davrasida o‘tqazishimiz lozim, deydi shayx.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham iftorlik haqidagi yangi tartib foydalanuvchilar tomonidan muhokama qilinmoqda.

Image copyright bbc
Image caption Toshkentdagi iftorlik dasturxoni

Bi-bi-si O‘zbekning Feysbukdagi sahifasida Toshkentdagi iftorlik dasturxoni surati ostiga qator izohlar yozib qoldirilgan. (Izohlarning aksariyati tahrirsiz berilmoqda)

Jumladan, Bobur Adilov: Ro‘za tutishdan maqsad nima, ortiqcha yemoqdan tiyilib tanani yengillatish, uni zaharlardan xalos qilish emasmi?! Kuni bo‘yi ro‘za tutib, kechasi bilan shuncha narsani bira to‘la tiqib ro‘za tutishdan mantiq nima!-deb yozgan.

Dilnaz Ozbek shunday deydi: Dasturxonga gap yo‘q.. lekin ro‘za tutishdan maqsad ochlikni his ettirishdir. Chunki biza bilamizki 17-18 soatdan keyin to‘yib ovqatlanamiza. Lekin 24 soatlab och minglab insonlar bor ularning ochligini chegarasi yo‘q. Shunung uchun och-nahor, qurbi yetmagan insonlani qornini to‘yqizsa savobi behisob bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.

Abdusattor Jaloyir: Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar, deb iqtibos keltiradi.

Begzod Mirsaidovning fikricha, "Isrof deyayotganlar, uyiga 30ta mehmon kelsa 10 ta non bilan bir kosadan ovqat qilib beradimikin? Qarz olib bo‘lsa ham shu rasmdagi dasturxonga o‘xshatishga harakat qiladi. Yolg‘on degan odam o‘zi yolg‘onchi bo‘ladi, chunki o‘zbekmiz, o‘zbekchilikda mehmonni nihoyatda chiroyli qilib kutib olishlik qon qonimizga singib ketgan. Dasturxondagi tarelkalarni sanab chiqsangiz taxminan 30tacha odamga mo‘ljallangan, endi 30ta odamga bu ne‘matlar ko‘plik qilmaydi".

Mubina Xasanova esa "Hammaning xam qurbi yetmidi bunaqa dasturxon yozishga. Juda ko‘payib ketibtiku. Uzurku lekin manmanlikga kirmasmikin bu", deya savol qo‘yadi.

Uning fikrlarini Delia Yusupova quvvatlaydi: Bazan hayron qolasan, bir kosa ovqatga to‘yadigan odam nimaga ro‘zada yotib yeyishi kerak... dasturxonga kerakmi yo‘qmi hamma narsani qo‘yish hech bir ovkat yeyish madaniyatiga to‘g‘ri kelmaydi. Fikrizga qo‘shilaman- bu iftor emas balkim manmanlik..

Hafizahon Karimova: Agar juda kupayib ketgan bo‘lsa, nochor oilalar borku, o‘shalarga bersa yoki yedirsa savobliroq bo‘ladi!-deb maslahat bergan.

Yulduz Rustamova suratdagi kabi dasturxon yozishni yoqlab, "Ortgani o‘ziga qoladi nimaga faqat g‘iybat qilasila isrof, isrof deb qani o‘zingiz g‘iybat qilishni to‘xtata olasizmi? Hadeb g‘iybat qilish insonni o‘ldirishdan ham og‘ir gunoh ekan. Bu mavzu oldin ham bo‘lgan, yetar hamma o‘zi uchun javob bersin", deydi.

Tarana Manafova ham "Vot eto dastarxan, super! Alloh qabul etsin", desa,

Mubina Xasanova: Ortgani o‘ziga qoladimish. Kamroq xarajat qilib pulini tejasa boshqa kuniga shundoq ham yetadi, degan fikrni bildirgan.

Shahina Gasanova: Men tushunmayman, nega buncha negativ fikrlar, balki odamlar iftorni kafeda kutishgandir, oila kattadir. Odamlar mehrliroq bo‘ling, deb yozgan.

Iftorlik dasturxonini to‘kinligini yoqlagan Otabek Muhammedov: Nimasi isrofgarchilik? O‘zi ro‘za tutolmagan odam ro‘zadorlarni shunaqa siylashi kerakku. Nima bo‘pti?-deya hayron bo‘ladi.

Pakulin Faxrining fikricha bu- Oddiy qilib etganda o‘zbekchilik!

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring